Prof. Dr. SHUAYB QORAQOSH
MUHAMMAD SOLIH SHE’RIYATI
Tahlil
Turkiya turkchasidan o’zbek turkchasiga uyg’unlashtirgan: Pirmuhammad Holmuhammad
Hajmi 8 bosma taboq, tiraji:1000 ming nusxa
Ikkinchi nashr. Birinchi nashri (Turkiya turkchasida): Anqara – 1997, “Ajdod” nashriyoti
‘’Acun’’ nashriyoti – 2003
Jannatmakon muallimim
professor, doktor M. Qoya Bilgagilning aziz xotirasiga bag’ishlayman.
Professor, Doktor Shuayp Qoraqosh
So’zboshI
So’nggi yillarda Turkiyada Turkiya tashqarisida yashayotgan turk qavmlarining tarix va adabiyotlariga doir turli asarlar nashr etilmoqda. “Muhammad Solihning she’riyati” bu nashr zanjirining yangi halqasini tashkil etajakdir.
Muhammad Solih shoir, yozuvchi, mutafakkir va siyosatchi o’laroq O’zbekistonda g’oyat muhim shaxsiyatlardan biridir. 1970-yillarda avval shoir sifatida tanilgandi. Milliyatchilik fikrining ochiqlik qozongani 1985 yildan keyin Sovetlar ittifoqining tarqalishi bilan tugagan “qayta qurish” yillarida butun qalamkashlar kabi u ham siyosiy va ijtimoiy mavzular bilan qiziqa boshlagan va har xil gazeta jurnallarda sovet rejimini so’roqqa tutgan jasur yozuvlar yozgan. U “Birlik” nomidagi xalq harakatini qurgan, unda aktiv faoliyat ko’rsatgan va keyinchalik “ERK” partiyasini qurgan. Yozuvchi o’laroq maqolalarida chorizm va sovet idoralariga paxta, bug’doy, ipak, oltin, ko’mir, gaz, neft kabi boyliklarni berib, buning evaziga safolat, jaholat, qo’rquv, genotsid va manqurtlashma siyosatini hadya olgan Turkiston turklarining 20-asr mojorosini milliy nuqtai – nazardan baholagan. U butun Turk dunyosining irq, til, din va xotira mushtarakligidan bahs etib, Xitoy ishg’oli ostidagi Sharqiy Turkistondan tortib, Turkiyani va bugungi Rusya hududi ichidagi Shimoliy turklar sohasini ham ihtivo etgan “Turk belbog’i” haqida fikr yuritmoqdadir.
Shoir sifatida esa Muhammad Solih zamonaviy o’zbek she’rining muhim tamsilchilaridandir. She’rlarida shaxsiy tuyg’ulari bilan birga Turkiston turklarining hayotini ham butun jabhalari ila tarannum etgandir. Qo’lingizdagi “Muhammad Solihning she’rlari” kitobida 194 ta she’r bor. Bular ”Beshinchi fasl”, “Oq ko’ylaklar”, ”Quduqdagi oy”, ”Valfajr”, ”Shaffof uy”, ”Olis tabassum soyasi” va ”Orzu fuqarosi” nomli kitoblaridan saralangan (Bu she’rlar kitobning ushbu o’zbekcha tarjimasiga kiritilmadi, – Nashriyot).
Kitobda she’rlarning asli (originali) bilan turkiya turkchasidagi so’zma-soz tarjimasi yonma-yon beriladi…
Maqsadimiz Turkiya tashqarisida ham e’tibor qilishimiz lozim bo’lgan jonli turk adabiyoti mavjud ekaniga ishora etmakdir.
Va nihoyat bu mavzu ustida ishlashimga vasila bolgan suyukli ustodim professor, doktor Ahmed Begjon Erjilasun Beyga, tashviq va yordamlarini ko’rganim dotsent, doktor Ismet Jamilog’li va kitobni nashr etgan ”Ajdod” nashriyotiga, uning sohibi, og’am Ahmad Dog’an Beyga tashakkurlar etaman.
Anqara, may 1997 yil
NAZM SHAKLI
Muhammad Solih o'z she'rlarida turli xil nazm shakllarini qo'llanadi. She'rlarining yarmidan ko'pi sarbast vaznida yozilgan. "Kim uchun", "Maqtov", "Siz kabi", "Qasam ichmadim men", "Tashbehsiz she'r", "Qarshiman", "Adashganlar qo'shig'i", "Chet tilini o'rganish", "Turkiston" kabi to'rtliklarga bo'linib yozilgan she'rlar butun she'rlarning qirq foyizini tashkil etadi. Bunga "Arg'amchi", "Nur ichra", "Ko'ksimdagi beshik", “Odam”, “Quyosh”, “She’riyat”, “Rus shoiriga” kabi bitta to’rtlikdan iborat she’rlar ham kiradi. Bu tarzda yozilgan she’rlarda to’rtliklar soni (masalan, “Adashganlar qo’shig’i”dagi kabi) ba’zan o’ndan oshmoqda.
Turkchada so’zlar bor, xanjarday o’tkirdir.
Bir xato qilsang bas, til darrov tilinar.
Ayniqsa, birovga aytmoqchi bo’lsang sir,
Ayniqsa, hayqirmoq istasang, bilinar.
Turkchada so’zlar bor, o’tkirdir nayzaday.
Ammo men bilaman ishimning ko’zini:
Ertalab tilimga, dorivor maysaday,
Qo’yaman Englishning o’n-o’nbesh so’zini.
O’n-o’nbesh so’z ila tuzalgach bu yara,
Qaytadan tilimni nayzaga tashlayman.
Eng o’tkir so’zlarga men uni qo’yarak,
Eng yumshoq so’zlarni keltira boshlayman.
Men endi bilaman, eng qadim obida –
”Erk” so’zi til uchun eng xavfli kalima.
Va lekin biron so’z yumshoqlik bobida
Hech tilda teng kelmas bu turkcha ”Olum”ga.
”O’ldirib bo’lmas”, ”Bu yerda”, “Quvonch”, “Tanbeh”, “Ona bilan xayrlashuv” she’rlari esa uch misradan tashakkul etgan qit’alar holida yozilgan.
Gulni hidlash uchun
Egilgan boshi
Kesish mumkin emas hech qachon.
Merganning eng zo’ri
Qo’shiq aytayotgan insonning
koksini mo’ljalga ololmas.
Dunyo zulmatida sevgisidan
bo’sa olayotgan kimsaning
yelkasiga pichoq urib bo’lmaydi.
O’ldirib bo’lmaydi,
O’ldirib bo’lmas
sig’nib otirgan odamni, axir.
“Men bugun oy chehrasin ko’rdim”, ”Qahramonim”, ”Omadssiz odamning degani” va ”Och bir chumchuq bo’lsam” she’rlari ikkiliklar holida yozilgan.
Och bir chumchuq bo’lsam,
Qo’nmas edim sizning derazangizga.
Chumoli bo’lsam men,
Kesib o’tmas edim siz o’tgan yo’lni,
Agar daraxt bo’lsam,
Sizning bog’ingizda ko’karmas edim.
Lekin xarsang bo’lsam,
Yo’lingizda ko’ndalang yotgan bo’lardim.
Bu kitobda yana sonet shaklida yozilgan bir she’r ham o’rin olmoqdadir. Faqat hijo vaznining 9-hijoli qolipida yozilgan bu she’rning qofiya tizimi klassik sonetdan farq qiladi.
Mana, sizga yana bir shoir –
Yuzinchi yo minginchi Majnun!
Faqat Layli yolg’izdir doim
Va sevgining o’ziday – majhul.
Sen shoirsan. Turma hayqirib,
Ol, ombordan Farhod teshasin.
Tiz cho’k Shirin oldida, hayqir.
“Muhabbatga qulluk – yashasin!”
She’rlaringni qoyaga yozgin,
Yuksak, ezgin va yana ezgin.
Temir qalam – teshani ushlab,
Ul qoyada burgutlar o’lsin,
Satrlarga berib o’z ko’ksin,
O’lsin sevgi aldagan qushlar!
VAZN
Muhammad Solih o’z she’rlarini har qanday vaznga bog’liq qolmay, sarbast vaznda yozgan. Bu she’rlar orasida “O’zga elda”, “Endi sizga navbat”, “So’zlarni yratib”, “Qilichlar uyquga ketsa”, “Zinapoya”, “Qafasdagi sichqon”, “Daraxt shoir bo’lsa”, “Shafof uy”, “Dastlabki quvonch”, “It”, “Tilchining degani”, “Gapir Turkiston”, “Balki”, “Ertaga” kabi she’rlari bor. Shoir bu she’rlarida ma’lum vazn va misra tartibiga rioya qilmasa ham qofiyaga nisbatan o’z hassosiyatini yo’qotmaydi.
Roppa-rosa ming yildan buyon
Ro’za tutib og’iz ochmagan hamon
Turk sarkardasi –
Tiyonshon.
Ming yil davomida u yemagan non,
Uning nasibasi – ming yillik uvol –
Tuzga to’lib borayotgan tuzdon –
Orol.
Sarkardaning go’zal qizi o’tloqda
Oq ilonni bosib, deganida “Voy!”
Chiqqan tovush, kumushrang halqa –
Oy!
O’tloqqa shitirlab singib borayotgan,
Bebaxt Osiyodan qochayotgan mangu
Bu oq ilon, muqaddas ilon –
Amu…
Yana ”Voy” dema qiz. Yetar bitta Oy.
Og’zing ochma go’zal, etma ovoza.
Faqat otangga ayt: og’zini ochsin –
Tugadi ro’za.
Muhammad Solih she’rlarining taxminan 25 foyizi hijo vaznining ko’p qo’llaniladigan 11 bo’g’inli qolipida yozgandir. Lekin bu she’rlarning juda ozida turoqlarga rioyat qilgandir.
“Bu yerda”, “Barmoqdan so’rab olingan she’rlar”, “Qasam ichmadim men”, “Fol”, “Dehqon qo’llari”, “Tabiat muhofazasi haqida”, “Mumkin”, “Taraqqiyot va maqol”, “Adashganlar qo’shig’i”, “Badiiy yolg’on”, “Turkiston”, “Iymonning uyg’onishi” kabi tanilgan she’rlari 11 bo’g’inli qolipda yozilgan.
Bu erda iztirob notanish so’zdir,
Biror bahona yo’q ma’yuslik uchun,
Quvonch uyqu bilmas bemor bir ko’zdir
Demak hech kim bunda bag’rin tig’lamas,
Demak xat yozilmas, kutilmaydi xat,
Birdan birov o’lib, birov yig’lamas.
Demak turavberar olma qizarib
Tagiga tushmas u, qurt tushmas unga
Demak turaverar mangu qizarib.
Quvonch uyqu bilmas bemor bir ko’zdir.
She’rlarining 10 foyiziga yaqinini hijoning 9 bo’g’inli qolipida bitgan. Bu she’rlar orasida “Sevgi”, ”Payt poylab”, “Ertaga ham tuzalmasam gar”, “Arg’amchi”, “Ba’zan”, “Yovon sevgisi”, “Tug’ulgan kun”, “Mumkin emas” kabi she’rlar bor.
Ba’zan yo’qqa o’xshaydi o’lim,
Go’yo o’lmaganday o’lganlar.
Tush ko’raman, tushumda yo’lim
Tirik marhumlarga to’larlar.
Ba’zan hayot eslatar tushni,
Uzun tushga hayot o’xshaydir -
Yuz yil uxlayotgan o’tmishning
Tushlariga o’xshar bu asr.
Muhammad Solih “Tashbehsiz she’r”, “Piyoda tog’lar”, “Qarshiman” kabi ba’zi she’rlarini hijoning 9 va 11 bo’g’inli qoliplari yozgan.
Mardni nomard degan mard emas –
Hadeb aylanmangiz, keling o’rtaga.
Yengmoq uchun pisib qarash shart emas
Raqib qo’lidagi qartaga.
Men sizga qarshiman, bilsangiz.
Buni aytish mumkin hech ikkilanmay.
Mobodo, siz bog’dan kelsangiz,
Menga tog’ yoqadi, tog’dan kelaman.
Buni bilib qo’yganingiz ma’qul.
Ya’ni hayron bo’lmang mening holimga,
To’satdan tuflasam, siz topingan ul
Soxta ”paygambar”ning ol soqoliga.
Shoir yuqorida zikr etilganlardan boshqa, misralari 7, 8, 12, 13 va hatto 15 bo’g’indan iborat she’rlar ham yozgandir.
TIl va uslub
Muhammad Solihning she’rlaridagi uslub xususiyatlarini belgilaydigan narsalar haqida gapirishdan avval Turkiyada ko’nikilmagan bu xil tahlillarda ta’qib etiladigan metodning va harakat nuqtasining nimalar ekanligi to’g’risida to’xtalmog’imiz kerak.
Uslub tahlili ayni paytda tilshunoslikni ham, adabiyotshunoslikni ham, tadqiqotini ham taqazo qilgan sohadir. Tilshunoslikning sohasi jumla, adabiyotshunoslikning voz kechilmas unsuri esa – tildir. Tilning ifoda qilish imkoniyatlarida vaqtga qarab torayish va yoki kengayish paydo bo’lishi mumkin. Shu bois, tilshunoslik va adabiy tadqiqotlarning mushtarak nuqtasi – til va tilni qo’llanish shaklidir. Buning yonida san’atkorning (yozuvchining) o’z fikrini (o’quvchiga) anglatish g’oyasini ham unutmaslik kerak. San’atkor o’z o’quvchisini bilgilantirishni istashi mumkin. Yoki uni hayajonlantirish, sevintirishni istashi mumkin. Bundan tashqari san’atkorning ruhiy holini uning niyati va o’z atrofidagilarga munosabati bilan tilning ifoda imkonlari orasidagi tarjihi (tanlovi) ham belgilaydi. Shuning uchun hududlari juda keng, shartlari har xil bo’lgan bu ifoda, ya’ni, uslub hayot qarshisidagi pozitsiyaning bir tajassum shaklidir.
Muhammad Solihning she’r tili va uslubi tahlil etilarkan, uning jumla tasavvuri, tilning ifoda imkonlaridan foydalanishi, ruh holi, niyati va odamlar-la munosabati ko’z oldimizda turadi va bundan shunday manzara chiqadi:
1. Muhammad Solihning she’rlarida ko’rilgan eng muhim xususiyatlardan biri uning harakatli bir uslubga sohib ekanligidadir. Fe’llarning turli kip (zamon va shaxs bildiruvchi mayllar) va shaxslar bilan qo’llanilishi shoir uslubiga bir jonlilik, harakatchanlik qozontiradi va she’rlarni zerikarli monotonlikdan qutqaradi. Bu xususni shoirning deyarli butun she’rlarida ko’rish mumkin.
“Och bir chumchuq bo’lsam” she’ridagi fe’llarning shakli ham sodda va hamda murakkab fe’l bo’lishi chekimda ham (turlanishda ham) goh sodda goh murakkab kipli bo’lishi bu xususiyatning yorqin ko’rinishidir.
Och bir chumchuq bo’lsam,
Qo’nmas edim sizning derazangizga.
Chumoli bo’lsam men,
Kesib o’tmas edim siz o’tgan yo’lni,
Siz g’assol bo’lganda edi,
Albatta sizdan so’ng o’lardim.
Agar daraxt bo’lsam,
Sizning bog’ingizda ko’karmas edim.
Lekin xarsang bo’lsam, ulkan tosh bo’lsam,
Yo’lingizda ko’ndalang yotgan bo’lardim.
2. Muhammad Solih she’rlaridagi diqqatni jalb qiladigan ikkinchi xususiyat ifodaning nazmdan nasrga tomon tamoyil ko’rsatishidir. Shoir klassik she’r tushunchasi tashqarisiga chiqib, ma’no, misra, bayt va qit’alarda tugallanishi kerak degan bir majburiyatni his etmaydi. Ma’noni misradan misraga tashir ekan, ”anjambmana” o’rnak bo’lishi darajasida bir tadbiqot boshlaydi.
Yaproqlardan peshtoq tepada –
Afsonaviy, huvlagan saroy.
Qalqib - qalqib qo’yar shabada,
Shoxlar aro sizib oqar oy.
To’rtta daraxt, ya’ni to’rt ustun
Jonga solar shirin bir qo’rqinch –
Qaerdadir shu kimsasiz tun
Odam misol qichqirar bir qush.
3. Muhammad Solihning she’rlari mavzu nuqtai nazaridan tahlil etilsa, ularda, asosan “dard-tashvish, depressiya, andisha, iymon ila kutish” kabi mavzular qalamga olinganini ko’ramiz. Faqat rejimning bosimi qarshisida bunday tuyg’ularni ochiq bir ifoda ila to’g’ridan to’g’ri ochiq bayon etish juda qiyin. Bu holat o’sha davrda ijod qilgan boshqa shoir va yozuvchilarga ham xosdir. Muhammad Solih ham o’z tushunchalarini aytish uchun original bir ifoda tarzi, ma’joz, istiora va simvollarla to’la yangi bir she’r o’rtaga qo’yadi. Goh-goh qo’llangan xalq maqollari va matallari ham uning she’r tilini boyitgandir. Shuningdek, u aytmoqchi bo’lgan fikrini o’ziga xos uslub bilan aytishni birinchi planga chiqaradi.
Qilichlar uyquga ketganda
Ularni zang bosar.
Qilichlar uyquga ketganda
Tuqqan bolamizning hammasi jasur.
Sening mardligingga shubha qilaman,
Ishonmayman mag’rurligingga.
Chunki sen bilasan:
Agar qilich zanglagan bo’lsa.
Nafaqat egilgan,
Egilmagan boshni ham kesolmaydi u.
Bu she’rda ”qilich” kalimasi sovet tuzumini ifodalagan bir simvol o’laroq qo’llanilgan. Ma’no shunday: Sovet qilichi 1980 yillarga kelib to’la zanglagandir, eski kuchini yo’qotgan va uning qarshisida har kim jasur bo’lishi mumkin.(”Egilgan boshni qilich kesmaydi” maqoliga kinoya).
“Taraqqiyot va maqol” bilan ”Maqol” she’rlari xalq maqollariga suyanilib, xalqning ifoda tarziga uyg’un boy so’ylashlardir.
Qirimlik qardoshlarimga
Mana, taraqqiyot quyoshi balqdi –
Bizlar har narsaga qodirmiz bu kun.
Agarda istasak, butun bir xalqni
Boshqa sayyoraga ko’chirish mumkin.
Taraqqiyot yonida ojizdir maqol:
El og’ziga elak topish ham mumkin,
Agar biz istasak bugun, bemalol
Oyni etak bilan yopish ham mumkin.
Zamon senga boqmasa gar, sen ham boqma zamonga
Mayli, yaxshi oting chiqsin bir lahzada yomonga!
Boqma unga, bir kun kelib og’irlashsa ahvoling,
Isbot qilgin eskirganin zamon haqda maqolning.
Hayoti-la o’zgartirsa bir maqolni bir odam,
Bir odamning hayotiga yetib ortar o’sha ham.
Muhammad Solihning she’rlari siyosiy tuzumning tazyiqi ostida yozilgan asarlardir. Bu asarlarning deyarli hammasida bir qarashda ko’rish mumkin bo’lmagan fikriy plan mavjuddir. Keskin bir zakoning asorati bo’lgan bu ”ort plan” Muhammad Solih she’rlariga falsafiy xarakter qozondirmoqdadir. Ayni paytda ”sof san’at” andishasidan ham tug’ilgan bu xususiyati uchun Muhammad Solih (she’rlari) qiyin tushunilgan, hatto buning uchun tanqidga ma’ruz qolgan bir shoirdir. Albatta, bu tasbit uning 1985 yilga qadar yozilgan she’rlari uchun qo’llanilsa to’g’riroq bo’ladi. Chunki siyosiy tazyiqlar tobora ozayar ekan, Muhammad Solihning o’z ta’biri bilan aytganda, adabiyot yashiringan burchagidan chiqib, xalqqa qarab yurganida, she’rning ”ort plani”ni tashkil etgan fikrlar ham ochiqchasiga ”old plan”ga chiqa boshlaydi. Bu o’zgarish Muhammad Solihning uslubini ham o’z ta’siri ostiga oladi. U ortiq metaforik ifoda o’rniga ochiq so’ylovlarni keltira boshlaydi. Ortiq u o’z millatiga tuyg’u va tushunchalarini erkin bir til ifoda etishga boshlaydi.
”Dehqon qo’llari” (1985), ”O’zbek ayoliga” (1985), ”Iymonning uyg’onishi” (1985), ”Turkiston” (1985), ”Tilchining degani” (1986), ”Boshqa” (1986), ”Qarshiman” (1986), va xakozolar favqulodda ochiq ifoda etilgan she’rlar Muhammad Solihning eng mashhur asarlaridir.
MUHTAVO
1. San’atga taaluqli she’rlar
Muhammad Solihning she’r haqidagi mulohazalarini o’rtaga qo’ygan bir poetikasi yo’q, ammo ba’zi she’r va maqolalarida sochilgan fikrlarda bu bahsga doir ko’rishlarini ifoda etgandir. Bu bo’limda o’sha ko’rishlarning tasbitini o’rganishga harakat qilamiz.
Shoir 1981 yilda qalamga olgan “Soddalik jozibasi” nomli maqolasida she’rning manbai va mohiyatini shunday izoh etadi: “Har bir she’r baxtiyorlik tuyg’usidan, quvonchdan, toza bir hissiyotdan boshlanadi...” Har she’r baxtiyorlik tuyg’usidan boshlanadimi? Yo’q. Endi kutish tuyg’usi paydo bo’ldi. Muqaddas bir narsani kutish tuyg’usi. Muqaddas bir narsani kutish hissi ufura boshladi. Kutish jozibasi... She’r doim sirdosh, shoirni imlayotgan go’zal – sir tomon tashlangan qadam, ruhga sayohatdan boshlanadi. Yana adashdikmi? She’r iztirobdan ham boshlanadi-ku! Bu ham noto’g’ri. She’r hammasidan – o’sha sanalganlarning birdaniga hammasidan boshlanadi. Chin shoirning quvonchi dardi bilan, dardi quvonchi bilan yo’g’rilgandir. Uni “baxtiyorlarcha yengiltaksan” deb ayblab bo’lmaydi – uni “haddan tashqari mahzunsan”, deb qoralash ham ma’naviy adolatsizlikdir. U quvonchni bizdan yaxshiroq bilgani uchun ham shoirdir. Iztirobning teranliklarini ko’rgani uchun ham biz uni hurmat qilamiz...”
“...chunki she’r haqiqiy ma’noda bir portlash demakdir. She’r – portlash jarayonining qog’ozdagi surati. She’rdagi mantiq siz bilan bizga emas, o’sha mantiqqa bo’ysunadi.” (Qarang: “Soddadillik jozibasi”, Ko’zi tiyran dard, 1990, sahifa 59-62).
Muhammad Solihning bu ifodalarida bilxossa she’rning manbai o’laroq zikr etgani “kutish tuyg’usi” diqqatga molikdir. “Kutish” Solihning she’r dunyosining markazini tashkil etgan muhim unsur. Uning ko’pchilik she’rida ertaga (kelajakka) oid fikrlarini qalamga olarkan (“Kutaman”, “Ertaga” kabi she’rlar), shoirning haqiqatan ham kutish jozibasiga asir bo’lganini ko’ramiz. “Kutaman” she’rida Solih boshqalarning kutganidan boshqa narsalarni kutadi, ya’ni: “Kutilmagan narsalarni kutib yotaman” deydi. Odatda hech umid qilinmagan narsalarni kutishi bu “joziba”ning naqadar shiddatli ekanini ko’rsatadi.
Kutish – hayotdan kelgan mamnuniyatsizliklar sababli holdan (bugundan) istiqbolga iltijo etmakdir.
Shoir “Ertaga” nomli she’rida bu tushunchasini juda aniq shaklda o’rtaga qo’yadi:
Ertaga shubhasiz baxtli bo’lamiz
Bugun o’lmasak.
Ertaga orzuni quvib yetamiz
Bugun chopolsak.
Ertaga
Quvonch ulashamiz hammaga
Agar uni bugun topolsak.
Shoir kuylamaydi g’amgin kuylarni
Ertaga.
Hayotdan shikoyat deyarli butun shoirlarda bor. Bugungisidan yaxshiroq turmushga erishmoq orzusi butun shoirlarning mushtarak orzusidir. Lekin Sovet rejimida yashagan bir shoir bo’lishi Muhammad Solihni boshqalardan ajratib turadi. Muhammad Solih ilk she’rlarini 1970 yillarda yozib, nashr ettirgan. O’lkasi ishg’ol ostida bo’lgan bir shoirning fikriy turg’unlik zamonida, so’z erkinligi yo’q bir zamonda, senzura zamonida o’z umidlarini istiqbolga tomon tashlab, yurishda davom etishi albatta, uni bu holatda yashamagan shoirlardan ajratib turadi.
Muhammad Solih:
Jahonda xontaxta degan Kenglik bor,
Dunyoda Erk bordir she’riyat degan...
misralari bilan she’r san’ati, tuyg’u va fikrlarini ifoda etuvchi yagona vosita ekanini e’lon qiladi. To’rt tarafidan o’ralgan bir hayot ichida qolgan shoir Turkiston ismli vatan jo’g’rofiyasining bepoyonligiga qaramay, shoir yozadigan kichik xontaxtasi hududida harakat qilishga mahkum etilgandir.
Hurriyat faqat she’rning hududi ichida tanaffus etabilmakdadir. Shoir xontaxta eni va bo’yi ichidagi hurriyatni tasvirlamoqdadir. Holbuki, she’r Ollohning bir lutfidir. Shoir o’zining “Boshoqday muxtasar” ismli manzumasida she’rning orqasiga shunday tushadi:
Boshoqday muxtasar,
Don kabi kichik,
Bir she’r, bir asar,
Ollohim, ber-chi.
Ko’p emas, bitta,
To kichik qizning
Bulbulday mitti
Kaftiga sig’sin!
Muhammad Solih izlagan she’rini bu misralarida ochiq tasvirlaydi. She’r don kabi kichik, ammo boshoqday muxtasar bo’lishi, yashagan hayotining to’la aks-tasvirini o’zida tashimog’i kerak. Shoir she’rlaridagi hayot butun qirralari bilan aks etmoqdadir.
Muhammad Solih san’atkorning o’z vijdoni oldidagi ma’suliyatini qadrlaydi. Bir fikrni hammaga teng eshittirishga intilish san’atkorlik hisoblanmasligini aytadi va plakat bilan minyatura o’rtasidagi farqni tushuntiradi.
San’at to’g’risidagi fikrlarini ifodalagan bir yozuvida san’atkorning olomon irodasiga bo’ysunmasligi lozimligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, haqiqiy she’r “tushunarli bo’lishi uchun o’z cho’qqisidan pastga tushmasligi” kerak. Aksincha, o’quvchining o’zi u cho’qqiga chiqmoq uchun g’ayrat ko’rsatishi lozim, deydi shoir. Yana u “bir paytlar shoirlarning avliyolar bilan musobaqa qilgani”ni yozadi.
Muhammad Solih 1980 yilda yozgan bir she’rida shunday deydi:
Tamaki hididan tug’ulgan devor,
Mehmondan chrachagan dasturxon,
Unda olmalarning qoldig’i,
G’iybatlar qoldig’i yotibdi.
Kursida o’tirar ko’zlari botiq,
Sochlari oqarib ketgan qush.
Sayrashni unutgan,
Bizning tilimizga o’tib olgan u.
Bizning tilimizda gapirgan kuni
Sochlari oqarib qolgan qush.
Muhammad Solih bu misralarda shoirning his, xayol, fikr nuqtai nazaridan boshqa odamlardan farqli bir shaxsiyat ekanligini bildiradi. Bu she’rda shoir insonlarning tilida gaplashgan kun sochlari oqarib ketganini yozadi...
Shoir “Kasbimiz” she’rida o’z kasbi haqida yaxshi so’ylasa ham, yomon so’ylasa ham shoirning kasbi so’z so’ylamakdir deydi:
Yaxshimi, yomonmi, kasbimiz - so’zdir,
Biz aytgan so’zdan tosh erimasa ham.
Chiqib ketmasa ham ilon inidan,
Bu kasbdan tonmaymiz bari bir.
Devor paydo bo’lsa ro’paramizda
Unga ham boshlarni urmaymiz -
Ish shu bo’lgandan so’ng, gapiramiz-da,
So’zlayman devorga, qarab turmaymiz.
Shoir “Odam” nomli she’rida hayotining, nafaqat hayoti, hatto butun borlig’ining so’zdan iborat ekanini tan oladi:
Qarg’ish tegmas, tegmas menga ko’z
Chunki yo’qman – shaffofdir tanim...
Otam, onam, sevgilim ham - so’z,
Fikr, oniy fikr - vatanim!
“Shoir xalqi” nomli mansurasida esa shoirlarning bir millat ekanini so’ylaydi:
Shoirning otasi kambag’al,
Onasi kasalvand.
Shoirning xotini yo’q, bolalari ko’p.
Shoirning hayoti Mashriqda ham, Mag’ribda ham bir xil.
Shoir xalqi – dunyoning to’rt tarafiga sochilib ketgan millat!
Muhammad Solih, ba’zi istisnolardan tashqari, she’rlarini 1985 yildan avval yozgandir. Sovetlar Ittifoqida 1960 yillarda bu tarixga qadar davom etgan turg’unlik yillarida asar yozmoq juda ham oson ish bo’lmagan. Xrushchev davrida nisbatan erkinroq yozgan san’atkorlar bilxossa 1970-yillarda siyosiy va ijtimoiy tazyiqlarga ma’ruz qolganidan sovet mafkurasi ta’qiqlagan milliy tushunchalarni ifodalash uchun yangi ifoda usullarini qo’llaganlar. Ayniqsa, she’rda o’zini ko’rsatgan bu yangilik o’quvchi tarafidan qiyin tushunilgan yopiq bir shakl sifatida o’rtaga chiqdi. Muhammad Solih bu xususda “bunga biz u payt she’rda metaforizm ismini berdik... Albatta, bu yangi she’rni anglaybilmak uchun o’quvchidan ham ma’lum tayyorgarlik talab qilinar edi. Bundan andishalangan tanqid, bir ora shov-shuv ham ko’tardi. Lekin, kutilganidek qiyinchilik chiqmadi, o’quvchi bu she’riyatni qabul qilish uchun tayyorligini hayallamay ko’rsatdi. Yangi she’riyat tezda ommaviylashdi.”
Ma’joz va istioralarga o’ralgan metaforik asarlar sof san’at andishasi bilangina emas, balki, ko’proq siyosiy tazyiqlar sababli tug’ulgandir. O’zbekistonda Abdulla Orifov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Miraziz A’zam, Cho’lpon Ergash kabi shoirlar bilan 1970 yillarida Muhammad Solih ham shunday asarlar ijod etdi. Bu asarlarda ko’zda tutilgan g’oyani bir qarashda ilg’ab olish oson ish emas. “Kechikkan bahor”, “Qilichlar uyquga ketganda”, “Daraxt shoir bo’lsa”, “Fol”, “Kechikkanlar”, “Bu yerda” va “Quvonch” kabi she’rlar Muhammad Solihning o’sha tarzda yozgan asarlaridir.
Masalan, 1975 yilda yozgan “Kechikkan bahor” she’rida shunday misralar bor:
Hech kim she’r yozmaydi bugun,
Novdaning bo’g’zida qoldi kurtaklar.
Yuraklar – ko’krakda vaznsiz tugun,
Bulut ko’r quyoshni yurar yetaklab.
Daraxtlar bir-biriga tikilgan,
Hayron bir-birining holiga,
Guyo mehmonlarday uzoqdan kelgan
Va hech kim chiqmagan istiqboliga!..
Shoir - she’r, novda – yaproq
Turna qanotini yozmaydi nega?
Nahot xayrlashib qish bilan endi
Biror bir fasl yoq ”salom” deyishga?..
Yetar,bas, kutmaymiz endi o’rtoqlar,
Shoir she’ringni yoz, yozil ey tugun!
Novdaning bog’zidan chqing kurtaklar,
Bugungi sozingiz aytingiz bugun!
Bizga fasl kerak, farqi yoq bizga
Hattoki beshinchi fasl bo’lsa ham!
Tabiatdagi butun borliqlarni muzlatgan ayozning ta’rif etilganday go’yo. Holbuki, shoir 1970-yillarning turg’unligini, zerikarligini, tuzumning odamlar hayotidagi zalvorini tasvirlamaktadir. U yangi bir hayotni bir ishtiyoq bilan kutayotganini bildirmaktadir.
1985 yilda yozilgan “Fol” she’riga kelaylik:
Ming yarim yil beri Shoh Iskandardan,
Ko’k xyn Attillodan o’n asr yiroq
O’n uch asr keyin Yuliy Qaysardan,
Mahmud G’aznaviydan uch yuz yil beroq,
Ammo Bonapartdan to’rt yuz yil nari
Yana ham nariroq Oriy Buqadan ...
Inqilobdan olti asr ilgari
Demak olti yuz yil bizdan muqaddam,
Chunki u Boburga yaqin juda ham,
Ehtimol, yetmish yil, yetmish ham chiqmas
Ulug’bekka esa juda ham yaqin,
Saroy bo’sag’asin hatlab o’tsang bas!
Bu erda shoir bir-biri bilan hech aloqasi bo’lmagan tarixiy shaxslar va voqealarni zikr etib, o’quvchi diqqatini boshqa (she’rda tilga olishmagan) bir shaxsga tortmoq istaydi. Lekin uning ismini topishni o’quvchiga havola qiladi. Chunki 1985 yilda Amir Temur haqida ochiq so’ylamak uncha ham mumkin emasdi.
Ilk boqishda hatto mazmunsiz ko’ringan, aslida siyosiy va ijtimoiy ma’no tashigan bu tarz asarlarga o’zbeklar “falsafiy she’r” nomini berishadi. Muhammad Solihning she’rlari shu guruhga kiradi. Uning 1988 yilda yozgan “Havfli maydon” nomli maqolasida shoir va yozuvchilarning 1970 yillarda qanday sharoitda ijod qilganini shunday izoh etadi:
“O’zbek yozuvchilari o’z so’zlariga qat-qat libos kiydirdi. Keyingi o’n yilda so’z tegrasida qurilgan bu inshoat shu qadar qalinlashdiki, uning (she’rning) ovozi eshitilmay qoldi. Biz shunday himoyalandikki, hatto kimdan himoyalanayotganimizni unutdik. “Ziyrak kishilar”dan xavfsirab, o’zimiz ham ziyrak bo’lib qoldik. Har bir so’zimizni haqiqat emas, ehtiyotkorlik tarozusida o’lchadik.
- Shunga extiyoj bormidi?
- Ha, bor edi. Chiroyli shiorlarni qalqon qilib, hujumga tashlanuvchi odamlar bor edi. Bir samimiy jumla aytsang, sen g’oyasizga aylanib qolishig hech gap emasdi. Beg’ubor kulgu esa “tahqirlash” deb tushunilardi.
Shu sababli avval yozuvchilar nima gapirishni bilishardi. Ya’ni nima mumkin, nima mumkin emasligini bilishardi”.
Muhammad Solih Sovet ideologiyasiga hizmat qilgan she’rlar yozmadi. Aksincha yozishga rozi bo’lgan shoirlarni “Ijodiy yo’l”, “Zinapoya”, “Qafasdagi sichqon” nomli she’rlarda mazax qiladi. “Yolg’on so’ylasang, tilinga chipqon chiqsin” degan o’zbekcha iborani asos qilib yozgan “Ijodiy yo’l” she’rida rejimga xizmat bo’lsin deya yolg’on so’ylagan shoirlarning Olloh tarafldan jazolanajagini so’ylaydi. “Zinapoya” she’rida esa bunday shoirlarning ijod jaroyonini tasvirlaydi: shoir zehnida bir o’tkir fikr paydo bo’lib, avval “To’qnashuv” degan so’zni yozadi. Lekin bu kuchli so’zning hosil qilish mumkin bo’lgan tahlikadan qo’qib, uni yumshatib, “Yuzma-yuz” deya o’zgartiradi.. Sal keyinroq bundan ham voz kechib “Uchrashuv” deb yozadi. Nihoyat “Visol” so’zini tanlaydi. Shunday qilib, shoir xuddi zinapoyadan tushub kelgan kabi “Visol”gacha tushadi, tushgan sari uning shiddati ozayib boradi:
Chaqmoqday “yalt” etdi yangi bir fikr,
Shiddat tikan gulday barq urdi.
O’rnidan turdi,
Yorishdi nim qorong’u tafakkur.
”TO’QNASHUV” deb yozdi qog’ozga!
O’ylash mumkin emas edi,
Afsus o’ylandi –
Ustidan chizildi “TO’QNASHUV”,
Yoniga yozildi “YUZMA-YUZ”.
O’ylash o’lim bilan baravar edi,
Lekin u qorqmadi, “YUZMA-YUZ”ning ham
“UCHRASHUV”, deb qo’ydi yoniga.
Endi o’ylash o’lim degan gap emas.
Endi u mutlaqo xotirjam –
Bir-bir bosib, xiromon yurib,
“UCHRASHUV” “VISOL”ning yoniga keldi.
Shoirning u yuksaklikdan inishining sababi - qo’rquvdir. Muhammad Solih ba’zi shoirlarning (ijodi) boshida mard she’rlar yozib, keyin qo’rqanidan yumshoq she’rlarga o’tganini bildirmoqdadir.
“Qafasdagi sichqon” she’ri ham avval milliy she’rlari bilan tanilgan, keyin tahdid qarshisida bechora ahvolga tushganligini tasvirlanadi. Ular avvallari milliy she’rlari bilan millatni uyg’otardilar, endi esa mushukdan qorqan sichqonga aylanganlar:
Qafasdagi mana shu sichqon.
Bir paytlar bulbul edi.
Bir paytlar pirillab uchar edi u,
Hozir - o’rmalar.
Ilgari ovchidan qo’rqardi sho’rlik,
Endi - mushukdan.
Bizni uyg’otardi bir paytlar
Tong chog’i chah-chahlab,
Mana shu sichqon.
2. TIlga aloqadar she’rlar
“Madaniyat” kalimasining timsoli holiga kelgan til bilan bog’liq she’rlar yozmoq shoirlar uchun ahamiyatini hech qachon yoqotmagandir. Til har narsadan avval shoirning yagona vositasi va uning mavjudligi sababidir. Til begona idoralar ostida yashashga majbur millatlar uchun esa hayot manbai bo’lgan. Chorizm va Sovet davrida yashagan turk qavmlari uchun til va din ruslashtirish siyosatiga qarshi mujodalada ilhom qaynog’i (manbai) edi.
Din farqli inonchni, e’tiqodni ifoda etsa, til farqli milliy mansubiyatni tamsil etmakdadir. Dinimiz bizni ba’zi millat va qavmlardan ajratib tursa, tilimiz butun millat va qavmlardan ajratib turgan yagona xususiyatmizdir. Shoir va yozuvchilarning tilga muhabbat darajasida bog’lanishi sababi shubhasizki o’z millatlarini ifoda etish orzusidir. Shu boisdan tilning milliy hayotimizdagi ahamiyati chuqur idrok etgan shoir va yozuvchilar millatining bayroqlari sanaladilar. Ozarbayjonli shoir Baxtiyor Vohobzoda umri begona idora hokimiyati octida o’tgan bir shoir o’laroq tilni millatini ifoda qilgan yagona vosita o’laroq ko’radi.
O’zbek shoir va yozuvchisi Muhammad Solih ham tilni Baxtiyor Vohobzodaga o’xshab milliy hayotning eng muhim sharti sifatida ta’riflaydi:
“Til tabiatdir, til shaxsiyatdir, til tomirimizda oqqan qondir. Men tilga, ona tilimizga ishonaman. Tilning tabiiy qudrati bizni o’ziga rom etajak va G’arbga yoki Shimolga taqliddan qutqarajakdir”
“Ozodlik demak o’z tiliga ega bo’lish ozodligi, o’z madaniyatiga, o’z an’analariga sohib chiqish ozodligidir.”
Mana shu “tabiiy qudrat” soyasida Sovetlar Ittifoqining tarqalganidan so’ng turli tillarda gaplashgan turli qavmlar - bir necha asr ruslashtirish siyosatiga tobe bo’lganlariga qaramay - millat bo’lish shuuri bilan go’yo yangidan tug’ildilar.
Muhammad Solih turli bosqichlarda qalamga olgan maqolalarida til xususida ham gapiradi. U bir shoir va yozuvchi sifatida o’z tilining mensimasligidan qattiq iztirob chekadi va bunga shiddatli bir shaklda qarshilik ko’rsatadi. U nufuzining 87 foyizi o’zbekcha gaplashgan O’zbekistonda rus tilining rasmiy til bo’lishini alam bilan qarshilaydi.
1994 yilda yozgan boshqa bir maqolasida ham rus tilining Sovet Imperiyasida yashagan halqlar zehniga kiydirilgan bir kishan bo’lganligini yozadi.
Muhammad Solih shuurli bir turkchachidir. U o’zi qo’llangan tilga - ruslarning turk qavmlarini bo’lib - parchalashga mo’ljallagan siyosatiga qaramay- “o’zbekcha” demaydi, balki “turkiy til” deydi. Rus tili zo’rovonligini “manqurtlashtirma ”o’laroq baholagan Solih o’zbek turkchasi bilan turkiya turkchasi orasida faqat “talaffuz va yangi uydirilgan so’z va iboralar farqi bor xolos ”, deydi.
Muhammad Solih turkchaning ifoda qudratiga inongan bir shoir. U “Turkiy tilda so’zlamak” ismli mansur she’rida turkchaning har turli tuyg’u va tushunchani ifoda etmak kuchiga ishonchini so’ylaydi. Shoirga ko’ra, turkca gapirishga qulay, ayni paytda qiyin bir tildir. Sevgini ham, nafratni ham eng go’zal va eng shiddatli shaklda tasvirlaydigan yagona tildir.
TurkIy tIlda so’zlamoq ...
Turkiy tilda so’zlamoq oson,
Turkiy tilda so’zlamoq naqadar qiyin.
Naqadar lazzatli bu tilda so’zlamoq, naqadar achchiq.
Agar kayfing chog’ bo’lsa, ertalab o’ng yonboshdan turgan
bo’lsang, o’tgan kundan pushaymoning bo’lmasa – sobit
ishonch bo’lsa kelajakka – turkiyda gapir.
Kimnidir sevsang, ko’ksingga sig’masa muhabbat –
Turkiyda gapir.
Kimnidir yomon ko’rsang, bo’g’zingga tiqilsa nafrat –
Turkiyda gapir.
(1982)
Shoir boshqa bir she’rida turkchada yumshoq so’zlar ham, keskin so’zlar ham yonma- yon mavjud ekanligini yozadi. Ba’zi so’zlar xanjar kabi keskindirki, yanglish qo’llansang, u tilingni darrov tilim-tilim kesadi. Shoir talaffuz etilarkan falokatga sabab bo’lishi mumkin bo’lgan so’zlardan “Erk” so’zini o’rnak sifatida ko’rsatadi. “Erk” qisqa bo’lganidan talaffuzda ehg keskin kalimadir. Lekin u o’zi ifoda etgan siyosiy va ijtimoiy ma’no tarafdan yanada keskinroq mohiyat qozonadi. Bu so’zni erkin talaffuz etmakning so’nggi o’limga qadar borishi mumkin.
Bunga muqobil shoir “o’lim” so’zini boshqa hech bir tilda uchramagan yumshoqlikdagi bir so’z, deya e’lon qiladi. Shoir “yumshoq” so’ziga “oson” ma’nosini yuklamakdadir. Ya’ni “Erk”dan voz kecholmagan inson Sovet idorasida “oson”gina o’limga duch kelishi mumkunligiga imo etmakdadir. Aslida, so’zlarni bu xususiyatga soxib qilgan siyosiy tuzumdir. She’r sovet idorasi ostidagi turklarning qanday sharoitda yashaganlarining bir oynasi sifatida ham ahamiyatlidir:
Turkchada so’zlar bor xanjarday o’tkirdir,
Bir xato qilsang bas, til darrov tilinar.
Ayniqsa, birovga aytmoqchi bo’lsang sir,
Ayniqsa, hayqirmoq istasang, bilinar.
Turkchada sozlar bor, o’tkirdir nayzaday.
Ammo men bilaman ishimning ko’zini:
Ertalab tilimga, dorivor maysaday,
Qo’yaman “English”ning o’n-o’n besh so’zini.
O’n-o’n besh so’z ila tuzalgach bu yara,
Qaytadan tilimni nayzaga tashlayman.
Eng o’tkir so’zlarga men uni qo’yarak,
Eng yumshoq so’zlarni keltira boshlayman.
Men endi bilaman, eng qadim obida -
“Erk” so’zi til uchun eng xavfli kalima,
Va lekin biror so’z yumshoqlik bobida
Hech tilda teng kelmas bu turkcha ”Olum”ga.
(1985)
Shoir “O’zga tilda” nomli she’rida o’z hayotining bir nechta kalima hududlarida jarayon etganini yozadi. O’z tilida gaplasha olmaslik iztirobini tuyadi:
O’zga tilda beraman men o’z salomimni,
O’zga tilda nonushtaga qilishar taklif.
Bu shaharning ko’chasida ko’r misol meni
O’zga tilning uch-to’rt so’zi yurar etaklab.
O’sha tilda ko’rsatarlar menga yulduzni,
O’sha tilda uyg’oturlar meni saharda,
O’z tilimni emas,
O’sha uch-to’rtta so’zni
Unutmoqdan qo’rqaman bu ulkan shaharda.
Vatan bo’lsa - mening tushim,
Vatan – tushumdir,
O’z tilimda gapiraman faqat tushumda.
(1977)
3. Sevgi haqida she’rlar
Muhammad Solihning qo’lingizdagi kitobga kiritilgan she’rlarda sevgi mavzusidagi asarlar ham bor. Bu she’rlarning muhotobi, albatta, muhayyol bir sevgili emas, Solihning rafiqasi Oydinxonimdir.
Shoir sevgini hayotning ma’nosini va inson zotining borlik sababi sifatida ko’radi. “Bir odam sevsa, bas” nomli to’rt misradan iborat she’rida insoniyatning yashamak haqqi faqat sevmak qobiliyati bilan shartlanadi. Hatto bittagina odamning sevishini (oshiq bo’lishi) butun bashariyatning oqlanishi va yashashga haq qozonishi uchun etar.
Bir odam kimnidir sevarkan toki,
Bir odam sevsa bas, bitta odamzod.
Butun bashariyat yashashga haqli,
O’zini oqlaydi yerdagi hayot.
Solih odamlarning sevgi muhabbatni qanday qilib bo’lsa-da muhafaza etishlarini istaydi. Uning o’zi ham
Bayroqni yashirgan jangchi misoli,
Orzuni o’mganga bog’lab olgan
lardan biridir. Hayotga hokim bo’lgan harakatsizlikka va o’lim sassizligiga qaramay, u:
Qorga ko’mildi-ku yer allaqachon,
Men-chi, hamon sevaman seni!
deya bilmakdadir.
Shoir “Tong otmas” she’rida o’zini sevgilisiga qovushmoq uchun urush qilgan bir askar sifatida ko’radi. Hatto urush ham uning o’zi ekanini yozadi:
Mening o’zlim askar, o’zim urushman,
Muhabbatning shundoq ko’zi oldida!
Ayni she’rda sevgilisiga tuyg’ularini ifoda etmak uchun eshikni timdalab turgan
It kabi ko’zlarim bilan so’ylayman
deydi. Laylo va Majnun bilan Farhod va Shirin afsonalariga murojat qilib, bir sonet yozadi va o’zini “yuzinchi” yoki “mingginchi Majnun” ekanini so’ylaydi. Bunga muqobil Layli esa “sevgining o’ziday majhul” dir. Lekin shoir “ombordan Farhod teshasini” olib, Shirin oldiga tiz cho’karkan “Muhabbatga qullik yashasin” deya hayqiradi. Shoir ishq she’rlarini Farhod teshasi bilan - temir qalam bilan qoyalarga yozmoqchi. Bu yo’lda har narsasini qurbon qilgan shoir:
Ul qoyada burgutlar o’lsin,
Satrlarga berib o’z ko’ksin,
O’lsin sevgi aldagan qushilar.
deya xitob qiladi.
Shoir “So’z izlayman” she’rida sevgilisini tasvirlashga qadar so’z axtaradi. U sevgilisiga:
Jonim, jonginam,
Sevgilim, mehribonim, jigarim
Jigargo’shaginam.
Yana qaysi so’zlar qoldi, ko’rsating menga!
Yolg’zim, yagonam,
Qorachiqqinam.
So’zlari bilan xitob qilgandan keyin:
Yana nimalar bor bisotingizda?
deb so’raydi. U bittagina chechak olish uchun butun tuvaklarni ag’dar-to’ntar qilgan xudbin chol kabi sevgilisiga munosib so’z axtaradi. Rafiqasining ismi bilan nomlangan “Oydinga” she’rida ham turli sifatlar yordamida sevgisini tilga keltiradi. Buni qilarkan, tazodlar paydo qilgan ma’no keskinligidan ham foydalanadi:
Oriqqinam mening, go’zal ninachim,
Urushqonim mening, ahilim mening,
Tovushqonim mening, tezkor ginachim
Kamalak singari har xilim mening.
Sen mening oyimsan, mening mo’jizam,
Oy kabi hech qachon tutilmaganim,
Sen yolg’iz kuchlimsan, mening ojizam,
Daf’atananim mening, kutilmaganim.
Tilimga hech qachon chiqmaydi chipqon
Sen haqda gapirsam, mening mo’jizam,
Sen uchun yashasam - uzoq yashayman,
Mening kerakkinam, mening bejizam.
Masrur majnuntolim, mungli to’rong’il,
Oydinginam mening, yarim qorong’im.
“Ertaga ham tuzalmasam gar” she’rida sevgan, ammo sevgisini tan olishdan uyalgan, mag’rur bir odam tasvirlanadi.. “Ularga ayt, sevgilim” she’rida:
Ayt ularga,
Tushuntir, sevgilim,
Biz qanday sevgan edik
bir- birimizni
qanday sevgan edik
gullari uzilgan bo’m-bo’sh olamda
misralarda har narsani buzulgan, butun go’zalliklari yo’qolgan bir dunyoda ham sevish mumkin ekanligini yozadi.
Bu bahsga doxil etilgan “Sen ketgandan so’ng” va “Sen ketganda” she’rlarida sevgilidan ayri yashamoqning iztirobi tarannum etiladi.
4. Yolg’izlik haqida she’rlar
Muhammad Solihning she’rlarida juda ko’p uchraydigan mavzulardan biri yolg’izlik mavzusidir. Bu hodisani she’rning 70-yillarda va 80- yillar boshida yozgan asarlarida ko’p ko’ramiz. Sovet Ittifoqining ham mafkuraviy ham iqtisodiy jabhada botqoqqa botgan bu davr 1985 yilda boshlangan “qayta qurish”ni tug’ishi va besh yil keyin sovet imperiyasining yiqilishini ta’minlashi kerak edi.
Shoir bu davrning “qilichlarning uyqusi” o’laroq baholaydi. Shunga qaramay senzura tazyiqi davom etmoqda edi.
Muhammad Solih bu davrda ishsiz edi. Jurnalistik ta’limi olgan bo’lsa-da, biror gazetada ish topolmaydi. Yo’qsillik sababli oilasi buziladi, xotini bilan ajrashadi. Ammo shoir zehnini insonning nimaga dunyoga kelgani muommasi mashg’ul etadi. Odamlarga bu dunyo jannatini arg’umon etishga so’z bergan ateizm va’da qilingan huzurni berolmadi. Muhammad Solih ham Sovet davrida dinidan uzoqlashtirilganlar qatorida “yagona istinogoh”ni, ya’ni Ollohni izlaydi. She’r uning uchun Ollohni topish vositasidir. Solih uchun “inson sevgisi, san’at sevgisi, hatto millat va vatan sevgisi ham o’sha istinotgoh, o’sha huzur va sukun manbai bo’lolmaydi:
Bir ojiz jonzod bor tepe yo pastda
Bir zaif mavjudot bordir muqarrar.
Yoqsa men o’zimni kuchli sezmasdim,
Qalb o’ziga ishonmas edi bu qadar.
Bir kuch bordir tepada shaksiz,
Yo pastda bir ulug’ qudrat bor, demak,
Yoqsa na o’zimni sezaman ojiz,
Yoqsa nega buncha titraydi yurak?!
Zamonning mafkuraviy va iqtisodiy safolati, ishizlik va nihoyat diniy mushohadalar Muhammad Solihda teran bir yolg’izlik hissi uyg’otadi, ishsizlik va oiladagi tashvishlar shoirning xususiy muammolaridir. Lekin yolg’izlik va chorasizlik butun jamiyatning problemasidir.
Muhammad Solih 1974 yilda yozilgan “Ko’ksimdagi bosh” nomli bir qit’adan iborat she’rida yoppa-yolg’izlikni tasvirlaydi. Bu mudhish yolg’izlik tuyg’usi ichida o’zining yagona do’sti sifatida bilgan yuragini “silashni” orzu qiladi.
Men seni, yuragim, silagim kelar,
Esiz, qolib ketar menda bu haqing...
Ko’ksimga sen kabi birorta dilbar
Boshini qo’ymagan shunchslar yaqin…
(“Orzu fuqarosi”, sayfa 21.)
1981 yilda yozilgan “Arg’amchi” she’rida esa shamol uvillashi hokim bolgan bir makonda yolg’izlikni arg’amchida uchayotgan bir jonzod sifatida tasavvur qiladi:
Qadam tovushlari aldamchi,
Shamol uvlar, daraxt g’ijirlar,
Borib- kelar bo’m-bo’sh arg’amchi,
O’tiribdi unda yolg’izlik.
Shoir “Qishgi novda” she’rida yolg’izlik tuyg’usini kuzda har narsasini yo’qotgan, yaproqsiz, qip-yalong’och qolgan bir novdaga qiyos qiladi. Bu novdani “yolg’iz “ kalimasidan ham yetim, “och” kalimasidan ham ozg’inroq ko’radi.
Yaproqsiz.
Yalong’och.
Achchiq.
Yana nima kerak ifodalashchun
Bu novdaning yolg’izligini,
Yana nima kerak senga?
Bu novdaning yo’qotganlarini
Yo’qotib ko’rdingmi sen o’zing?
Ammo sen o’jarlarcha
So’zni archiysan,
Novdani archiysan beomon.
Nihoyat mana ul,
“Yolg’iz” so’zidan ham yetimroq,
“Och” so’zidan ham ozg’inroq
Xivich u -
shivillab turibdi daraxtda!
Muhammad Solih yolg’izlik tuyg’usini tarannum etgani “She’r” nomli manzumasida she’rni sovuq kechaga qiyoslaydi. Misralar yaproqlarini to’kkan dol kabidir:
Sovuq kecha kabi endi she’r.
Yaproqlarin to’kdi satrlar.
Yo’q, hech kimdan xafa emasman,
Faqat sovuq kecha kabi she’r.
Yo’q, kimdan ham xafa bo’lardim,
Faqat she’r...
Faqat har bir so’z yoqasini ko’tarib olib,
Begona odamday o’tib bormoqda.
(1981, “Olis tabassum soyasi”, 138-sahifa)
Yolg’izlik “Qabr toshdagi yozuv” she’rida esa o’lim sifatida mutolaa qilinmoqdadir:
...Aslo menga o’xshab,
Yaqin odamingni yo’qatmagin sen.
Keyin menga o’xshab xatlar kutma,
Baribir xat kelmas senga,
Xuddi menga kelmaganiday.
Keyin menga o’xshab
O’zingni qo’yarga joy topmay,
Qoymagin, qo’ymagil o’zingni,
Men o’zimni qo’ygan bu joyga!
Shoir “Endi sizga navbat” she’rida devorlar bilan gaplashadi, yagona do’sti deb bilgan devorlarga qalbini ochib, dardini so’ylaydi:
...Endi sizga navbat,
Sizlar ham nenidir hikoya qiling,
Dilingizni oching,
Ko’ksimga bosh urib, sizlar ham yig’lang.
Shoir yolg’izlik burchagida endi devorlarning dardini tinglashga hozir:
Biling, qattiq erur inson sizdan ham,
Inson qattiq erur toshdan ham,
Devorning dardidan yorilmas inson.
misralarida devorga, toshga nisbatan ham qattiqroq ekanligini bildiradi. Bu misralarda sovet insonining bag’ritoshligi, uni yetishtirgan rejim kinoya qilinadi.
Muhammad Solih yolg’izlik tuyg’usini eng kuchli shaklda “Yolg’izlik” she’rida ifodalagan. She’r qahromoni o’zini “Hasani o’lgan bir Husan kabi” his etadi. Boshqa tarafdan yolg’izlikni toq va mislsiz, tengi bo’lmagan kabi ma’nolari borligini o’ylasak, bu she’rda shoir o’zining boshqalarga o’xshamaganidan xafa bo’layotgani yoq, balki o’z nafsi muhofazasi nuqtai-nazaridan bu yolg’izlikdan mamnun ko’ringanday tuyuladi.
5. TabIat haqIda she’rlar
Muhammad Solih she’rlaridan tabiat keng miqyosda o’rin olgan. Bu she’rlarining bir qismi tabiatga bevosita tahsis etilsada, ikkinchi qismida she’rda tabiat unsurlaridan istifoda qilinadi. Boshqa bir so’z bilan aytganda, tabiat shoirning ruhiy holatini anglatish uchun yordamchi unsur mavqeidadir. She’rlarining deyarli hammasida tabiat tashhis etilgandir. Hatto ba’zi she’rlarda intoqga (gaplashish qobiliyatiga ega bo’lmagan mavjudotlarni gapirtirish janri) ham o’rin berilganini ko’ramiz.
Muhammad Solih mavsumlar haqida yozgan she’rlarida ba’zi bo’rtgan tashbehlari bilan mavjud siyosiy ijtimoiy hayot o’rtasida o’xshashliklarni ko’rish mumkin. Shoir ko’proq qish haqida yozadi va tabiatning bu mavsumidagi yalong’ochlik, yolg’izlik va chorasizlik bilan o’zi orasida munosabat quradi. Bahorni hayojon bilan kutgan she’rlaridan biriga “Kechikkan bahor” ismini beradi.
Metaforik xususiyatga ega bo’lgan bu she’rda Sovet imperiyasining 1970 yillardagi turg’unlik holati tasvirlanadi go’yo:
Hech kim she’r yozmaydi bugun,
Novdaning bo’g’zida qoldi kurtaklar,
Yuraklar - ko’krakda vaznsiz tugun,
Bulut ko’r quyoshni yurar yetaklab...
Yuqoridagi misralarda qish mavsumining hayot manbai bolishdan ojiz “ko’r quyosh” bizningcha, sotsialistik mafkurani tamsil etmoqdadir. Davrning ideologiyasi - leninnizm inqirozga yuz tutib, yo’lboshchilik xususiyatini yo’qotgan, shunga qaramay, idora qish quyoshini yetaklagan bulut kabi o’jarlarcha eski g’oyasini sudramoqdadir. Shoir “hech kim she’r yozmagan bir davr” haqida gapiradi. Yangi nasl vakili - kurtaklar novdalarning bo’g’ziga tiqilib, tug’ilajak kunni kutmoqdalar. Xalqni ifodalagan daraxtlar esa bir-birining holini hayrat ichida kuzatmoqdalar. She’rning uchunchi qit’asida shoir vaqti kelganiga qaramay zamon o’zgarmayotganinidan, savollar beradi:
Sahor - she’r
Novda - yaproq,
Turna qanotini yozmaydi nega?
Nahot, “xayr”lashib qish bilan endi
Biron bir fasl yoq “salom” deyishga?
Shoir “Qish manzarasi” nomli she’rida faqat tabiatga oid unsurlarga o’rin beradi.
...Xanjarga oxshaydi daraxt shoxlari.
Itlarning hurishi - so’nik qo’rg’oshin,
Qarg’aning bo’g’zida po’lat qichqiriq.
Qishda qattiqlikning mohiyatini ifodalagan tashbehlar yumshoqlikni bo’rtirish uchundir. Yumshoq bittagina mo’ridan chiqayotgan tutundir:
Bir tutun o’rlaydi, hech kimning
tushiga kirmagan momiqlik o’rlar!
Qarga sovqotgan bolasini
Yo’rgaklasa bo’ladigan tutun...
“Sovuq kun” she’rida esa shoir qish mavsumining bir kunini qanoti kesik bir qushga qiyos etadi. Hatto ko’z yoshini muzga aylantirib yuborayotgan bu kunda birovni sevish ham mumkin emasligini aytadi.
Shoir ozining “Qahraton” nomli she’rida qattiq sovuqdan har bir daraxt xuddu farzandi xiyonat qilgan bir ona kabi tosh qotib qolgandir. Yana:
Har lahzada bir abadiyat –
Cho’ng fojia yuz berganiday,
Sukut ichra turar tabiat
Bir dahshatli qasam ichganday.
Misralarida hayot go’yot to’xtab qolganday, sukunat esa xuddi ichilgan daxshatli qasam kabi tasvirlanadi.
“Manzara” she’rida qorning yog’ishi taraddud ichida bolgan bir odamning harakatiga o’xshatiladi. Qor go’yo oz hayollariga asir bo’lib yog’ishini ham yog’masligini ham bilmay turgan odam. Bir qarasang yog’ib, bir qarasang tinadi. Nihoyat, qorbobo shakliga kirib, biroz o’tiradi...
“Chilla chiqqanidan song” she’rida shoir mavsumning o’zgarishini tasvirlaydi:
Qor-ku go’zal edi erib ketdi-da,
Osmon o’rib oldi o’z ekkanini.
Bu fasl tong chog’i, soat ettida,
Unutdi o’zining qish ekanini.
Muhammad Solih “Jimjiloq” she’rida bahordan so’z ochadi.
Bahorning qo’li yoq,
Jimjilog’i bor.
O’sha jimjilog’i bilan u
Shirin tegib qo’ydi quyoshga -
.........
Sal-pal nuqib ko’rdi, Sal turtib qo’ydi
Bo’rtgan joylariga novdaning.
Bahorning jimjilog’i bilan qilingan bu yengil harakatlar butun tabiatni qish uyqusidan uyg’otmoq uchun yetarlidir. Bahorning bu (hafif, yengil) harakati faqat tabiatga emas, insonlarga ham ta’sir etadi, ularni ham jonlantiradi. Shoir bu xususda she’r so’ngida bahor “chiqib kelayotgan hammaga nazokatla yol berdi xolos” deydi.
Muhammad Solih sukunatni tasvirlagan “Avgust” she’rida:
Tunda shivirlab ko’r,
Oyga eshtiladi shiviring.
Jim qadam bosasan,
Yulduzlar to’kilib ketmasin deya...
Shoirning ma’joziy bo’lmagan to’g’ridan-to’g’ri tabiat tasvirlangan she’rlari ham bor. “So’qmoq” nomli she’rda so’qmoqning egri-bugriligini uning ikki chetidagi o’tkir chimning uni qittiqlaganidan qochishi sababli paydo bo’lgani tasvirlanadi.
“Tabiat kabi” she’rida insonga xos xususiyatlari tabiat mo’jizalarida aks ettiriladi.
Sir saqlay olmaydi hech kim tosh kabi,
Yomg’irday aytolmas hech kim sirini.
Birorta erinchoq nozanin kuzgi
Shabadaday bilmas mayin erinib.
Barcha kechikkanlar mayli bir bo’lsin,
Kuz kabi yoqimli kelmas kechikib,
Qancha jilmaysa ham o’limdan oldin
Yoz kabi chiroyli o’lolmas hech kim!
Shoir “Tun tashbehlari” she’rida narsalarning qorong’ilikda yangi bir mazmunga burkanganini ko’radi. Tog’ kecha qorong’iligida langar tashlagan haybatli kema bo’lib ko’rinadi. Qoyalar xuddu ko’ylak almashtirgan kabi o’z shakli tashqarisiga chiqadi. Chigirtkaning chirillashi esa “yer ostidan otilib chiqqan ingichga favvoraga” menzaydi. Chim ustida porlagan shudring donalari shoirga “ko’kdan uchgan yulduz” yoki “ko’z yoshi” yoki “yonar qurt” bo’lib ko’rina boshlaydi.
“Jardagi oq teraklar” mansurasida soy kanoridagi oq teraklar yechinib, suvdagi aksini tamosha qilayotgan xotinlarga o’xshatiladi.
Muhammad Solih “Tashbeh” she’rida “Suvdagi oyning qo’shnisi” sifatida tasavvur qilgani nilufarni o’z yuragi bilan qiyoslab, ikkovi orasida o’xshashliklar topadi. Ikkovi ham yer va ko’k orasida muallaq chunki, Muhammad Solih ikkita she’rida Turkistondaki ekologik falokatni tilga oladi Sovet Ittifoqi davrida o’tkazilgan agrar siyosatning xatolari natijasida yer-suv va hatto tog’lar ham o’limga yuz tuta boshlagan, Turkiston yashash mumkin bo’lmagan mintaqaga aylangandi.
Turkiston tuproqlarining surunkasiga paxta etishtirish uchun qo’llanilishi, kimyoviy moddalarning ishlatilishi tuproqni o’ldirdi. Paxtaga bo’lgan ehtiyojning ortishi bilan suvga ehtiyoj ham ortib borgan. Natijada Jayxun va Sayhun daryolaridan suv olib turgan Orol ko’li qurib qolgan. O’zining bug’lanishi bilan mintaqa iqlimini muvozanatda tutib turgan Orol 50 foyiz suvini yoqotishi atrofining cho’lga aylanishiga sababchi bo’lgan.
Ayni paytda atom chiqindilari axlatxonasiga aylangan Orol ko’li o’zidan keyin atomga bulg’angan qum tepalar shamolda savrilar ekan o’lim manbaiga aylangan.
O’zbekiston bu yanglish va xatoli tadbirlar sababli faqat tabiati emas, odamlari ham o’layotgan bir o’lka holidadir. U mayib tug’ilganlar va bolalar o’limi bo’yicha O’zbekiston 1980 yillar boshida Sovet Ittfoqida birinchi o’rinni egallaganini bildiradi. (Ko’zi tiyran dard -1990, 181-187 sahifa) yana shu maqolasida o’zbek xalqining to’rtda biri rak va sariq kasaliga mubtola bo’lganini va bu sababli ishga yaroqsiz ekanligini qayd etadi.
Ayni paytda siyosat odami bo’lgan Muhammad Solih 1985 yildan keyin o’lkasining eng muhim masalasi o’laroq sanagani ekologik muammo haqida qator maqolalar nashr etadi. Sal keyinroq bu maqolalarning bir qismi “Ko’zi tiyron dard” va “Iqror” nomli kitoblarida o’rin oldi.
O’zbekistonda odam va tabiatning bu hazin ahvoli boshqa shoir va yozuvchilar asarlarida ham muhim masala sifatida ko’tarilgandir. U bu mavzuda maqolalardan tashqari ikkita she’r ham yozgandir. “Tabiat muhofazasi haqda” she’rida shunday deydi:
Senga nima bo’ldi jonim Qoraqum,
Qayga g’oyib bo’ldi buyuk shamollar,
Ulug’ isyon qani, qani talotum,
Jayronlar qaerda, qani jalollar?. .
Bir qoshiq qonimdan kechsang, aytaman:
Qoraqum, sen - qumsan oddiy qumsan - bas.
Seni tashlab ketdi yovvoyi saman,
Seni allaqachon tark etdi yo’lbars!...
Tog’larim, sizga-da bir balo bo’ldi,
Salobat yoq bardosh, (chordona) qurishingizda,
ko’rdimu ko’zimga jiqqa yosh to’ldi –
Tog’larim shiddat yo’q turishingizda...
Rahm etib, aybga buyurmasangiz,
Sizga ham chin gapni aytay shu nafas:
Bugun hech kim qorqmas guldirasangiz,
Bugun xo’mraysangiz hech kim chekinmas!...
Shoir bu she’rida cho’llardan tog’largacha butun tabiatning ekologik falokatdan mutaassir bo’lganligini yozadi. Turkiston tabiati ma’ruz qolgani bu falokat sababi ila xuddi insonlar kabi dinamizmini yo’qotib, miskinlashgandir.
Ikkinchi she’r “Hazilni tushunmak” deb ataladi. Bu she’rning so’nggida O’zbekiston bir mahshar maydoni kabi ko’rinadi:
“Yo’lga hozirlik ko’r, turaqol”, derdim.
Bizni kutib turgan bo’lsa edi yo’l.
“Chiroyli ko’ylaging kiyib ol”, derdim
Agar ko’ylaklaring bo’lganida mo’l.
Hazilni tushunmay, jonim, qayerga
“Qayerga” desang sen og’iz to’ldirib.
“Dengizga ketamiz!” der edim shartta...
Dengizni qo’ymasak edi o’ldirib.
“Ha, ha, dengiz o’lgan. Hohlasang, jonim,
Tog’larga ketamiz!” derdim shu onda,
Biror - bir zaharu zaqqumdan xoli
Go’sha bo’sa edi O’zbekistonda!
Sevg’lim, shunda ham meni tushunmay
Kiyina boshlasang edi to’satdan.
“Ketdik!” derdim, bosib tishga tishimni,
“Ketdik!” deyverardim bu arosatdan!
6. AmIr Temur haqIda she’rlar
Tarixni yashirmoq, uni soxtalashtirmoq Sovetlarning jamiyatni ”manqurt”lashtirish siyosatining bir parchasidir. Bu davrda “yagona Sovet halqi”* yaratish maqsadida millatlar xotirasidagi “tarixiy rishtalar”ni* uzishga harakat qilindi. Buning uchun avvalo tarixiy shaxslarni qoralash kompaniyalari tashkil etilib o’z qadrini bilmagan, tubanlik kompleksiga burkangan, ildizsiz bir jamiyat qurmoq istadilar.
Bu siyosatdan asl maqsad Turkistonda yashagan turk qavmlariga ularning davlat an’analariga ega emasligi haqidagi fikrni singdirish bo’lgandir. Turkistonda qurilgan davlatlarning doimo agressiv bo’lganligi, Turkiston hukmdorlari “dunyoning eng zolim va eng axmoq” kimsalari bolganligi, ilm va fikr odamlarining esa “dunyodan bexabar, feodalizmga xizmat qilgan mafkura qurbonlari” sifatida ko’rsatilardi.
Shuningdek milliy tuyg’u va milliy birlik fikrini talqin etgani uchun “Turkiston” so’zini so’ylamak va umuman tarixga oid hur fikrlar bayon etmak ta’qiqlangandi. Bunga qaramasdan fikrini aytganlar esa sovet mafkurasining shiddatli hujumiga uchraganlar.
Muhammad Solih “Yulduzli tunlar” romaning mualifi Pirimqul Qodirov va “O’lmas qoyalar” romaninig muallifi Mamadali Mahmud kabi yozuvchilarning yuqorida aytilgan sabablardan qattiq tanqidga uchraganini, va bu qo’rquvdan tarixiy romanlar oz yozilganligini bildiradi.
Amir Temur Turkiston turkligi yetishtirgan so’nggi jahongirdir. Temurning vafotidan keyin davlat parchalandi va Turkistonda milliy birlik hech o’rnatilmadi. Turkiston turklari Temurdan keyin xonliklar tarafidan idora etildi. Bu sababdan Amir Temurni Turkiston turklari buyuk hurmat bilan yod etishadi. Faqat Sovet idorasining tarix oldidagi qo’rquvi sababli Temurni madh etmak, u haqda asarlar yozmoq ta’qiqlangandi. Lekin shoir va nosirlar, nima bo’sa bo’lsin, tuyg’u va tushunchalarni biror bir shaklda ifoda etishga doim intilganlar va buning yo’lin ham topabilganlar.
Muhammad Solih Amir Temur haqida biri mansura ikkisi she’r - uchta asar yozgan. Bularning uchalasi ham Sovet davrida, Temur haqida yozish ta’qiqlangan yillarda yozilgan. Shoir asarlarida Temurning ismini zikr etmasdan, unga imo qiladi xolos.
“Haykal soyasida” mansurasida Temur hanuz ishini bitirmagan bir haykaltarosh sifatida ko’rsatiladi. Turkistonning milliy birligi va istiqlolining timsoli sifatida qabul qilingan buyuk johongir - o’lmagan uning o’z millatini istiqlolga erishtirmak va buyuk Turkiston davlatini qurmoq kabi muhim vazifalari bor. Temurning ruhi shoirning milliy tushunchalariga ilhom qaynog’i bo’lib, unga quvvat beradi:
”Ot ustida o’ltirgan jahongir haykali bu.
Yoq, bir qarashga shunday tuyuladi xolos.
Ishonmasangiz, diqqat bilan kuzating: Bu odam mutlaqo jahongir emas, haykaltaroshning o’zi.
Yanada diqqat qilsangiz, uning qo’lidagi shamshir tosh yo’nadigan asbobga aylanadi. U xuddi otning qulog’iga sayqal berayotganday.
Yo’q, bu jahongir emas, jahongir allaqachon o’lib ketgan.
Bu odam – hali ham ishini tugatmagan haykaltarosh”.
(1982)
Shoir “Yiqilganni tepma” deb atalgan she’rida Amir Temurning tahqir etilishidan qayg’uradi, chunki nima bo’lsa bo’lsin, u buyuk jahongir. U oddiy inson kabi tamog’iga baliq qiltanog’i qadalib o’lmadi, tomog’iga tug’ tiqilib o’ldi. Uning lang oyog’iga u istilo qilgan davlatlarning bayroqlari o’raldi va u shuning uchun yiqildi:
O’lmadi u baliq qiltanog’idan,
Uning tamog’iga tug’ tiqilgan bil,
yiqilsa ham uning lang oyog’iga,
Yalovlar (bayroqlar) o’ralib yiqilgandir ul.
Muhammad Solihning Amir Temur haqidagi yana bir she’ri shoirlarning Sovet davrida qanday sharoitda yashaganini ko’rsatadigan bir o’rnakdir. Shoir ma’lum tarixiy shaxslarni izma-iz sanab, xuddi fol ochgansimon, majhul bir shaxsiyatga, Amir Temurga bizni olib kelishga urinadi:
Ming yarim yil beri Shoh Iskandardan,
Kok xun Attilodan o’n asr yiroq,
O’n uch asr keyin Yuliy Qaysardan,
Mahmud G’aznaviydan uch yuz yil berroq.
Ammo Bonapartdan to’rt yuz yil nari,
Yana ham nariroq Oriy Buqadan ...*
Inqilobdan olti asr ilgari
Demak olti yuz yil bizdan muqaddam,
Chunki u Boburga yaqin juda ham,
Ehtimol, yetmish yil, yetmish ham chiqmas
Ulug’bekka esa juda ham yaqin,
Saroy bo’sag’asin hatlab o’tsang bas !
* Oriy Buqa – Adolf Hitler nazarda tutilgan.
7. Hayot haqIda she’rlar
Muhammad Solihning she’rlarida kundalik hayotga oid tasvirlarga ko’p duch kelishadi. Uning she’rlarini o’qib, Sovet Imperiyasidagi turmush tarzining xususiyatlarini tasbit etmak mumkindir.
Bu she’rlar 1990 yilgacha hur dunyoga jannat deb tashviqot qilingan mamlakatning aslida jahannamga ko’proq o’xshaganini ko’rsatgani uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Yetmish yil davom etgan Sovet hokimiyati davrida insonlarga ularning hayoti mukammal bir hayot ekanligi, boshqa mamlakatda esa xalqlar juda yomon yashayotganligi uqtirilar edi. Bunga ishonganlar bo’gani kabi, ishonmaganlar ham bor edi. U o’ziga talqin qilingan hayotning talqin qilingandan boshqa ekanligini anglagan shoirdir. U o’zining “Bolalar va otalar” she’rida o’z fikrini shunday tilga keltiradi:
Bolalar dunyoni boshqacha ko’rar-
Oyog’ni osmonga qadab,
Qo’lida yuradi bolalar
Dunyoga boshqacha qaromoq uchun
Dunyoni o’zgacha tushunar chollar-
Kechqurun, xiyobonda,
O’tgan-ketganlarga parvo qilmay hech,
Mutaola etarlar
Gazetani teskari ushlab.
Dunyoni boshqacha ko’rar bolalar,
Chollar ham o’zicha o’qiydi uni.
O’zi yashayotgan hayotga e’tiroz qilib shoir haqiqatning ko’ringan shaklidan boshqa ekanligi, uning teskarisi ekanligini ifodalaydi.
Shoir yana bir she’rida hayotning butun sohalarida kirlanish, buzilish yuz berayotganini yozadi. Ammo hali-ham buzilmagan, ifloslanmagan ba’zi narsalarni borligini ko’rib hayratlanadi, o’zining bulbulligini suiste’mol qilmagan bir bulbulni ko’rib, shoir hayratga tushadi. She’r yozilmagan bir gulga duch kelib, hayron bo’ladi. Uni eng ko’p hayratlantirgan narsa esa biror odam tarafidan boshqa bir odamga qarab otilmagan toshdir:
Men tosh ko’rib qoldim daf’atan
Hech qachon, hech kimga otilmagan tosh !
Muhammad Solih “Balki” nomli she’rida “balki” so’zining insonni bu hayotda bog’lagan unsur ekanini aytadi.
Har kuni,
Har lahza,
Tinimsiz,
Qarmoq po’kagiday sirli “lik”illar
Zamin uzra “balkim” degan so’z.
”Balki” so’zi faqat shoirni emas, butun jamiyatni aldab turgan yolg’onchi bir po’kakdir. Shunga qaramay, shoirning ertaga ko’kdan kutganlari bor. Faqat u boshqalarning kutmagan narsalarini kutadi. Bu narsalarning nima ekanligini ochiq aytmasa-da, ularning kun sayin yaqinlashayotgan narsalar ekanini his etadi:
Men bilmayman, faqat, faqat har kun sezaman,
Lahza sayin yaqinlashib kelar nimadir.
………………………………………
Yaqinlashib kelaverar guras va guras,
Nafasimni ich-ichimga yutib yotaman.
Faqat kutish lozim bo’lgan narsani emas,
Kutilmagan narsalarni kutib yotaman.
Muhammad Solih ertagi kunini quvvatli tashhis etgan bir shoirdir. Uning har kimdan farqli shaklda lahza sayin yaqinlashayotgan narsaning yangi hayot ekanligi 1980 yilda – Sovetlar Ittifoqi yiqilgandan so’ng – bir haqiqatga aylandi.
Shoir ”Yashashni o’rgatay” she’rida turmush qiyinchiliklaridan so’z ochib, bir so’m pul bilan qanday baxtli yashash mumkinligini, qiyinchiliklarga qaramay tabassum etish san’atini o’rgatadi. Buning sirini shoirning o’zi ham bilmaydi:
Senga o’rgataman, kel o’ltir,
O’zim eplolmagan bir fanni.
deydi u she’r ohangida.
”Qo’rqoq odam” nomli mansurasida shoir qo’rquvning hayotga hokim bo’lganini ifoda etadi.
Insonlar har qanday habarni xavotir bilan qarshilaydilar. Telefonning jiringlashi, eshikning taqqillashi kabi hollar shoir uchun xavotirga sabab. Shoir qarindoshi yo og’aynisi kelsa qochib yashirinadi. Yana xabar xavotiri ila pochta qutisi yonidan chopib o’tadi; birov chaqirsa qo’rquvdan orqasiga qayrilib ham boqmas. So’ngida shoir, “Yo’q, men bu dunyoning fojea to’la ko’zlariga tik qarolmayman,” – deydi.
Shoir “Ba’zan” she’rida hayotni bir ro’yoga mengzatadi. Yigirmanchi asrni, Ashob-I Kahf ro’yosiga tashbih etadi. Ro’yo olamida yashagan shoir, ba’zan o’limning yo’qligi haqidagi hislarga o’ralib, bu mavhumlik ichida, hayotda yashayotgan “o’liklar”ga duch keladi.
“O’yin” nomli she’rida hayotni, insonlarning bir-birlaridan qochib yurishlarini “bekinmachoq” o’yniga o’xshatadi. “Ilhom parisi” she’rida esa sovet turmush tarzi fosh etilarkan, ilhom parisining kishini achintiruvchi holi anglatiladi. Sovetlar Birligida faqat insonlar emas, ilhom parisi ham och va yalongg’ochdir; barcha do’stlaridan ayrilgan va vatanini yo’qatgan kabi parishondir:
Ilhom parisini ko’rdim to’satdan,
Qorni och, yalong’och, uzunsoch.
O’ltirardi xonaning qoq o’rtasida
Poyida yotardi qurum bosgan toj
………………………………….
Ayrilgan kimsaday bor-yo’q do’stidan,
Qaraydi yo’qotgan misol vatanin.
Shoir, usti-boshi yupun, hamma narsasini yo’qotgan, yig’loqi sovet parisining achinarli holi bilan, unga yaxshilik va go’zalliklar ilhomini bera olmasligini anglaydi. Nafaqat butun bir imperiya, bu imperiyadagi ilhom parisi ham chorasiz bir holdadir. Shoir, bu manzara qarshisida shaxsiy qiyinchiliklarini unutib, ilhom parisini himoya etadi.
“Uyga vazifa” she’rida Muhammad Solih ochlik bilan kurashayotgan jamiyatning shoiri o’laroq saslanmoqdadir:
Zero ochlik, ochlik ham hatto,
Bu dunyoning ne’mati faqat!
Muhammad Solih, “Mumkin” va ”Mumkin emas” nomli she’rlarida, Sovet imperiyasida nima mumkin-u, nima mumkin emasligidan habar beradi. 1984-yilda yozilgan bu she’rlarda o’sha paytdagi tuzum ochiqcha tanqid etilmoqdadir. Bu she’rlarda ifoda etilganidek, fikringni aytmaslik, yolg’on gapirmoq, inkor etmoq, har qanday holga bardosh bermoq mumkundir. Butun bularga qarshi, o’zgacha fikrlashlarga sabab bo’ladigan kitoblarni o’qimoq, boshqa yerlarni va boshqacha hayot tarzini qumsamoq, sevmoq, shikoyat qilmoq, faryod etmoq va eng asosiysi, “mumkinmi”, deb so’ramoq mumkin emasdir. Bu she’rning so’ngida yer olgan, “Agar allaqachon o’lmagan bo’sang” misrasidagi “o’lmagan” sifat fe’li, “manqurt bo’lmoq” ma’nosida qo’llanilgandir. Bu sifat fe’li, yuqorida sanab o’tilgan shartlar bilan birga baho beriladigan bo’lsa, manqurt bo’lmoq, Sovetlar Birligida yashay olmoqning yagona yo’li ekanligi ayon bo’ladi: Manqurt o’laroq yashash mumkindir. Ammo buning uchun o’z hatti- harakatlarini nazorat qilmoq, va hech narsa haqda ”mumkinmi?” dey surishtirish mumkin emas.
Mumkin emas, hatto ohista,
Qo’rqa-pisa “mumkinmi?” demoq.
Muhammad Solih, sovet hayot tarzini o’tkir qalam octiga olgan she’rlaridan yana biri “Kechikkanlar”dir. She’rda Sovet jamiyatining butunlay, hayotning zamondan orqada qolgani, shoirning ifodasiga ko’ra “poezdiga kechikkani” ma’lum bo’ladi. She’rning so’ngida shoir, qo’llarida tugunlari va biletlari bilan bekatda kutayotgan butun xalqqa aylanib:
Gar kechikkan bo’lsa hamma, kim poezdda ketdi - kim?
deya so’ramoqdan o’zini tutolmaydi.
Yuqorida, “Mumkin emas” she’ridan bahs etilarkan, sovet hayot tarzidan arz qilmoqning, shikoyat etmoqning imkonsizligi ifodalangan edi. Bu tuzim, Sovetlar Birligida bir qonun amridir. Boshqacha qilib aytganda, barchaning hayotidan mamnun bo’lishi, baxtli bo’lib ko’rinishi amr etilgandir. Bu amrga qarshi chiqqanlar esa, rejim dushmani, buzg’unchi sanaladi.
Muhammad Solih, 1980 va 1983 yillarda yozgan ikki she’rida bunday zo’raki baxtni achchiq kinoja bilan tasvirlaydi. Shoir “Bu yerda” nomli birinchi she’rida sovet jannatini ta’rif etadi. “Bu yerda”, yani Sovet imperiyasida quvonch, abadiy uyg’oq hasta bir ko’zga oxshaydi. ”U yerda” iztirob, majhul bir kalimadir. Umidsiz bo’lmoq uchun hech qanday sabab yo’q. U yerda kimsa faryod chekmas, kimsa o’lmas, yig’lamas, kimsa maktub yozmas, kimsadan maktub kutilmas. Shoxdagi qip-qizil olma abadiy qizarib turaveradi; aslo yerga tushib chirimaydi, hech qurt yemaydi uni. Va nihoyat u o’lkada;
Quvonch, uyqu bilmas bemor bir ko’zdir.
Shoir “Quvonch” she’rida esa, sababsiz sevinchini tarannum etmoqdadir. Mamnun ko’rinmoq, va sevinchli bo’lmoq ham endi bir xastalik holiga keladi:
Ko’klarga sakragim keladi, -
Nima balo bo’ldi, bilmayman.
Bu misralarda ko’rilganidek, shoir, sevinchidan havolarga sakramoq va yerlarda yumalamoq istaydi. Aslida bu oddiy bir hol emas. Shoir buni yaxshi anglaydi. Ammo, sababini o’zi ham bilmaydi. Hadeb kulaveradi.
Kulaman, tinimsiz kulaman.
Sevinchli ko’rinmoq amr etilgani uchun, hech kim shoirning kulishiga mone’lik qilmaydi. Xolbuki, shoir kulgusini to’xtatishlariga ehtiyoj sezadi. Aks holda, sevinchdan, zo’raki baxtiyorlikdan o’lib qolishi mumkin:
Hech kim yordam qo’lini cho’zmas,
Qayrilib qaramas bir inson zoti
Quvonchdan o’layotgan odamga!
Hozirgacha tahlil etib chiqqanimiz she’rlarda, Sovetlar Birligi davrida yashalgan hayot bosh mavzu qilib olingan edi. Bundan keyingi she’rlarda esa, o’zbek turklarining hayoti qalamga olingan. Shoir, o’zbeklarning hayotidan bahs etarkan, paxta paykallarida kecha-kunduz demay mehnat qilgan, ishlamoqdan va itoat etmoqdan boshqa narsani o’ylamagan va nafaqat moddiy, balki ma’naviy kafolatga ham ma’ruz qolgan bir jamiyatning hayotini bizga ko’rsatishga harakat qiladi.
O’zbeklarning 70% i qishloqlarda yashamoqda va paxta yetishtirish bilan mashg’ul bulmoqdadir.
O’zbekistonda paxta planining Turkiyadagidek o’n baravar (yilda besh yarim million tonna) ko’p ekanligini hisobga oladigan bo’lsak, buning naqadar katta mehnat ekanligi yana ham aniqroq ko’z oldimizda namoyon bo’ladi. Nufuzi Turkiyaning uchdan biri qadar bo’lgan O’zbekistonda, Mockva idorasi bilan belgilangan ishlab chiqarish planining bajarilishi uchun butun millat paxta maydonlariga qariyb surgun etilgandir. Yagona maqsad ekologik falokatlarga va sog’lik muammolariga qaramay, har yil yana ham ko’proq paxta yetishtirmoqdir.
Muhammad Solih, sovet tuzumining O’zbekistonga tadbiq etilishini, va o’zbeklarning hayotini, 1988 yilda qalamga olgani “Dildagi o’ylar” maqolasida shunday mulohaza yuritadi:
“Chor Rusiyasi davrida keyinchalik “o’zbek” deb atalgan bu turk xalqining 75% qishloqlarda, 25% shaharlarda yashagan. Bugun sotsiyalizm tuzumi barq urgan paytda bu xalqning qishloqda yashaydigan qismi 80% ga yetdi. Taraqqiyotga balli! Shaharlarimiz ko’paymoqda ularda yashayotgan o’zbeklar soni, aksincha kamaymoqda. Urushgacha (Ikkinchi dunyo urushidan avval) O’zbekistonda yigirma yetti ming mayda qishloqlar bor edi, xutor sistemasini tugatish bayrogi ostida, bu qishloqlarning yigirma mingi yo’qotildi. O’rniga shaharlar emas, paxta plantatsilari paydo bo’ldi. Ba’zi gazetalar “dehqonlar go’sht yemaydilar” deb yozayapti. To’g’ri gap. Dehqonlar parxezdalar. Chunki go’shtning o’zi yo’q. Go’sht beradigan chorvachilik yo’q, chorvani boqadigan yayloylar yo’q- yaylovlarga ham paxta ekilgan.”
Shu yilda qalamga olingan “Javob” nomli maqolada ham, 1929 yilda Amerika, iqtisodiy inqirozga uchrab, Rusiyaga paxta berishni to’xtatgach, Stalinning amri bilan O’zbekistonda paxta hosildorligini orttirish maqsadida, bir qancha tadbirlar olinganini, buning uchun esa, qishloqlarga qo’shib, bog’larning, yaylovlarning va o’rmonlarning yo’q etilganini, insonlarning ko’rgan zulmlarini anglatadi.”
Muhammad Solih, 1985 yilda yozgan “Dehqon qo’llari” nomli she’rida, paxtadan boshqa narsani o’ylamagan o’zbek dehqonining bu xazin hayotini tarannum etmoqdadir. Bu she’rda hayot, insonlarning butun vujud a’zolari ila (qo’l, oyoq, yuz, ko’z, quloq) xizmat qilmoq uchun yaratilgani chidab bo’lmas bir iskanja o’laroq ko’rsatiladi:
Bir qo’lim ko’ksimda turar muntazam,
Bir qo’lim raisga salomlar berar.
Ishga sho’ng’ib ketar qolgan o’ntasi,
Qolgan o’nta qo’lim paxtani terar.
Qo’ldan iboratdir mening vujudim,
Ko’zim - qo’l, yuzim - qo’l, oyog’im ham qo’l,
Neki turtib chiqqan bo’lsa ichimdan,
Bari - qo’l, hattoki ... qulog’im ham qo’l!
Shoirning butun badani, xizmat etmoq uchun boshdan oyoqqacha tamoman qo’lga aylanadi. Ammo shunga qaramay, ishlarining uddasidan kelolmas, yana ko’proq qo’lga ehtiyoj bordir. So’ngida shoir chorani tuproqqa qo’l ekmoqdan topadi. O’ziga ajratilgan bir parcha tamorqasiga qo’l ekishga qaror qiladi:
Tushda ayon bo’ldi ulug’ bir maqsad,
Olg’a ketayapman, boqmay orqamga;
Xo’jalik yeriga paxtani eksam,
Men qo’l ekajakman o’z tomarqamga!
Bu, bir dehqonchilik o’lkasi bo’lgan O’zbekistondagi hayotning umumiy ta’rfidir. Aynan shunday hayot, “O’zbek ayoliga” she’rida ham tasvir etilmoqdadir. Muhammad Solih, bu she’rida, butun umri paxta dalasida kechgan o’zbek xotinini tolgani g’aflat uyqusidan uyg’otmoqchi bo’ladi:
Munisim, paxtadan boshingni ko’tar-
Kun botdi, keldi bosh ko’tarmoqqa payt!
Cho’lni quvaverib, o’zing ham dilbar,
Cho’lga quvg’in bo’lding, yetar, uyga qayt.
Paxtani terasan ... vatanga berib,
Dong qotib uxlaysan, faqat uxlaysan-
......
Jonim, uxlamagin!...
Shoir “Badiiy yolg’on” she’rida esa, sovet hayot tarzining butunila yolg’ondan iborat bo’lganini bildirib, paxtaning butun xalqni mahv etganini yozadi. Shoirlarning “gul” va “bulbul” orasidagi qofiyaga tayanib she’r yozishlari, bir “badiiy” yolg’ondir. Chunki ekilogik falokat sababi ila bulbullar o’lmoqda, gullar qurimoqdadir. Xuddi shunday, mavsumlar go’zalligini kuylaganlar ham yolg’on so’ylamoqdalar. Zero, fasllarning yuzidagi ol rang aslida o’lim go’zalligidir. Shoir, paxtaning “oltin” deb atalishiga ham e’tiroz bildiradi. Chindan ham, paxta, o’zbek iqtisodi uchun oltindan qadrlidir. Shu sababli paxtaga haqli o’laroq “oq oltin” deb nom berilgandir. Ammo shoir, xalqning hayotiga qasd etgan, xalqqa qarshi bo’lgan bu haqiqatning ham yolg’on sanalishi kerakligini kuylaydi:
Paxtani “oltin” deb kimdir bo’lsa haq,
Unga ham ishonmang, qo’lning oyoqqa, -
Chunki haqiqat ham yolg’ondir mutlaq
Agar qarshi bo’lsa haqiqat halqqa!
Turkiya Turkchasida “irgatlik” (dehqonchilik) kalimasi bilan ifoda etilishi mumkin bulgan bu hayot tarzi, insonlarni yashashi lozim bo’lgan uydan ham mahrum etgandir. “Mo’jiza yuz bersa” she’rida, Ahmad Yassaviy mo’jiza yuz berib, O’zbekistonda takror yashamoqchi bo’lsaydi, uy taqsimlash bilan mashg’ul bo’lgan ijroqo’m (ijro qo’mitasi)ing, Uning shoirligini hisobga olib unga bir xonalik uy berabilajagi zikr etiladi. Bir uyga yetishmoq, bir sovet fuqorasi uchun eng buyuk baxtiyorlikdir.Uyining dushxonasida shalola ostida yuvinayotgan ibtidoiy odam kabi shodlikdan hayqira bilmoq, istagan devorga o’zi xoxlagan rasmni osa bilmoq shoirning eng buyuk xayolidir. Shoir, “Dastlabki quvonch” she’rida, uyining devorlarini shafqat-la silamoq, va eshiklarini mehr-la quchmoq istaydi:
Filning egasi
O’z filini suygani kabi,
Erkalagani kabi,
Devorlarin silayman bu uyning.
Eshiklarin quchoqlayman
Oshiq yigit qizni quchgan singari.
Hammomiga kirib,
Zavqdan qichqiraman.
Sharshara tagida cho’milayotgan
Ibtidoiy odam kabi men.
She’rning oxiridagi shu misralar, bir uycha egasi bo’lmoqni xayol etgan shoirning sevinchini kul’minatsion nuqtada chiqaradi:
Bu mening o’z uyim
agarda o’lsam,
Jasadimga hech kim o’shqirolmaydi,
“Chiqib ket bu yerdan, chiqib ket” deya.
Yaxshi bilan yomonning, xunuk bilan go’zalning, fazilat bilan fazilatsizlikning yolg’on bilan to’g’rining bir - biriga qorishib ketgan, qo’rquv ila xavotirning hokim bo’lgani bir hayotni afzal ko’rish va ma’qulash, albatta mumkin emas. Bunday bir jamiyatda insonlar bir - birlariga hurmat, sevgi va shafqat hislari bilan yaqilashish o’rniga, bir-birlaridan shubha qilib uzoqlahsadilar. Insonlar eng oddiy ehtiyojlariga erishmoq uchun ham, yuqoridan beriladigan har qanday amrga itoatkor manqurtlar holiga keladilar. Haqiqatdan ham, Rus Sovet Imperiyasi butunlay abgor holga kelgan, fikrlash qobilyatini yo’qotgan zamonaviy manqurtlar imperiyasidir. Bu ham, jamiyatni o’z hukumdorligi ostiga olgan janob komunistlar tomonidan bilib turib, qasddan yaratilgan bir vaziyatdir. Sistema o’zini saqlab qolgani uchun, zamonaviy qullik deb atalgan mankurtizimdan qarzdordir.
Muhammad Solih, shu fikrlarni o’z ichiga olgan she’rini “Adahsganlar qo’shig’i” deb nomlagan. Bu sargardonlik, yo’lini yo’qotib, hayron turgan bir jamiyatning qo’shig’idir.
Ehtiros qamchisi ostida dir-dir,
Titrayotgan tuyaday, tushov oyoqda
Yurishga majburmiz, yurmoqqa majbur
Bilmay, mag’rib qayda mashriq qayoqda
.....
Har kimning bo’g’zida uzun bir nola
Har kimning ko’ksida bittadan o’lik.
Shoir, bu misralarda, o’zi mansub bo’lgan jamiyatni, yashamoqdan boshqa narsani o’ylamagun, oyog’ida zanjir urilgan tuyaga tashbeh etadi. Keyingi misralarda esa, ruh safolati, va maqsadsizlikdan arz qilinmoqda. Aslida bu, Tangrining bir la’natidir. Shoir, ham moddiy, ham ma’naviy tanazzulga uchragan jamiyatni “ho’kiz kabi” ishlaganiga qaramay mukofot o’rniga haqorat ko’rayotganini ifoda etmoqdadir. Boru-yo’g’ini dunyoning poyi ostiga tashlagan millat, oxiri “o’g’ri” degan nomga qolmoqdadir. Bunga aybdor ham millatning o’zidir. Shoir, she’rining oxirida, la’natga qolgan millatning istiqboli yo’qligini, vatanining, xarob holga tushib qolgan naslning qurib bitajagini bildiradi:
Qarg’algan millatning kelajagi tul,
Daryolari qurib, chirir yerlari,
Qarg’algan millatning bolalari – qul
Ayollari tumso, bepusht erlari.
Qarg’algan millatning qozisi – fosih,
Olimi savdogar – ilm sotib yashar,
Shoirlari esa aqldan ozib,
Dushmandan mukofot olmoqqa shoshar ...
8. Inson psixologiyasiga oid she’rlar
Muhammad Solih she’riyatida, inson psixologiyasi va inson xarakteriga oid xususiyatlar muhim o’rin tutadi. Bu she’rlarda axloqiy qiymatlardan mahrum bulgan sovet insonini, voqealar va ma’lum shaxslar, qarshisidagi hatti-harakatlari va holatlari haqida so’z yuritiladi. Sovet insonining hushomadgo’y, hurkaklik, qo’rqoqlik, riyokorlik, faqat bugungi kunini o’ylovchi, shoshqaloqlik, marhamatsizlik, yolg’izlik, manmanlik, vahima ichida qolmoq, ojizlik, xoinlik qilmoq kabi xususiyatlarni o’z ichiga olgani zikr etgandir. Bundan tashqari, shunday insonlardan iborat jamiyatni oyoqqa turg’azib oldinga yuritmoq iddaosidagi bir da’vo odami duch keladigan to’siqlar ham Muhammad Solih she’rlariga mavzu qilib olingan.
Masalan, “It” nomli she’rda sovet odami, quyrug’i krsilgan bechora bir ko’ppakka mengzatiladi. Shoir, yagona ishi, egasini qo’riqlamoq bo’lgan ko’ppakka, dumi kesilgani uchun achinadi.
Ko’pakka xitoban:
Dumi kesik bechora it,
Xo’jayining oldida
Nimani likkillatasan endi?
deya so’ragan shoir, 1980 yilda yozgan bu she’rida, bunday yaltoqi odamlarning davri o’tganiga ishora qiladi. “Endi Sizga navbat” she’rida esa, sovet kishisining yolg’izligidan tashqari, hissiyot yo’qsili ekanligini ham tilga oladi. Shoir bu fikrini, devorlarga xitoban aytgani:
Biling, qattiq erur sizdan ham inson,
Inson qattiq er