Muhammad SOLIH
Maqolalar

TO’QSON OLTINCHI YILGA BIR NAZAR


O’tgan 1996-yil xalqimiz uchun xuddi undan avvalgi yilllar kabi yil bo’lmadi. O’zbekiston haqida tashqi dunyoga berilgan ma’lumotlar naqadar silliq ko’rinmasin, ichkaridagi ahvolni bu bilan xas-po’shlab bo’lmadi. Rasmiy statistikaga zid o’laroq, o’zbeklarning asosiy qismi yo’qsillik va safolat ichida chirpindi va hamon chirpinmoqda. Bozorlarda go’yo hamma narsa bor, ammo bu narsalarni olishga qodir odam oz, bu xiyobonlarda kezishga hafsala qiladigan baxtiyorlar juda kam; hamma bir burda non topish maqsadida zir yuguradi. Bu non topish jazavasi insonlarimizni iymon va vijdondan begonalashtirmoqda. Ular borgan sari bir-biriga shafqatsizroq, borgan sari mehrsiz va oqibatsizroq bo’lib bormoqdalar. Moddiy qashshoqlik ularni ma’naviy yo’qsillik tuzog’iga tushirmoqda, ularning bu tuzoqdan qutilishga hech kuchlari yo’q, chunki, butun kuchlari o’sha bir parcha non topish uchun sarf bo’lmoqda. Yaqinda samarqandlik bir o’qituvchi bilan suhbatlashib qoldim. U mavjud ahvolni qisqa va lo’nda ifoda etdi: “o’qiyman degani ham yo’q, o’qitaman degani ham”. Bu gap nafaqat maorif sistemasini, balki butun jamiyatimizni izohlaydi. Bizning jamiyat ziyolilarni ikkinchi nav odam qatoriga qo’shib qo’ygan jamiyatdir. Bugun O’zbekistonda maktab o’qituvchilari bozorda qurt yoki chakki sotib, kun ko’rmoqdalar. Bugun Toshkentda fan doktori va professor unvoniga sohib olimlarning kirakashlik qilib yurganini ko’rishingiz mumkin.
Toshkentda chiqadigan muloqat jurnalining 96 - yil, 6 - sonida Rashid Raupov degan jurnalist o’z maqolasida odamlar insofsiz bo’lib borayotgani haqida yozadi, ammo buning sotsial sabablarini yozishdan istihola qiladi. Bu tabiiy, chunki, yozilsa, uni O’zbekiston matbuooti bosmaydi, bordi-yu, bossa, bir qancha odam buning uchun jazolangan bo’lardi. Lekin Raupov aytishga istihola qilgan ba’zi narsalarni aytish zarur: Sovet davrida paxta, ya’niy, “oq oltin” deganimiz paxta tolasi yetishtirish o’zbek xalqining asosiy mashg’uloti bo’lib qolgan va bu mashg’ulotdan olingan choy-chaqa bilan kun kechirardik. Endi mustaqil bo’lgan xalqimizga o’sha choychaqa ham ko’p ko’rinmoqda: Dehqon oylarcha hatto yillarcha maosh ololmaydi. Bugun 1992 yil maoshi to’lanmagan o’zbek dehqoni sovet davridagiga nisbatan o’n karra shafqatsizroq ekspluatatsiya qilinmoqda. Qishloqda maktab o’quvchilari qor yoqqunga qadar paxta dalasidan chiqmaydi va ularning aksariyatining issiq kiyimi yo’q, poyabzali yo’q, yarim yalang’och mehnat qiladilar. Ba’zi maktablarning 10 - 11 sinflari tamomila bekitilgan.
Bizda iste’mol mahsuloptlarining asosiysi non bo’lgan. Ancha vaqtgacha non arzon narxda sotilib kelindi. Bu non taraqqiy qilgan mamlakat standartiga ko’tarildi, hatto undan ham oshib tushdi. Lekin bu mamlakatlar standartida minimum maosh 1500 amerika dollaridir. Bizdachi, bizda bu maosh 10 dollarga ham yetmaydi.
Aql bovar qilmaydigan joyi shundaki, bug’doyni dehqon yetishtiradi, ammo nonga qorni to’ymaydi. Chunki, hukumat undan bug’doyning kilosini 3 so’mdan olib, un qiladi, unning kilosini 50 so’mdan qilib, yana o’sha dehqon sho’rlikka sotadi. Bug’doy sotilar ekan, uning narxini sotuvchi qo’ymaydi, bu narxni xaridor, ya’niy, hukumat qo’yadi. Bunday "bozor munosabatlari"ni aqlga qanday sig’dirish mumkin?
Hali yuqorida, insonlar bir parcha non topish uchun yuguradilar, deganda, majoziy shaklda gapirmadim. Ya’niy, bunday derkan, insonlar boy bo’lishi uchun, badavlat bo’lishi uchun chopmoqdalar, deganim yo’q. Balki to’ppa–to’g’ri ma’noda bir parcha non topish uchun yugurmoqda bizning fuqarolarimiz. Boy bo’lish, badavlat bo’lish imkoni esa, bir hovuch to’ralarda bor. Ular xalqning yuzdan bir foyizini ham tashkil qilmaydi. Shu kichik zumra kimsalar iqtisod mashinasining butun dastaklarini ushlab turibdi. Bank operatsiyalari, tashqi dunyodan kelgan kredit va sarmoyalariga oid hujjatlashtirishlar, shirkatlarning qurilishlari, faoliyati va butun xususiylashtirish jarayoni o’sha bir hovuch kimsalar nazorati ostidadir. Aslida, O’zbekistonda hech qanday erkin bozor yoki xususiylashtirish yo’qdir. Kecha xususiylashtirilgan mulkni ertaga davlat yana tortib olishi mumkin. Buni O’zbekistonda xususiylashtirilgan benzakolonkalar, taksi shirkatlari misolida ko’rdik. Hukumatning ijtimoiyatda bo’lgani kabi, iqtisodda ham istiqrorli bir siyosat yuritishga ortiq hech kim ishonmaydi. Masalan, iqtisod uchun hayotiy ahamiyatga ega bo’lgan valyuta konvertatsiyasi O’zbekistonda bugun to’xtagandir. Konvertatsiya huquqi yana o’sha kattalarning qarindosh-urug’larining va mafiyaning qo’liga berilgan. Shu sababli juda ko’p qo’shma korxonalar kasodga uchradi, juda ko’pi faoliyatini to’xtatib, O’zbekistondan ketib qolmoqda. Bizning ma’lumotlarga ko’ra, 1500 qo’shma korxonadan 1300 tasi o’z faoliyatini to’xtatgandir. Faoliyatdagi 200 ta shirkat, demak, o’sha "qarindosh-urug’lar"ga pora berib jon saqlagan shirkatlardir.
O’zbekiston iqtisodidagi bu buzilish istiqrorsizlikni ko’rgan dunyo mamlakatlari va iqtisodiy siyosat kuzatuvchilari bugun qattiq taraddud ichida qoldilar. Bundan bor-yo’g’i bir necha oy oldin O’zbekiston haqida ba’zi ijobiy bashoratlar qila boshlagan davralar ham tilini tishlab qoldi. Bu kayfiyatning mahsuli o’laroq, kuni-kecha Dunyo banki O’zbekistonga berilishi lozim bo’lgan katta miqdordagi moliyaviy yordamni bermaslikka qaror qildi. Bu tadbir, afsuski, yana o’sha jafokash o’zbek xalqiga zarar keltiradigan bo’ldi. Chunki, tepadagi to’ralar Dunyo bankining millionlariga muhtoj emas, ular o’z xalqining millionlarini o’zlashtirib, bemalol yashayaptilar. Butun og’irlik va zulm millatning chekiga tushayapti. O’tgan 1996 yilda O’zbekistonda juda . ko’plab insonlar o’z joniga qasd qilib, hayotdan ko’z yumdilar. Sababi - qashshoqlik. Biz Ollohga duo qilaylikki, bu yangi yilda bunday intihorlar to’xtasin, bu qashshoqlik, bu safolat bitsin, bu sobir millatimiz nihoyat yorug’likni ko’rsin, boshini bir zum bo’lsada, yerdan ko’tarsin. (02.01.1997, Istanbul)


BUGUN O’ZBEKISTONDA NIMA QILISH KERAK?


(“Ozodlik” radiosi muxbiri savollariga javob)

Muxbir: O’zini O’zbekiston hukumatiga nisbatan konstruktiv muxolifat tashkiloti deb e’lon qilgan ”ERK” demokratik partiyasi va Sizning O’zbekistondagi mavjud ahvol xususidagi tanqidiy mulohazalaringiz tinglovchilarga ma’lum. Ammo “konstruktiv muxolifat” sifatida ”ERK” Partiyasi va uning lideri, y’niy, Siz, 1997 yilda O’zbekistonda mavjud vaziyatni yaxshilash borasida qanday ishlarni amalga oshirish kerak, deb hisoblaysiz?
Agar mumkin bo’lsa, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy va xavsizlik sohasida qilinishi kerak deb o’ylaganingiz ishlarga qisqa, ammo alohida to’xtalsangiz.
Muhammad Solih: Agar O’zbekiston hukumati o’zining so’nggi bayonotlarida bildirgandek, 97 - yilni o’zgarish yili qilmoqchi bo’lsa, bizning fikrimizcha, birinchi navbatta shu ishlarni amalga oshirishi kerak bo’ladi:
Ichki siyosatda:
1 - modda. 1992 yildan beri ta’qiqlanib kelayotgan siyosiy partiya va tashkilotlarni rasman tan olish, ularga konstitutsion huquqlarini qaytarib berib, faoliyatlariga qoyilgan to’siqlarni bartaraf qilish, surgundagi siyosiy muxolifat vakillari va din arboblarini mamlakatga qaytarish, ularning poymol qilingan huquqlarini tiklash, keyingi 4 yil ichida siyosiy va ideologik sabablar bilan qamoqqa tashlangan siyosat va din odamlarini ozod qilish va ularning butun fuqarolik huquqlarini tiklash;
2 - modda. Senzurani ta’qiqlash, so’z va matbuot erkinligini amalga oshirish. Mustaqil gazeta, jurnal ta’sis etish va chop qilish huquqi, mustaqil televizion kanal va radio qurish huquqi berilishi lozim. Bugungi mavjud gazeta va jurnallarning hammasi davlatninkidir, ularning hammasi davlat dotatsiyasi bilan yashayapti. Bu gazetalarning bittasini “Rasmiy gazeta” deb atash mumkin va bu gazeta hukumat organi bo’lib, uning ijro faoliyatini yoritishi, uning qarornomalarini e’lon qiladigan minbar bo’lishi mumkin. Ikkinchi bir gazetani Oliy majlis organi sifatida qoldirish mumkin. Bu gazeta qonun chiqaruvchi hokimiyat faoliyatini yoritgan bo’lardi. Qolgan butun gazetalar xususiylashtirishi, ya’niy, fuqaro yoki tashkilotlarga sotilishi lozim. Bugungi qo’g’irchoq partiyalar chiqarayotgan hech bir gazetaga davlat yordam bermasligi kerak. Bu nashrlar partiyaning o’z mablag’i hisobiga chiqarilishi lozim. Matbuot ustidan yakkahokimlik qilayotgan Goskomizdat degan parazit tashkilotni butunlay bekor qilish kerak.
3 - modda. O’lkada demokratik institutlarning yaratilishi uchun so’zda emas, amalda imkon yaratish. Ya’niy, butun jamoat tashkilotlari siyosiy partiyalar, jamiyatlar, klub va to’garaklar, vaqflar, profsoyuzlar, qisqasi, davlat tashkiloti sanalmagan barcha qurilishlarni konstitutsion huquqlar bilan ta’minlash kerak. Ularning erkin faoliyatini qonun vositasi bilan mustahkam kafolatlash lozim. Shunday kafolatlansinki, ularning ishiga hukumat hech bir bahona bilan aralasha olmasin. Shu ma’noda, bugungi mavjud profsoyuz tashkilotini tarqatib yuborish va uning bazasida erkin ishchi sindikatlari tuzish kerak.
4 - modda. Sud va tergov muassasalarini davlat nazoratidan ozod qilish va ularning erkinligini qonun asosida va amalda kafolatlash. Bu tadbir olinmas ekan, fuqarolarning hafaqat shaxsiy hayotida, balki, ijtimoiy, siyosiy va hatto iqtisodiy hayotida ham hech qachon adolat qaror topmaydi.
5 - modda. Sovet pasport sistemasini bekor qilish lozim, fuqarolarning chet ellarga chiqishi va chet eldan mamlakatga kirishi qonun qoidalarini qulaylashtirish, bu sohaga milliy xavffsizlik qo’mitasining aralashuviga chek qo’yish va hakozo. Bu hammasi o’lkamizda qilinishi kerak bo’lgan siyosiy o’zgarishlar, tuzum islohotining boshlang’ichi va eng zarur nuqtalaridir.
Iqtisodiy sohada zudlik bilan olinadigan tadbirlar:
Modda 1. Davlat o’zining bozor ustidan nazoratidan zudlik bilan voz kechish kerak. Bozorni so’zda emas, amalda liberallashtirish kerak. Tovarning mamlakatga erkin kirib, erkin chiqishni ta’minlash zarur.
Modda 2. Valyutaning konvertatsiyasini bir soniya ham to'xtatmaslik lozim. Sizga ma‘lum, bugun O’zbekistonda konvertatsiya to’xtatilgani sababli juda ko'p chet el shirkatlari o’lkamizni tark etmoqda.
Modda 3. O'lkamizda chet ellik ish odamlari taklif qilayotgan katta - kichik butun sarmoya loyihalari ochiq muhokama qilinichi lozim va bu sohani bir hovuch poraxo'r wa mafioz kimsalardan qutqarish kerak.
Modda 4. O'zbekiston iqtisodi faqat xom-ashyo hisobiga yashaydigan chalajon bir iqtisod rolidan chiqishi kerak. Bizning faxrimiz sanalgan paxtamiz ham, oltin va boshqa qimmatbaho qazilma boyliklarimiz hammasi xom-ashyodir va ularning bizning iqtisodimizga transformatsiyasi doim mustamlakachilar tomonidan amalga oshirilgan. Bugun siyosiy mustaqillika erishdik, ammo vaziyt o`zgarmadi. Nega? Chunki, paxta yoki boshqa boyliklarimiz bugun ham xom-oashyo sifatida sotilmoqda, chunki, bunday sotishdan o`n-o`n besh vazir, o`n-o`n besh hokim, o`n-o`n besh mafioz foyda ko`rmoqda, millionlab dollarni shveytsar banklariga qo`ymoqda xalq esa, sovet davridagidan besh battar ahvolda zabunlik va yo'qsillik ichida azob chekmoqda. Xalqni bu safolatdan, iqtisodni bo`hrondan chiqarmoqchi bo’lsak, xom-ashyo sotishdan voz kechib, hayallamay tayyor mahsulot ishlab chiqarishning tamallarini qo`yishimiz lozim. Buninig uchun iqtisodimizning og’ir sanoat va paxta monokulturasi tomon yo’nalgan orientatsiyasini o’zgartirib, uni kichik va o’rta hajmdagi zavod va fabrikalarning qurilishi tomonga burish lozim. Bu kichik va o’rta sanoat korxonalari shahardagi kabi, qishloqlarda ham keng miqyosda qurila boshlashi lozim. Bu zavod va fabrika sohiblariga ilk bosqichda davlat moddiy yordam ko’rsatisht kerak. Ular oyoqqa turib olguncga qadar soliqdan ozod qilinishi va hakozo imtiyozlarga ega bo’lishi lozim.
O`zbekistonda xalq bugun ikki sinfga ajralgandir: ishchi - dehqon va intilligentsiya sinfiga emas, qashshoqlar va boylar sinfiga. Qashshoqlar aholi nufuzining 95 foyizini tashkil qilsa, boylar 5 foyizini tashkil qiladi. O`rta hollar sinfi yoq, o’rta sinf yo’q. Bu ijtimoiy adolatsizlik mavjud istiqrorni muvozanatsiz bir holatga olib keladi va jamiyat doim portlashga hozir bochkaning ustida o`tirgandek yashaydi. Muvozanat - yo`qsillar va boylar o`rtasidagi bo`shlik to`lgandagina vujudga kelishi mumkun. Bu bo`shlikni faqat o`rta hollar sinfi to`ldira oladi. Biz yqorida zikr etgan iqtisod orientatsiyasi, o`rta va kichik korxonalari sohiblarini yetishtiradi. Bu yetishgan o`rtahol insonlar biz qurishni orzu etayotgan demokratik jamiyatning tamali bo`lajakdir, O`rta hollar, siyosiy termin bilan aytsak, o’rta sinf. Bu sinfning kichik fabrikasi yoki do’koni bor, u davlatga faqat soliq to’laydi, qolgan butun daromadi xususiy boyligidir. Bu sinf odamni saylovda sotib olish mumkin emas, bu odamga hech kim “Menga ovoz bermasang, ishdan haydaymiz”, ham deya olmaydi, chunki, ish sohibi uning o’zi. Bu odam moddiy jihatdan davlatga qaram bo’lmagani kabi, alohida shaxsga ham qaram bo’lmagan kishidair. Bu kishi biz ko’rishni orzu qilayotgan hur kishini ibtidosidir. Demak, bu kishi demokratik jamyatning markaziy unsuridir, demokratik ta’minoti va kafolatidir.
Muxbir: Avvalgi yillardagidan farqli o’laroq, 1996 yilning ikkinchi yarmidan boshlab, O’zbekiston hukumati respublikada unga qadar muxolifat va G’arb kuzatuvchilari ta’kidlab kelgan muammolar mavcudligini ochiq tan oldi. Va endilikda O’zbekiston rahbariyati demokratik islohotlarni jadallashtirish, erkin matbuot yratish va uni rag’batlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa shu kabi fundamental o’zgarishlarni amalga oshirish borasida qarori qat’iy ekanini ta’kidlamoqda. Shu paytga qadar O’zbekistondagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida orqaga surilgan bu islohatlar, bugun ayni shu maqsadda oldingi planga o’tmoqda. Ana shunday yangi sharoitda, ya’ni muxolifat va O’zbekiston hukumati o’z oldilariga qo’ygan maqsad va vazifalar kesishgan nuqtada, ularning o’zaro murosaga kelishlari va ushbu mushtarak maqsad yo’lida konstruktiv muloqot, hamda hamkorlik qilishlariga umid bormi?
Muhammad Solih: Sizning savolingiz juda go’zal savol, to’g’rirog’i, unda bayon qilinayotgan ishlar juda ajaoyib ishlar. Agar haqiqatan ham O’zbekistonda demokratik islohotlar oldingi planga o’tgan bo’lsa, O’zbekiston rahbariyati inson huquqlarini himoya qilish kabi fundamental o’zgarishlarni amalga oshirish uchun qat’iy qaror qilgan bo’lsa, bundan ham quvonchliroq narsa bo’lishi mumkinmi? Lekin bu ishlarning boshlanganini bildiradigan birorta belgi, birorta dalil bormi? Boshlanmasa ham, boshlanmoqchi deya umid beruvchi biror harakat bormi, Siz bu harakatni sezayapsizmi? Agar sezgan bo’lsangiz, darrov menga o’xshaganlarga ko’rsating, toki birga quvonaylik, do’ppimizni birga osmonga otaylik.
Ha, agar bu harakatni ko’rsak, agar jamiyatimizning bu halokat nuqtasidan bir qadam nariroq siljiyotganini ko’rsaydik, biz, muxolifat vakillari, buni birinchilardan bo’lib tan olgan bo’lar va hukumat siyosatini qo’llagan bo’lardik. Chunki tinchlik va istiqrorni faqat hukumat emas, biz ham istaymiz. Chunki millatimizga faqat hukumat emas, biz ham yomonni ravo ko’rmaymiz.
Siz, mana, O’zbekiston hukumati 1996 yildan boshlab o’lkadagi mavjud siyosiy muammolarni ochiq tan oldi, dedingiz. Xo’p, tan oldi ham deylik, ammo bu muammolarni yechish uchun u konkret nima ish qildi?
Besh-oltita siyosiy mahbusni ozod qildi, deyishingiz mumkin, lekin bu mahbuslar O’zbekiston prezidentining Amerika safari arafasida ataylab, xo’ja-ko’rsinga ozod qilindi va bu ozodlikka chiqqan mahbuslarning hech biri hanuzgacha haqiqiy ma’noda ozod emas: ular hanuzgacha hokimiyat tarafidan ta’qib qilinmoqda. Ularning hammasi ishsiz va yashab turgan joyini tark etish huquqidan mahrumdirlar. Masalan, mening ukam Rashid Begjon turmadan chiqqaniga 8 oy bo’ldi, unga hanuzgacha pasport berilgani yo’q. Agar pasport bersalar ham, unga viloyatdan chiqish izni berilmasligi aniq.
O’sha qo’shtirnoq ichida ozod qilingan siyosiy mahbuslardan Safar Bekjon yaqinda xavfsizlik xodimlari tarafidan vahshiylarcha kaltaklandi. Ozod qilingan siyosiy mahbus Mamadali Mahmudning izida hamdoim odam bor va hokazo.
Siyosiy muxolifatning umumiy ahvoliga kelsak, muxolif partiyalardan hech biri va bu partiyalarning hech bir a’zosi ochiq faoliyat ko’rsatayotgani yo’q. Ular 1992 yil ta’qiqlangan va shu ta’qiqlanganicha turibdi.
Siz erkin matbuot yaratish va uni rag’batlantirish xususida O’zbekiston rahbariyati bir ish qilmoqchi, dedingiz. Bugun tashqarida bosilib, O’zbekistonga olib kirilayotgan muxolifat nashrlari O’zbekistonning o’zida bosulmaguncha, bizda erkin matbuot bo’lmaydi. Hur fikr senzura qilinar ekan, hur fikrni aytgan shaxs ta’qib qilinar ekan, erkin matbuot haqida gapirish aslo mumkin emas.
Xabaringiz bo’lsa kerak, O’zbekistonda davlatga oid bo’lgan yana bir gazeta tashkil qilindi. Unga ”Hurriyat” deya juda go’zal nom qo’yishibdi. Uning tagiga ”mustaqil gazeta” deb yozilgani esa, odamni ham kuldiradi, ham yig’latadi. Mayli, bu gazetani tanqid qilmaylik – yaxshi niyat yorti mol, deydilar. Bu "hurriyat" so’zini o’qib, bu ”mustaqil gazeta” iborasini o’qib, farishtalar omin deb yuborsa, ne ajab? Omin desalar, bas, biz hurriyatga ham, gazetalarning mustaqilligiga ham darrov erishamiz, inshoOlloh.
Endi hukumat bilan muxolifatning muhtamal hamkorligiga kelaylik. Agar hukumat suhbatimiz boshida orzu qilingan shaklda o’zgarish yasasa, bunday hukumat bilan muloqot qilish biz uchun uyat emas, sharaf bo’lar edi. Bunday hukumat siyosatini qo’llab-quvvatlash bizning vatanparvarlik burchimiz va fuqarolik vazifamiz bo’lardi. Agar mo”jiza yuz berib, bu o’zgarishlar boshlansa edi, biz kabilar Frankfurtda emas, Toshkentga javlon urib, o’z millatiga xizmat qilgan bo’lar va bundan baxtiyor bo’lardi.
Muxbir: Hukumat va muxolifat munosabatidan, muxolifat ichidagi vaziyatga o’tsak.
Siz 1992 yilda tashkil etilgan va o’z oldiga O’zbekistondagi demokratik kuchlarni birlashtirishni maqsad qilib qo’ygan ”O’zbekiston Demokratik Forumi” tashabbuskori va uning raisi edingiz. O’shanda, Forum o’z maqsadiga oxirigacha erisha olmadi va O’zbekiston demokratik kuchlari, afsuski, birlashish emas, balki ajralish, ichdan bo’linish yo’lidan ketdi. O’tgandagi xatolarni sarhisob qilib, bugun yana shu vazifani kun tartibiga qo’yish payti kelmadimikin? Va agar bugun ana shu harakat qayta boshlansa, uning o’tgandagidan farqli natija berishiga ishonasizmi? Yo’q bolsa, nega?
Muhammad Solih: 1992 yilda tuzilgan ”Demokratik kuchlar Forumi”ni tashkil qilgan tamal, ta’bir joyiz bo’lsa, uning umurtqa pog’onasi, bugun ham hayotiy faoliyatini davom etmoqda. O’sha paytda Forumga kirgan tashkilotlrning deyarli hammasi bilan aloqamiz davom etmoqda.
Demokratik Forum siyosiy muxolifatning jumhuriyat iqtisodini rivojlantirish programmasi ustida ish boshlagan edi. Bu programmani tayyorlash uchun 27 ta yuksak malakali iqtisodchi professionallar, fan doktorlari jalb qilingan edi. Olimlarimiz g’ayrat va ilhom bilan ish boshladilar. Bu odamla ”ERK” Partiyasi a’zosi emasdilar. Ular o’z millati va mamlakatiga xizmat qilish uchun qulay iqlim, ijodiy atmosfera axtarib yurgan ziyolilar edi va bu iqlim atmosferini bizning tashkilotda ko’rdilar va bizning programmamizni qabul qildilar. Boshlangan bu ish hukumat doiralarini qo’rqitdi. Nega qo’rqitganini hanuz tushinolmayman. Har holda, Demokratik Forumning 1992 yil aprel oyida o’tgan ikkinchi majlisidan keyin ”ERK” Partiyasiga qarshi repressiv siyosat ochiqchasiga yuritila boshladi va siz aytgandek, Demokratik Forum o’z maqsadiga erisha olmadi. Bu nuqtada shuni ham aytish lozimki, Demokratik Forum faqat muxolifatni birlashtirishni o’z oldiga vazifa qilib qo’ygani yo’q edi. Bu birlashgan kuchlar ayni zamonda mamlakat rivojiga o’zining alternativ g’oyalari bilan yordam berishga qodir siyosiy guruh ekanini ham isbot qilishi kerak edi. Afsuski, buni isbot qilishga ulgurmadik. Lekin O’zbekistonda siyosiy vaziyat biroz yumshasa bas, bu kuchlar bir zumda to’planajak va ishni qolgan yeridan davom ettirajakdir.
Muxbir: Bugun O’zbekiston hukumati va muxolifati bir narsani – respublikada demokratik, erkin jamiyat qurish g’oyasini ta’kidlayotgan ayni paytda, o’z nomidan ”tarixlar to’qilib, hukmlar o’qilayotgan” xalqning bularga munosabati noayon. Demokratiya ”olabo’ji” qilib ko’rsatilganda ham u ”miq” etmadi (deyarli!) va bugun buning aksi gapirila boshlaganda ham, u jim. O’z taqdiriga ana shunday loqayd va ma’suliyatsiz bir xalq bilan biror jiddiy o’zgarishlar qilish mumkinligiga ishonasizmi? Yoki O’zbekiston taqdiri uni boshqaradiganlarning insofiga bog’liq bo’lib qolaveradimi?
Muhammad Solih: Xalqning o’z taqdiriga loqaydliginng sabablari, albatta, ko’p. Bu sabablarning eng muhim ikkitasini ko’rsatish mumkin. Birinchisi, moddiy sababdir. Qorni och odam o’zining insoniy qadr-qimmatini emas, och qornini to’yg’azishni o’ylaydi. Bu, afsuski, achhiq haqiqatdir.
Loqaydlikning ikkinchi muhim sababi, ma’naviy sababdir. Xalqimiz 100 yil davomida e’tiqodsizlikka o’rgatildi, ongiga ateizm singdirildi. Ollohga inonmagan inson moddiy qiyinchiliklarga tahammul etolmaydi, sabr qilolmaydi, o’z insoniy g’ururini toptash hisobiga bo’lsa ham, tezroq qornini to’yg’ozishga harakat qiladi.
Demak, xalqning ijtimoiy faolligi, birinchidan, uning iymoniga, ikkinchidan, iqtisodiy ahvoliga bog’liq ekan. Yetishib kelayotgan avloq shu perspektivada tarbiyalanishi lozim. O’shanda biz o’z taqdiriga loyiq xalq kategoriyasidan chiqib, shuurli va kuchli millat saviyasiga yuksalishimiz mumkin. Olloh hammamizni bu kunlarni ko’rishni nasib etsin.(22.01.1997)


QAYTISH HAQIDA
(“Ozodlik” radiosi savollariga javob)


Bugun O’zbekiston’dan tashqarida yashayotgan va “muxolifatchilar” deb atalayotgan kishilardan hech biri o’z istagi bilan vatanni tark etgani yo’q. Ularning hammasi mavjud siyosiy tuzum tomonidan o’lkadan chiqib ketishga majbur qilinganlar. Albatta, ularning hammasi der ekan, buni istisnoli qabul etmoq lozim. Masalan, bizning ichimizda yurib, hukumat topshirig’ini bajarayotgan gizli kimsalar ham yo’q emas. Ular muxolifatni ichidan yemirish uchun yolg’on va fisqu-fasod to’qib, bu to’qilgan materyalni har xil nashrlar vositasida O’zbekiston jamoatchiligi orasida yoyishga harakat qilib keldi. Bu odamlarni bugun Prezident Karimov O’zbekistonga qaytishga da’vat qilmoqda. Chunki karimov muxolifatni yetarli darajada parchaladim deb o’ylaydi va yanglishadi. Ammo bular ko’pchilik emas. Ko’pchilik o’z vatanini sevgan, surgun hayotni butun qiyinchiliklarga qaramay, o’z e’tiqodidan voz kechmagan va bu yo’lda qo’ldan kelgancha xizmat qilayotgan insonlardir. Hech shubhasiz, bu kishilarning hammasi vataniga qaytishni istaydi. Ular hukumat gazetalari yozayotgandek, “Ovruponing restoranlarda aysh-ishrat qilishni emas”, o’zining yo’qsil o’lkasiga qaytib, yo’qsillar qatorida yashashni, va bu mamlakatni yo’qsillikdan qutqarish uchun xizmat qilishni istaydi.
Mening shaxsimga keladigan bo’lsak, vatanga qaytib borish mening shaxsiy ishim emas. Bunga men mansub bo’lgan siyosiy tashkilot qaror berishi kerak. Bu qaror berilgani yo’q, chunki O’zbekistonda siyosiy vaziyat o’zgargani yo’q. Ba’zi niqob kiygan muxolifatchilarni O’zbvekistonda siyosiy vaziyat yumshadi, degan tashviqotlari haqiqatdan uzoqdir.
O’zbekistonda “siyosiy vaziyat yumshagani”ni ayg’oqchi laganbardorlar emas, hukumatning o’zi rasmiy ravishda e’lon qilishi lozim. E’lon qilibgina qolmay, amalda isbotlashi lozim. Ya’niy, ta’qiqlangan siyosiy partiyalar faoliyati qonun asosida tiklansa, siyosiy mahbuslar ozod qilinsa va oqlansa, mustaqil matbuot va so’z erkinligi ta’minoti kabi boshqa demokratik tadbirlar olina boshlasa, siyosiy vaziyatning o’zgarganiga ishonish mumkin. U kuni vatanga qaytishdan bizni hech kim, hech narsa to’xtatolmaydi.(26.01.1997, Istanbul)


UMID SASI


Xalqimiz tarixida og’ir, fojeviy onlar juda ko’p bo’lgan. Qurg’oqchilik, ocharchilik, dushman istilosi yoki boshqa keng miqyosli ofatlar qarshisida millatimiz o’zligini aslo yo’qotmagan, bashariy qiyofasini doim saqlab qola olgan. Chunki, bunday ekstremal onlarda, og’ir zamonlarda bu xalq o’zining nima uchun yaratilganini odatdagidan tezroq anglab, sajdaga kelgandir.
Bugun ham millatimiz bir ofat dardi yashamoqda. Biz bir ijtimoiy tuzum yiqilib, o’rniga yangisi qurilmagan bir paytda, jamiyatni qonun emas, zo’ravonlik boshqarayotgan bir paytda yashamoqdamiz. O’g’irlik va poraxo’rlik qonuniy mashg’ulot holiga kelib, halollik va adolat kulgili va ayanchli iboralarga aylangan bir zamonda, johillarga hurmat ko’rsatilib, oqillarga tuhmat qilinayotgan bir zamonda yashamoqdamiz. Yuzlarcha insonlar och qolgan oilasini boqish uchun bir parcha non topolmay, o’z joniga qasd qilayotgan bir paytda, millatimizning aziz farzandlari yana o’sha parcha non uchun, o’z nomusini, o’z vujudini o’g’ri va muttahamlarga pullayotgan kunlarda yashamoqdamiz.
Shunday bir paytda besh-olti kishini boshi sajdaga kelgan bo’sa, nega ajablanasiz? Shunday bir soatda bu besh-olti kishi zolim muttahamga emas, olamlarni yaratgan Tangriga bosh egar ekan, bundan nechun xafa bo’lasiz? Bundan quvoning, chunki, bu jamiyat o’sha besh-olti kishining imoni evaziga hali ham jamiyat o’laroq oyoqda turibdi.
Agar bu jamiyat shuncha buzuqlik va fuhushdan so’ngra ham insonlar jamiyat o’laroq qolgan bo’lsa, vahshiy olomonga aylanmagan bo’lsa, bu sizning dono siyosatingiz oqibati emas, o’sha siz xor va haqir ko’rgan bir hovush musulmonning e’tiqodi va iltijoli duolari oqibatidir. Ayollar boshidan ro’mollarni yulib olish, masjidlarni yiqish, din arboblarini quvg’in qilish kabi voqealarni birinchi marta ko’rayotganimiz yo’q. Va bu zo’ravonlik boshida turganlarning sharmandayu-sharmisor bo’lib ketganini ham ko’rganmiz. Bundan 12 yil avval, 1985 yil yanvar oyida bir guruh shoirlar o’sha paytning MQ sekretari Abdullayevaning din va madaniyatimizga qarshi siyosatiga norozilik bildirib, Politbyuroga maktub yozgan edi. Buning foydasi bo’ldimi-yo’qmi, buning hakamligini tarix qilsin, ammo bu maktub o’sha paytda jumhuriyatdagi fikir odamlari ichida ijobiy bir aks-sado bo’lgani esimda. Bu maktubdan so’ngra bizga tazyiq kuchaydi, ammo shu bilan bir qatorda, bizning o’z kuchumizga bo’lgan ishonch ham kuchaygan edi. Men ishonamanki, O’zbekistonda din odamlariga qarshi o’tkazilayotgan bugungi repressiya ham xalq tarafidan o’z javobini oladi.
28 yanvarda ”Ozodlik” radiosida chiqib gapirgan vatandoshlarimizning sasi shu umidni tug’diradi. Faqat o’zlarini diniy liderlikka davogar deb bilgan shaxslarning sukunati bizni andishalantirayapti. Ular zulm qarshisida jimlikni davom ettirmoqdalar va buni hech qanday bahona bilan has-po’shlab bo’lmaydi.(29.01.1997, Istanbul)


SAROSIMAGA TUSHGANLAR HAQIDA


Siyosiy kurashni uzoq masofali marafon yugurishiga qiyos qiladilar. Menimcha, bu qiyos to’g’ri qiyosdir. O’n, yuz, beshyuz kilometrlik masofaga chopish uchun sportchi, eng avvalo, to’g’ri nafas olishni bilishi kerak. Buni bilmagan kishi musoboqaga qo’shilmagani ma’qul. Bugun men siyosiy muxolifat komandasida (taqimida) chopayotgan birodarlarimga qarab, ularning saflari anchagina siyraklashib qolganini ko’rmoqdaman. Kecha yonma-yon, yelkama-yelka yugurayotgan ba’zi do’stlar nafas olsih san’atini bilmaganidan, yo’lning yarmidan musoboqani tark etdilar. Ularning ba’zilari bugun hukumat taqimiga (komandasiga) qo’shilganlar. U yerda chopishning keragi yo’q, u yerda hamma mashinada yuradi.
Chopar ekan, to’g’ri nafas olayotganlarning soni unchalik ko’p emas, ammo sifati yaxshi. Buni hukumatning tazyiq-ta’qibiga qaramay, mujodalasini davom ettirayotgan do’stlarmiz isbot qilmoqda. Ammo saflarimiz siyraklashdi, deya sarosimaga tushayotganlar ham oramizda yo’q emas. Bundan bir oy muqaddam bu sarosimaga tushganlardan biri “Ozodlik”dan gapirgan edi. Kuni-kecha yana bittasi chiqib gapirdi. Bu odamlarning ruhiy holatini men yaxshi tushunaman va ularga chin ko’ngildan hamdard bo’lgim keladi. Bu odamlar, tabiiyki, muxolifat saflariga ma’lum maqsadlar bilan kirgan va bu ularning haqqidir. Ammo siyosiy vaziyat ular kutganchalik qulay bo’lavermadi va muxolifat kutulmagan mashaqqatlarga duch kela boshladi. Muxolifatga go’zal umidlar bilan kirgan bu do’stlarimiz o’zining tanlagan yo’lidan shubhalana boshladilar. Ular doim mo’jiza kutishdi va hukumat birdaniga qulaydi, biz orzumizga erishamiz deb o’yladilar. Hukumat ham qulayvermadi, ammo do’stlarimizning ichidagi e’tiqod qulay boshladi. Bu sarosimaga tushganlar endi vatanga qaytish haqida o’ylamoqdalar. Ular o’z nutqlari bilan vatanga qaytish yo’llarini “trambovka” qilayaptilar. Vatanga qaytish uchun mavjud hokimiyatning ko’nglini olishga intilmoqdalar. Buning yagona yo‘li muxolifatni yerga urib, hukumatni ko’kka ko’tarishdir. Bu ishni albatta, muxolifat ichida turib bajarish qiyin, shuning uchun ham tanqidchilar go’yo muxolifat uchun qayg’urayotgan bo’lib, yig’loqi ohangda gapiradilar. Bunday motamsaro nutqlar o’sha yuqorida aytganimiz marafon yugurishidan o’larday charchagan zavollilar og’zidan chiqmoqda. Ular bugun siyosatga aralashganlaridan ming pushaymon, ammo birdaniga “men bu yo’ldan qaytdim,’ deyishga ham uyaladilar. Bu arosatda turib, jahli chiqadi va butun alamini o’zi bir paytlar mansub bo’lgan muxolifatdan oladi.
Bu arosatdagilar yana eski, almisoqdan qolgan bir iddao bilan o’rtaga chiqadi. Go’yo “ERK” Partiyasi rahbari muxolifatning birlashuviga qarshi emish. Bu almisoqdan qolgan va hammaning joniga tekkan iddao. ”ERK” rahbarlari doim milliy birlik tarafdori bo’lgan va 1990 yildayoq nafaqat muxolifat ichida birlik, balki, hukumat bilan ham konstruktiv muloqot tarafdori bo’lgan. Bizni hozir tanqid qilayotgan arosatdagilar oshanda bizni hukumatga sotilganlikda ayblagan edilar. Bugun ularning aytishicha, o’sha paytda muloqot qilish to’g’ri yo’l bo’lgan ekan.
Bu shavvozlar 1990 yilda nisbatan liberal bir siyosiy vaziyatda, xalq ko’chaga chiqib miting qilishi mumkin bo’lgan paytda, olomonning kuchidan mast bo’lib, radikal shiorlarni ko’targan va hukumat bilan hech qanday murosa bo’lishi mumkin emas, deya hayqirgan edilar. Bugun, o'ziga bir oz zo'r tushganda, darrov murosa haqida sayray boshladilar. Hatto o’zlari murasasoz deb atagan ”ERK” Partiyasi ham ularga bugun ortiqcha radikal bo’lib ko’rina boshladi. G’aroyib transformatsiyani ko’rib, inson hayratga tushadi.
”ERK” Partiyasi doim muloqot va murosa tarafdori bo’lgan. Hayqirib turgan olomonga hukumat bilan murosa kalimasi yoqmagan paytda ham biz murosa tarafdori edik. Ammo ayni zamonda e’tiqodimizdan bir soniya ham voz kechmaganmiz. Bugun ham murosa tarafdorimiz, ammo murosa e’tiqoddan voz kechish evaziga bo’lsa, biz uni rad qilamiz. Bizning boshqa siyosiy tashkilotlardan farqimiz ham shu. Bugun murosani rad qilish 1990 yil murosani rad qilishdan osmon bilan yercha farq qiladi. 1990 yil murosani rad qilish oson edi, hatto murosani rad qilganlar qahramon sanalardi, bugun esa, murosani rad qilish o’jarlik yoki nari borsa, uzoqni ko’rolmaslik siyosati deya baholanishi mumkin. Lekin qarang, 1990 yil murosaga qarshi baqirgan qahramonlar bugun vatanga qaytaylik, deya yig’lamoqdalar, hukumatga yaxshi ko’rinish uchun muxolifatning qolgan qismi qismiga tosh otmoqdalar, ammo bu muxolifatning qolgan qismi xuddi 1990 yildagiday, balki, undan ham sobitroq bir inonch bilan o’z mujodalasini davom ettirmoqdalar. Buning siri, buning asrori iymondandir. Iymon Ollohu taoloning bir ne’matidir, uni hohlaganiga beradi. Shu ma’noda, bu so’zlarim bilan hech kimni tarbiyalamoqchi emasman, chunki, tarbiya faqat Ollohdandir.
Siyosiy muxolifat, haqiqatan ham, mavjud hokimiyatga muqobil, yanada o’zbekcha aytsak, mavjud hukumatni almashtirishga mo’ljallangan, uning o’rniga o’tirib, davlatni boshqarib ketish uchun tashkil qilingan bir tashkilotdir. Agar bunga tayyor bo’lmagan va buni ko’zlamagan muxolif tashkilot bo’lsa, uning siyosiy muxolifatga hech qanday aloqasi yo’q.
Tunov kuni radioda gapirgan do’stimizning “biz hukumatga alternativ emasmiz”, deganiga hayron qoldim. Alternativ bo’lmasangiz muxolifat ichida nima qilib yuribsiz? Siyosiy muxolifat siyosiy hokimiyatga doim alternativdir va uning boshqa hech qanday mohiyati yo’q. “ERK” Partiyasi 1991 yil prezidentlik saylovlarida 1 million 225 ming kishining ovozini oldi. Bu raqam hukumatning saylovda ko’rsatgan butun soxtakorliklaridan keyin qolgan raqam. Aslida, ”ERK” Partiyasining bundan 3 karra ko’proq ovoz olgani haqida taxminlar bor.
Xosh, shu millionlarning ovozini olgan bir partiya nega o’zini mavjud hukumatga muqobil ko’rmasligi kerak? Agar O’zbekistonda demokratik bir saylov bo’lsa, bu partiya saylovchilarning 1 millioni emas, 5-6 millionining ovozini olmaydi, deb ayta olasizmi?
”ERK” Partiyasi 1991 yil mavjud hokimiyatga naqadar alternativ bo’lsa, bugun ham shu qadar, hatto undan ham ko’proq alternativdir. Chunki o’tgan olti yil ichida xalqimiz bu hukumatning ijroatini ko’rdi, uning mamlakatga moddiy va ma’naviy qashshoqlikdan boshqa hech narsa olib kelmaganligini ko’rdi. O’zbekiston prezidentini Amerika rahbari klinton qabul qilganini hukumatning muvaffaqiyati qilib ko’rsatishga qancha urunmasin, bundan xalqning qorni to’yayotgani yo’q.
Shuni g’urur bilan aytishim kerak-ki, o’tgan olti yil ichida ”ERK” Partiyasi aql bovar qilmas siyosiy tajribaga erishdi. Aql bovar qilmas tazyiq va quvg’inlar bizning safimizda qolishga jur’at etgan har bir shaxsning zakosini o’tkirlashtirdi, e’tiqodini mustahkamladi, irodasini tobladi.
Safimiz biroz siyraklashdi, ammo bu saflarning matonati ikki karra yuksaldi. Shunday ekan, hokimiyatga alternativ bo’lishdan nega qo’rqaylik?
Bizning tashkilot a’zolarining soni 1993 yilda 54 ming edi, bugun tazyiqdan charchagan 1-2 ming kishi tashkilotdan chiqishga majbur bo’lgan bo’lishi mumkin. Ammo tashkilotga a’zo bo’lmagan, lekin saylovda bizga ovoz bergan millionlar ham bizning safimizdadir. Ularning qudratini biz har doim his qilib turamiz va bu qudrat hissi bizga doim madad bergan, bugun bizni oyoqda tutib turgan narsa ham o’sha qudrat hissidir.(30.01.1997)


SASSIZ HAYQIRIQ


Totalitar davlatlarni istisno qilsak, dunyoning hech bir yerida badiiy adabiyot va san’atni davlat targ’ib qilmaydi. Sovet davlati totalitar edi va badiiy adabiyot uning mafkurasining muhim qurollaridan biri edi, shuning uchun ham kitob bosish, uni sotish, yozuvchiga qalam haqqi to’lash, hatto unga mukofot berishni ham davlat o’z zimmasiga olgandi. Bu sistema O’zbekistonda bugun ham saqlanib qolgan. Bosilayotgan kitoblarning birinchi sahifasida muhaqqaq ravishda rahbarlarga hamdu-sano aytiladi yoki ulardan ko’chirma keltiriladi va shundan keyingina mavzuga o’tiladi. Bunday chig’iriqdan o’tgan kitoblarga albatta biror bir mukofot yoki sovrin ertami-kech topshiriladi. Hatto shuni aytish mumkin, bugun O’zbekistonda kitobi bosilayotgan va biror bir mukofot olmagan biror bir yozuvchi yoki shoirni topish qiyin bo’lsa kerak. Mukofotga bulg’anmagan odam kam qoldi.
San’at sohasida ham shunday. Xuddi sovet davridagiday, haqiqiy san’atkorlar emas, laganbardor maddohlar shohsupaga chiqarilmoqda. Aslida, bu normaldir. Ayniqsa, totalitar sistemada normal bir holdir.
Yaqinda mashhur kinorejisyor va rassom Rustam Hamdamov Rusiya Federatsiyasining mukofoti bilan taqdirlandi. Bu odam 70-80- yillarda ham san’at olamida xuddi bugungiday mashhur edi, ammo o’zbek rahbarlar o’sha paytda ham, bugun ham Rustam Hamdamov kabi noyob iste’dod egalariga loqayd qarab kelgan va shunday qarashda davom etmoqda.
Aslida o’z mustaqilligiga yaqinda erishgan bizning yosh davlatimiz kabi davlat o’zining milliy mafkurasini maddoh pigmeylar emas, kuchli san’atkorlar yordami bilan xalq o’rtasida yoyishi mumkin.
Iqtisodiy tamal kabi, siyosiy tamal kabi, ma’naviy tamal ham mustahkam qo’yilishi kerak. Bu tamal faqat Temur merosini o’rganish va uni propaganda qilishdan tashkil topmasligi kerak. Bu tamalga zamonaviy ruh bilan va kelajak ruhi bilan yo’g’rilgan estetik zehniyatni royobga chiaradigan badiiy va san’at asarlarini ham qo’yish kerak. Shunday asarlarni targ’ib qilish va ularni yozganlarni rag’batlantirish lozim.
Lekin bunday asarlarni yuzaga keltirish uchun insonga so’z va tushuncha erkinligi lozim, demak, eng avvalo O’zbekistonda senzura bekor qilinishi lozim ekan. Adabiyotga qarshi, san’atga qarshi senzura bekor qilinishi kerak. Haqiqiy shoirlar va yozuvchilar, haqiqiy rassom va kinochilar bugun sassiz hayqirmoqdalar: lutfan, bizga mukofot bermang, bizga bitta erkinlik bering, so’z erkinligi, tushuncha erkinligi, g’oya erkinligi bering, bizga shuning o’zi buyuk mukofot, deya hayqirmoqdalar.
Bu hayqiriqqa rahbarlar quloq solsa, o’ziga foyda qilgan bo’ladi.(20.02.1997)


ZIYO BUNYODOV


Ziyo Bunyodov vafot qilibdi, Olloh rahmat aylasin, joyi jannatda bo’lsin. Bu zot sobiq sovet turkologiyasining ko’zga ko’ringan siymolaridan edi. Ziyo Bunyodov Ozarboyjondagi nosog’lom siyosiy muhit qurboni bo’ldi. Bu inson nomusli bir shaxs edi, to’g’ri so’zli va jasur odam edi. Uning jasoratidan va to’g’ri so’zidan qo’rqqanlar unga o’q uzdilar.
Sizga ma’lumki, sovet davlati mafkurasi turk xalqlarini tarixiy shuurdan mahrum qilish uchun uzoq mujodala qildi, bu xalqlar tarixini buzib ko’rsatdi yoki uni ko’zdan yashirishga urindi. Bunga qarshi bizning olimlarimiz o’ziga xos bir shaklda kurash olib borishdi. O’zbekistonda akademik Ibrohim Mo’minov, professor Ergash Rustamov, professor Hamid Sulaymon kabi olimlar faoliyati bu kurashning o’rnagidir. Ular original asarlar yozishdan ko’proq mavjud tarixiy qo’lyozma yoki inqilobdan avval bosilgan ilmiy asarlarga ma’nodor sharhlar yozardilar va shu yo’l bilan bizning shuurimizni oydinlatib turdilar.
70-yillarda ozarboyjonlik olimimiz Ziyo Bunyodov ham arabchadan tarjima qilgan “Jaloliddin Manguberdi hayoti” haqidagi kitobi va o’zi yozgan “Xorazmshohlar tarixi” asari bilan turk jumhuriyatlarida juda mashhur bo’lgan edi.
Ziyo Bunyodov, ayni paytda masalaga turk dunyosidagi ba’zi olimlar kabi tor va mahdud perspektivadan qaramas edi. U turk xalqlarining umum manfaatlarini qavmchilikdan, mahalliychilikdan ustsn qo’ygan va turk xalqlarining o’rtoq taqdiriga ishongan sog’lom ruhli, tiyrak ko’zli alloma edi.
Olloh uning ruhini shod qilsin.(22. 02. 1997)
ESKI MUXOLIF – YANGI MADDOH
Yaqinda “Ozodlik” radiosining o’zbek tilidagi eshittirishlaridan birida O’zbekistonda inson huquqlarini himoya qiluvchi qo’mita nomidan bir shaxs jumhuriyatda inson huquqlariga munosabat tobora yaxshilanib borayotganini gapirdi. Bu bayonot haqiqatga xilofdir. Bu bayonot O’zbekistondagi repressiv siyosatni oqlashga urinishdir. Bunday baho O’zbekiston turmalarida azob chekayotgan ko’plab siysoy mahbus va din arboblari taqdirini mensimaslikdir.
Bugun O’zbekiston qamoqxonalarida siyosiy va diniy e’tiqodi sabablardan 50 dan ziyod kishi o’tiribdi. Shular ichida Murod Jo’rayev, Samandar Qo’qonov kabi xalq deputatlari, Muhammad Rajab, Obidxon Qori, Abdurauf Qori kabi din arboblari bor. Bundan tashqari Abdulla O’tayev va Abduvali Qori kabi diniy liderlarning qamalgandan beri hech kim ko’rgani yo’q, ularning hozirda tirikligi ham shubha ostida qolayapti. Bu insonlarning qarindoshlari davlat idoralariga tinmasdan qatnab, iltijo qilsalar-da, mahbuslarning o’lik-tirikligi aytilmayapti.
Siyosiy mahbuslar qamoqxonalar ma’muriyati tarafidan eng tuban muomala ko’ruvchi guruh holiga tushirilgan. Ularning ko’pchiligi xasta, ammo so’nggi damgacha ularga tibbiy yordam ko’rsatilmaydi. Qamoqxonalarda odam ko’pligidan bitta mahbus o’rniga 3 ta mahbus to’g’ri kelmoqda va O’zbekistonda sanitariya normalariga javob beradigan birorta zona yo’q. Bayram kunlari siyosiy mahbuslarning istisnosiz hammasi ShIZOga (jazo kamerasiga) tashlanadilar va qiynoqqa solinadilar. Bu oshkora zulm va zo’ravonlikni hech kim taftish qilolmaydi, xalqaro tashkilotlar u yoqda tursin, hatto qarindoshlari ham siysoiy mahbuslardan xabar ololmaydilar.
Ahvol shunday ekan, buni ko’rmaslikka olish vijdonsizlikdir. Shunday vijdonsizlikni oldindan ko’rib bo’lsa kerak, 1996 yil noyabr oyida inson huquqlarini himoya qilish qo’mitasi boshqaruvidan 6 kishi chiqib ketgan edi. Ularning bu haqdagi bayonoti ”Ekspress xronika” gazetasining 26 noyabr sonida bosildi. Bayonotga Mixail Arzinov, Abdulla Hayitboyev, Yodgor Obid, Polina Braunerg, Safar Bekjonlar imzo chekkan. Demoqchimanki, boshqaruvdan shuncha kishi chiqib ketgandan so’ng bu tashkilotning mashruligi (legitimligi) qoladimi?
O’zini ”O’zbekiston muxolifatining koordinatsion markazi” deb hisoblayotgan o’rtoqlar inson huquqlari to’g'risidagi haqiqatga xilof bayonotlarga nega javob bermayapti? Javob bermayapti, chunki, bu ”koopdrinatsion markaz” inson huquqlari uchun emas, o’zining shaxsiy va mahalliy manfaatlari uchun kurashayapti. Bu odamlar o’zini muxolifatchi deb ataydi, lekin hukumatga qarshi emas, ”ERK” Partiyasiga qarshi kurashayapti. O’sha ”koordinatsion markaz” nashri bo’lgan “Harakat” jurnali, mana, qo’limda. Bu jurnal materiyallarining eng muhum qismi kaminaga qarshi qaratilgan. Bu materiyallar boshdan-oyoq yolg’on va tuhmatga qurilgan. Shuning uchun bo’lsa kerak, ”Harakat” deb atalgan bu jurnal O’zbekistonda bemalol tarqatilayapti, hatto hukumat organlari tomonidan ko’paytirilib berilayapti. Zotan, muxolifatni ichidan yemirish xavfsizlik organlarining eski taktikasidir. ”Harakat” va ”Birlik” degan ig’vo to’la nashrlarni chiqarayotgan kimsalarni O’zbekiston Prezidenti allaqachon vatanga qaytishiga ruxsat bergan, lekin ular qaytishmayapti. Sababini taxmin qilish mumkin: hali ”erk”chilarga qarshi kurashda tepadan olgan vazifalarini to’la bajarib bo’lganlari yo’q.
Men bu tu’hmat va ig’voning koordinatsion markaziga bir jumla bilan javob beraman: Ollohdan qo’rqing, o’rtoq kommunistlar. Siz barrikadaning qaysi tarafida bo’lmang, hoh muxolifatda, hoh hukumatda, sizning tabiatingiz o’zgarmaydi. Siz hukumatda ham, muxolifatda ham o’z manfaatingiz uchun har narsani qurbon qilishga tayyorsiz. Ortiq buni xalq anglab yetdi. Endi uning boshini qotirmang, ig’voni to’xtatib, maydonni bo’shating.(19.03.1997)


ISTANBULDA JUMA


Istanbul tashqaridan qaraganda etnik va madaniy jihatdan kosmopolit bir shahar bo’lib ko’rinadi va bu xususiyatni shaharga har kuni oqib kelayotgan turistlar yanada bo’rttirib ko’rsatadi. Ayniqsa, Istanbulning savdo markazlari joylashgan ko’cha va tor so’qoqlari sizga qadimgi Bobilni eslatadi. Bu yerda turli liboslarga burkangan olomon to’lqin-to’lqin oqar ekan, qulog’ingizga chalingan uzuq-yuluq ibora va baqiriq-chaqiriqlar ham xuddi liboslar kabi rang-barang ekanligini sezasiz. Bu shovqin-suron yana radio, magnitafon va yoki televizor sotuvchilar tarafidan reklama qilinayotgan yangi qo’shiqlar bilan aralashib, bir dev bastakor chalayotgan abstrakt musiqa misol Istanbul uzra yuksaladi. Go’yo bu shovqin-suronni to’xtatadigan kuch yo’qday, go’yo insonlarning dunyo ne’matlariga bo’lgan hirs va ehtirosidan boshqa hech narsa yo’qday, go’yo butun dunyo tijorat bilan mashg’ul, har narsani sotib olish mumkin va har narsani sotish mumkin, pul bo’lsa, bas. ”Pul bo’lsa, bas” degan hayqiriq bu olomonning shioridir go’yo.
Lekin birdan, kutilmaganda, daf’atan bu hirs dunyosining shovqin-suroni taqqa to’xtaydi. To’xtaydi emas, shartta kesiladi. Chunki, Istanbulning yuksak manzaralaridan azon sasi eshitiladi. Azon yuksalar ekan, bir-biriga baqirayotgan odamlar darrov jim bo’ladilar, do’konlardan chiqayotgan muzika va qo’shiq sadolari darrov o’chadi, hatto Istiqlol jaddasidan (Istiqlol jaddasi – Istanbulning markazidagi eng gavjum ko’cha) “g’yqillab” borayotgan antiqa tramvay ham g’iyqillashdan to’xtab, relslarda damini ichiga yutib ketaboshlaydi, yoki shunday ketayotganday tuyuladi.
Azon boshlandimi, bu bir necha soniyaga jimigan Istanbulda bir sassiz talosh boshlanadi.
Xususan, siz musulmon bo’lsangiz, xususan kun juma kuni bo’lsa, azon yangray boshlagan paytda siz atrofga olazarak boqib, eng yaqin jome yoki masjidni axtara boshlaysiz. Istanbulda jomelar shunday ko’pki, azonni eshitgan paytdayoq chopsangiz, muhaqqaq biror jomega yetib borasiz. Istanbulda jomelar shu qadar yetarliki, siz juma namoziga “yetib kelolmadim, kechikdim” deb bahona topolmaysiz. Juma namoziga azon boshlanar ekan, ko’chalarda, so’qoqlarda yugurayotgan odamlarni ko’rasiz. Ular juda zarur ishlarini tashlab, hisob-kitoblarini to’xtatib, foyda-zararini chetga surib, namozga shoshayotgan odamlardir. Ular bir-necha daqiqaga o’z hirsidan, o’z nafsoniyatidan voz kechishga kuch topa olgan qahramonlardir. Ular bir-necha soniya, juda oz muddatga bo’lsa ham, g’iybatdan, fisqu-fasoddan, yolg’ondan va tuhmatdan uzoq bo’lishga qaror qilgan qarorli insonlardir. Azonni eshitib chopayotgan bu insonlar qo’rqqan insonlardir. Boyligini yo’qotishdan qo’rqqanlar emas, o’z dushmanidan qo’rqqanlar emas, ko’chadagi itdan yoki qaroqchidan qo’rqqanlar emas, g’animlarining tuhmatidan qo’rqqanlar emas, bu chopayotgan insonlar Ollohdan, yolg’iz Ollohdan qo’rqqan insonlardir. Bu chopayotgan insonlar haqiqiy qullardir. O’z boyligining quli emas, o’z hirsining, o’z nafsining quli emas, bu chopayotganlar Ollohning, yolg’iz Ollohning qullaridir.
Ular chopar ekan, ularga ergashing. Qadamingizni biroz tezlashtiring, bu chopayotganlarga yetishishga, iloji boricha yetishishga harakat qiling.(Mart, 1997)


ILM


Ilm kelajakka qo’yilgan sarmoyadir. Olimlarning fikricha, 21-asrda insoniyat ilm-ma’rifat rivojining cho’qqisiga erishishi mumkin emish. Bu osmondan olingan bashorat emas, raqamlar va aniq dalillarga asoslangan bir fikr. Ilm davlat va mamlakatlarning moddiy boyliklaridan, iqtisodiy potensialidan ham muhimroq bir ijtimoiy faktor sifatida o’rtaga chiqmoqda.
2000 yillarning ilm musobaqasi bugun boshlangan. Balki kecha, undan oldin ham boshlangan bo’lishi kerak.
Biz yilda 80 tonna oltin qazib chiqarish bilan maqtanishimiz mumkin. Ammo bu 80 tonna qurug’urni kim qazib chiqarayapti va chiqarar ekan kimning texnologiyasidan foydalanayotganimizni aytolmaymiz, chunki qazuvni boshqarayotgan mutaxassislar ham, oltinni rudadan ajratayotgan texnologiya ham begonadir.
Amerikalik 100 tonna oltinim bor deb maqtanolmaydi, bor bo’lsa ham uni qazib chiqarmaydi, kelajak uchun qoldiradi.


ANGLIYADA SAYLOV
(Bi-bi-si radiosi savollariga javob)


Birinchidan: Angliyadagi Ishchi partiyasi va Konservatorlar partiyasini aslo ”ERK” Partiyasi va eski kommunistlar partiyasi bo’lgan O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi bilan tenglashtirib bo’lmaydi.
”ERK” Partiyasi o’z tabiati bilan konservatorlarning partiyasiga, ya’ni siyosiy spektorning sog’ (o’ng) qanotidagi partiyaga yaqindir. Leyboristlar (ishchilar) partiyasi esa, o’zining sotsial programmasi bilan, balki, sotsial demokratlarga yaqin. Ammo G’arb sotsial demokratlari bizning sotsialistlardan mutlaqo farqlidir.
Qisqasi, ”ERK” Partiyasi o’zining iqtisod va siyosatga qarashlari bilan G’arb standartlariga yaqinlashsa ham, O’zbekistonda hokimiyatdagi XDP bu standartdan juda yiroqdir.
Ikkinchidan: Angliyadagi bu saylov kampaniyasining bir g’aroyibligi bor. Sotsial demokrat g’oyaga sohib leyboristlar ham, liberal g’oyali konservatorlar ham bu saylovda o’rta sinfning ko’nglini olishga intilmoqda. O’rta sinf demak, bizdagi eski sovet termini bilan aytsak, mayda burjua demakdir. O’rta sinf demak - o’z maoshi o’ziga yetadigan, moddiy tarafdan davlatga qaram bo’lmagan sinf odamlari. Bular o’rta o’lchovli shirkatlar sohiblari, kosiblar, tujjor va hokazolar. Ular davlatdan sotsial yordam kutmaydigan, o’zini o’zi idora qilaoladigan odamlar sinfi. Bu moddiy mustaqil odamlar hur fikrning ma’nosi bo’lgan jamoatdir. Davlatga qaram bo’lmagani uchun ham uni o’z talablari bilan nazorat qilaoladilar. Bu sinfni davlat ekspluatatsiya qilolmaydi. Ijtimoiy tarafdan ham, iqtisodiy tarafdan ham, siyosiy tarafdan ham bu sinfni suiste’mol qilolmaydi. Shuning uchun ham bu o’rta sinfni demokratiyaning tamali deyish mumkin. Demokratiya moddiy mustaqil bo’lgan sinf tarafidangina himoya qilinishi mumkin.
Angliyada bir-biridan farqli ikki partiyaning bitta sinf, - o’rta sinfga murojaat qilishidagi hikmat, - demokratiyani mustahkamlashdan iboratdir. Demak, o’rta sinf ovozini olish butun xalqning ovozini olishdir. Sillogizmni davom ettirsak, Angliyada xalqning aksariyati demokratiya tarafdoridir.
Bu saylovdan O’zbekistonga saboq bo’ladigan muhim bir narsa chiqayapti. Demokratiya bo’lishi uchun o’rta sinf tashkil qilinishi kerak. Uni tashkil qilish uchun iqtisodiy siyosatda o’rta va kichik korxonalarni qo’llash kerak. Ularni rag’batlantirish kerak, davlat krediti birinchi navbatda bu korxonalarga berilishi lozim. Biz bu gapni endi aytayotganimiz yo’q. Bu gapni biz roppa-rosa 7 yildan beri, ya’ni, ”ERK” Partiyasi tuzilgandan beri gapirayapmiz. Bugungi Angliyada o’tayotgan saylovlar O’zbekiston demokratlarining maqsad va g’oyalarining naqadar to’g’ri istiqomatda ekanligini ko’rsatmoqda.
So’nggi so’zim shu-ki, bir kuni bizda ham G’arbdagi kabi hur saylovlar bo’ladi, inshoOlloh. O’shanda sizning savollaringizga beradigan javobimiz ham bugungidan shirinroq bo’lajakdir.(29.04.1997)


MILLAT PORA-PORA BO’LDI PORADAN


O’zbekistonda poraxo’rlik va yulg’ichlik shu darajada ochiq va oshkor davom etmoqda-ki, yaqinlarda shonli Parlamentimiz pora berish va olish tartib-qoidalari haqida qonun chiqarib qolsa ajab emas.
Poraxo’rlik va yulg’ichlik O’zbekiston chegarasiga - havodanmi, quruqlikdanmi, farqi yo’q - kirgan zahotingiz boshlanadi. Bojxonadagi bojmon azamatlar pasportingizni ortiqcha zavq bilan tamosha qilaboshlasa, chamodoningizni ortiqcha hafsala bilan kavlay boshlasa, biling-ki, sizdan pora istarlar. Siz xoh yerli o’zbek bo’ling, xoh boshqa mamlakatdan kelayotgan sayyoh bo’ling, bunday vaziyatda azamatlarning istagini qondirishga majbursiz. Siz chet ellik bo’lib poraning qanday berilishini bilmasligingiz mumkin, ammo u erdagi azamatlar buni bir zumda o’rgatadi va siz porani qanday berib qo’yganingizni bilmay qolasiz.
Lekin ular ko’pincha o’zi yaxshi bilgan xalqni - o’zbekni to’xtatadi, chunki o’zbek juda qulay millat, u boshqalarga o’xshab o’z haq-huquqini talab qilmaydi, poraxo’rlikdan shikoyat qilib yurmaydi. Shu yuho bilan pachakilashib o’tiramanmi, deydi-yu yulg’ichga istaganini berib, o’tib ketaveradi.
O’zbekning bu odatini xotamtoylik deyish kerakmi yoki hafsalasizlikmi? Yoki bu postsovet jamiyati paydo qilgan real hayotni anglagan hushyor bir odamning falsafasimi? Ya’ni o’zbek poraxo’rdan uning boshlig’iga shikoyat qilishning foydasizligini biladi, chunki uning boshlig’i ham poraxo’rdir, boshlig’ining boshlig’i ham poraxo’r. Bu zanjir eng yuqorigacha davom etadi. Bu haqda Prezident Karimov aqlli bir maqol aytganlar: “Baliq boshdan chiriydi”, deganlar. Faqat bu bosh chiriy boshlaganiga ancha bo’ldi, haliyam chirib bitgani yo’q. Xalq shundan bezovta. Xalq shuning uchun ham har qadamda pora berishga majbur.
Davlat idoralari bilan bog’liq bo’lgan har qanday ish uchun avvaldan bahosi tayinlangan. Masalan, OVIRdan viza olmoqchi bo’lsangiz, 100 dollar to’lashingiz kerak. 95 dollar bersangiz ham olishmaydi, aynan 100 dollar berasiz, chunki vizaning bahosi shu. O’g’lingizni harbiy xizmatga yuborgingiz kelmasa, marhamat, 300 dollar to’lab, unga harbiy bilet olib bering. Va bu sevikli farzandingizning oliy ma’lumot egasi bo’lishini istasangiz, uni ovora bo’lib o’qishga tayyorlab yurmang, 500 dollar to’lang-da, pedfak diplomini sotib oling. Agar arzandangiz obro’liroq fakultetda o’qimoqchi bo’lsa, 5 ming to’lab, iqtisod fakultetiga, 10 ming dollar to’lab huquq fakultetiga, 15 ming dollar to’lab xalqaro fakultetiga kiritib qo’yishingiz mumkin, 300 dollarga medtexnikumga kiriting farzandingizni. Agar siz 300 ni ham topolmasangiz, o’zingizdan ko’ring. Unda bolangiz o’qishga majbur bo’ladi, u o’z kuchi bilan o’qishga kirishga mahkumdir, u o’qishni a’lo baholar bilan bitirib, bu poraxo’rlar jamiyatini tubdan o’zgartirishga bel bog’lagan xayolparastlar qatoriga qo’shiladi.
Xullas, o’zbekning poraxo’rlikka liberal qarashi oqibatida “pora bermayman” deb hech kim o’rtaga chiqmayapti. Ehtimol, bunday bir radikal harakatni ichida o’ylayotganlar bordir, lekin uni hayotga tadbiq qilishga yuragi betlamayapti chamasi. Chunki tomdan tarasha tushganday, “men ortiq pora bermayman”, deb o’rtaga chiqsa, odamlar uni aqldan ozdi deb o’ylashlari mumkin. Butun xalq tinch-totuv pora berayotgan bir paytda, unga qarshi chiqish shakkoklik bo’lardi.
Lekin faraz qilishingiz mumkin-ki, bir shavvoz, bir zabardast, bir qahramon o’rtaga otilib chiqsin va osmandan tarasha tushganday: “Ey, yoronlar musulmonlar, men pora berishni bas qildim!”, deya baqirsin.
Shuning o’zi bas, orqasidan yana bittasi chiqardi, yana bitta telba, yana bir “geroy” chiqardi albat va derdi: men ham, men ham ortiq pora bermayman, derdi hovliqib. Ana undan keyin, undan keyin nariyog’i oson, nariyog’ida olomon paydo bo’lardi. Pora bermaslikka qasd qilgan olomon. U shunday hayqirgan bo’lardi-ki, bu hayqiriqdan aziz yurtimizni poraxo’rlik to’ri bilan chirmab olgan kommunist o’rgimchaklar, aziz yurtimizning qonini so’rayotgan yulg’ich zuluklar toru-mor bo’lgan bo’lardi.
Shu orzular bilan uyquga ketgan edim, tushimda realistik bir manzara paydo bo’ldi. Bir o’zbek choponini elkasiga tashlab O’zbekistondan chiqib ketayotgan emish. Men unga “yo’l bo’lsin”, desam, menga javob bermadi, faqat g’amgin xirgoyi qila boshladi. Qo’shig’ining ilk jumlasi shunday edi:
Toshkentu Samarqand, Buxorada,
Millat pora-pora bo’ldi poradan... (Avgust, 1997)


“OZODLIK” RADIOSINING TURKMAN REDAKSIYASI SAVOLLARIGA JAVOB


Savol: Bizning bilishimizcha, iyul oyida AQSh hukumatining yuqori darajadagi rasmiy kishilaridan Stroub Telboot va Ayzenstat chiqish qilib, o’z hukumatining Kavkaz va O’rta Osiyo davlatlarini kuchlantirishga chaqirdilar. Sizningcha Amerika rasmiylarining bu chaqiriqlari nimani anglatadi? Yoki ular bu davlatlarni Rusiyaning ta’siridan xolos etmoq maqsadida bunday chiqishlar qildilarmi?
Javob: Avval shuni bilishimiz kerak-ki, bizni hech kim kuchlantirishni istamaydi. Buni biz o’zimiz istashimiz mumkin va ”kuchlanish programmasi”ni (agar shunday ta’bir joiz bo’lsa) O’rta Osiyo jumhuriyatlari o’zlari ishlab chiqishlari kerak. Amerika Qo’shma Shtatlarining bizga berayotgan e’tiboriga kelsak, bu dunyo siyosatini yo’naltirishga da’vogar bir davlat uchun tabiiydir. O’rta Osiyo Amerika uchun neft, oltin, paxta kabi boyliklar makonigina emas, balki strategik ahamiyati katta bo’lgan geopolitik havzalardan biri hamdir. Madaniy dunyo tarixida muhim o’rin tutgan uchta asosiy havza bor: Pasifik yoki Tinch okeani havzasi, Oq dengiz (O’rta yer dengizi) havzasi va O’rta Osiyo geopolitik havzasi. Bu havzalardan har qanday birini o’z nazorati ostiga ola olgan davlat dunyo siyosatida so’zi o’tadigan maqomga erishgan.
Oq dengiz havzasiga hokim bo’lgan vizantiyalilar, keyin ularning o’rniga o’tgan turklar ham o’z imperatorliklarini uzoq vaqt ushlab turganlar. Tinch okeani havzasi qulayliklari birdaniga to’rtta davlatni yuksaltti: Rusiya, Amerika, Yaponiya va, mana, Xitoy. Xitoy 21-asrning super davlatidir.
O’rta Osiyo havzasida ham ikki ming yil davomida uzluksiz davlatlar qurilgan. Uncha-muncha emas, buyuk davlatlar, imperatorliklar insho etilgan. Bu havzaga hokim bo’lish orzusi Aleksandr Makedonskiydan tortib Pyotr-I gacha, undan Vladimir Ilich Leningacha - hammasining yuraklarini orziqtirgan. Bu havza qalbidan chiqqan Ipak yo’li faqat tijorat yo’li emas, balki dunyoga uzangan madaniyat nuri edi.
O’rta osiyo havzasiga hokim bo’lish uchun so’nggi mujodalani rus bolsheviklari berdi va ularning hokimiyati 75 yil davom etdi. 1991 yil dekabrda bu hokimiyat rasman tugadi, O’rta Osiyoda yangi mustaqil davlatlar qurish imkoni paydo bo’ldi. Eski sovet jumhuriyatlarining avtomatik ravishda ”mustaqil davlatlarga” aylanishi mumkin emasligini hamma bilardi. Xususan, Rusiya bu tarixiy bosqich parokandaligidan foydalanib, O’rta Osiyoda eski ta’sirni tiklash niyatidan bir soniya ham voz kechmasligi ham hech kimga sir emas. Lekin bizning davlatlarimizning kommunistik zehniyatdagi rahbarlari mulliy mustaqillik tushunchasidan ham, milliy davlat tushunchasidan ham mahrum edilar. Ular Sovet Imperiyasi qulab, o’zlarini mustaqil xonlar kabi his qila boshladilar. Siyosatlari ham shunga mos yuritildi. Ular uchki siyosatda mustabid, tashqi siyosatda mahdud feodal sifatida o’rtaga chiqdilar. Ular mintaqa iqtisodining mavjud infrastrukturasini parchalab tashladilar, transport, aloqa va energetika sohasidagi jumhuriyatlararo hamkorlik to’xtash darajasiga yetdi. Bir-biriga begona bo’lgan Ovrupo millatlari o’z chegaralaridagi bojxonalarini olib tashlayotgan bir paytda, bizning qon-qardosh millatlarimizning shuursiz ”yo’lboshchilari” har bir mahalla chegarasida bojxona qurib, tovarning erkin harakatini to’xtatdilar, yo’l va so’qmoqlarda bojmon kiyimini kiygan qaroqchilarni ko’paytirdilar. Yo’lboshchilarimiz o’z mustaqilliklarini ko’rsatish uchun faqat bu bilan cheklanib qolmadilar. Ular bir-biriga qarshi iqtisodiy tazyiq va siyosiy shantaj usullarini ham qo’llay boshladilar. Bu siyosat mintaqa iqtisodini qisqa vaqt ichida cho’ktirdi. Bugun mintaqadagi beshta jumhuriyatdan birortasi ham ”bizdagi ahvol siznikidan yaxshi” deya olmaydi.
Bu ahvolda bizga na Amerika na-da boshqa buyuk davlat najot bo’la oladi. Bu ahvolda biz, avvalo Olloh, keyin bir-birimizdan najot kutmog’imiz kerak. Mintaqadagi beshta jumhuriyat shuurli bir siyosat o’rtaga qo’yib, iqtisodiy jabhada birlashuv jarayonini boshlasa, inqirozdan qisqa vaqt ichida chiqishi mumkin. Zero, biz boshqa yerlarda izlagan ham moddiy, ham ma’naviy xom ashyo o’zimizda mavjuddir, Faqat bojxonalar yo’q qilinib, ta’qiqalar bekor qilinsa bas. Lekin hamma narsadan avval biz kimligimizni qattiq anglab olishimiz kerak. Mintaqada yashayotgan xalqlar bir-biriga begona emas, qarindosh ekanligini aslo va aslo unutmasligimiz kerak. Hatto sovet davrida mavjud bo’lgan qarindoshlik ruhi bugun xalqlarimiz orasida yo’q. Bu iqtisodiy bo’hrondan ham qo’rqinchliroq hodisadir.
Amerikaga keladigan bo’lsak, uning O’rta Osiyodagi strategik manfaatlarini gapirdim. Albatta, Rusiya bilan raqobat ham bor, lekin, menimcha Amerikaning eng yaqin tashvishi ”islom fundamentalizmidir”. Bu iboraning naqadar uydurma ekanligi haqida men ko’p gapirganman, ammo bu nuqtada shuni aytish kerak-ki, islom dini keyingi 30 yilda butun dunyoda, shu jumladan bizning mintaqada ham kuchaydi. Ma’lumingiz, kelajak 21-asrda millatlararo mujodala iqtisodiy yoki siyosiy jabhadan madaniy va diniy jabhada kuchayadi degan taxminlar bor. Buni hisobga olganda, Amerukaning ”fundamentalizm” andishasi ostida kelajakda G’arb va Sharq o’rtasida boshlanadigan omonsiz raqobatga hozirlik taloshini ko’rish mumkin.
Savol: Amerika Kavkaz o’lkalarini kuchaytirishni boshladi desak ham bo’ladi. Sababi, avval Gurjiston prezidenti Shevarnadze, so’ngra Ozorboyjon lideri Vashngtonga sayohat qildilar.
O’rta Osiyo jumhuriyatlaridan esa Akayev yaqinda Amerikaga borib, vitse-prezident Al Gor va dunyo Banki rahbarlari bilan uchrashdi. O’rta Osiyo mintaqasidan yana qaysi lider Oq uyga kirarkan? Chunki ularning ichida Oq uyga kirmagan prezidentlar ham bor.
Javob: Kundalik siyosatda Amerika O’rta Osiyo davlatlarini inson huquqlari borasida ogohlantirsa ham, ularni o’zidan yuz o’girish darajasida xafa qilmaydi. Masalan, AQSh rahbariyati O’zbekiston prezidentining diktatorlikka havasmand ekanligini bilaturib, rasmiy bo’lmasada Oq uyda besh-o’n daqiqa qabul qildi. Xuddi shunday shaklda Turkmanboshi ham qabul qilinishi mumkin. Buning ajablanarli joyi yo’q. O’zbekiston ham, Turkmaniston ham osiyoning xom ashyoga boy o’lkalaridir, bu boylikdan hissa olish uchun inson huquqlari va demokratiyadan ko’z yumilishi ham mumkin.
Savol: Amerikaning yuqori lavozimli rahbarlari Turkmaniston mustaqillikka erishgan ilk kunlarda Ashxobodga safar qildilar. Amerikaning shu vaqtdagi davlat sekretari Beyker va boshqalar Ashxobodga borsalar ham, so’ngra Amerika Turkmanistonni unutdi. Sizningcha, qaysi sabablarga ko’ra Amerika Turkmanistonga nisbatan tegishli choralar ko’rmayapti?
Javob: Savolingizning so’ngidagi jumlaga javob beray: Turkmanistonga chorani Amerika emas, turkman xalqi ko’rishi kerak. Xalq o’zi uyg’onib, o’z dardini o’zi aytishi kerak. Biz avvallari sovet mustamlakasi davrida mahalliy rahbarlardan Moskvaga shikoyat qilar edik, endi mahalliy rahbarlardan Vashingtonga shikoyat qiladigan bo’lsak, demak, ahvol o’zgarmagan. Ahvolni o’zgartirish majburiyati bizning yelkamizdadir. So’z hurriyati, matbuot va vijdon erkinligini biz o’zimiz talashib olishimiz kerak. Shunda Amerika yoki boshqasi yordam berishi mumkin. Ammo biz jim turaylik-da, boshqasi biz uchun kurashsin desak, xato bo’ladi. Ishonaman-ki, bizning jafokash xalqlarimiz turkman ham, o’zbek, qozoq, qirg’iz ham o’z haq-huquqlarini o’zlari himoya qilish qudratiga egadirlar. Buning isbotini, inshoOlloh, butun dunyo ko’rajakdir.(Avgust, 1997)


BAYRAMDAN BESH YUZ METR NARIDA


Nima bo’lsa bo’lsin, bu kun biz uchun qutlug’dir. Yoki qutlug’ bo’lmog’i kerak yoki shunday sanalmog’i lozim.
Albatta, bayram rasmiy nishonlanayotgan maydon muhtashamdir. U erda to’plangan odamlarning liboslari bashang, so’ylayotgan nutqlari balandparvoz. Ammo bu bayram mintaqasidan bor-yo’g’i 500 metr narida ahvol tom boshqa. Ahvol shu qadar boshqadir-ki, maydonda yangrayotgan go’zal nutqlar g’alati keladi, quloqqa. Xususan, ulardagi “qutlug’” degan so’z, xususan, “muborak” degan yo “muqaddas” degan kalimalar juda ham g’alati keladi. Bu aslida go’zal so’zlar bayramdan 500 metr narida turgan odamning qulog’iga bir safsatabozning uydirgan so’zlariga o’xshab eshitiladi. Chunki bayram maydonidagilar, bu so’zlarni o’z mazmunidan ajratib talaffuz qiladilar. Demagog, ya’ni safsataboz shuning uchun ham safsataboz-ki, u o’z nutqida mazmunidan ajrab qolgan so’zlar qo’llanadi doim. Masalan, bu odam bir narsani “qutlug’” desa, unga hech kim ishonmaydi, chunki bu odam uchun qutlug’ narsa yo’qligini bilishadi. Yoki bu odam “muqaddas vatanim” deb oh cheksa, bunga hech kim ishonmayda, chunki bu odam uchun muqaddas narsa yo’qdir.
Har yil o’tkazilayotgan bu mustaqillik bayramlariga qarab, men o’zimni Abdulla Qahhorning “Anor” degan hikoyasidagi u chorasiz yigit kabi his qilaman. Esingizdami, hikoya qahramoni bu yigitning xotini homilador va uning ko’ngli anor tusaydi. Drama shu istakdan boshlanadi. Yo’qsil yigit, homilador xotin va ulardan 500 metr narida falonchi bo’yning arzanda o’g’liga berayotgan hashamatli to’yi. Va bu to’yda otilayotgan ko’z qamashtiruvchi mushaklar. Tinimsiz otilayotgan, qimmatbaho mushaklar.
Bu manzara mustaqillik bayramlarimizning minatyur ko’rinishidir. Bizning bayramlarimizda sarf qilinayotgan xarajatni Abdulla Qahhorning boyvachalari ko’rsa edi, til tishlab, bosh chayqagan bo’lishardi. Bir tarafda odamlar oilasiga non topib bera olmay o’z joniga qasd qilar ekan, ikkinchi tarafda o’sha odamlarning nonini tuya qilganlar tantanasi. Yumshoq qilib aytganda, menda vakolat bo’lsa edi, och-yalong’och xalqdan besh yuz metr narida bunday isrofgarchilikka yo’l qo’ymagan bo’lardim. Tabiiy-ki, mustaqillik kuni nishonlangan bo’lardi. Ikkinchidan, menda vakolat bo’lganda bu bayramda bevosita xalqning o’zi ishtirok etishini ta’minlagan bo’lardim. Bayramga bugungi hukumat kabi mustaqillikka qarshi kurashganlarni emas, mustaqillik uchun kurashganlarni va bugun ham kurashayotganlarni taklif qilgan bo’lardim. Keyin, bu bayram marosimini televizordan tinmay ko’rsatishdan uyalgan bo’lardim. Hatto xalqning faravonlik darajasi ko’tarilmaguncha, insonlar yuzidagi yo’qsillik tamg’asi o’rnini huzur tabassumi egallamaguncha umuman bunday bayramlarni boshlamagan bo’lardim.
Sovet davrida bayram ishqibozi bu prezidentlar kompartiyaning birinchi sekretarlari edi. U zamonlarda yettinchi noyabr va Birinchi May kabi katta bayramlar bo’lardi. Bizning prezidentlarimiz bu qullik va mustamlaka bayramlarini ham bugun mustaqillik bayramlarini nishonlayotganday zavq va ilhom bilan nishonlar edilar.
Sovet davrida bayramlar xalqninig ko’zini bo’yash uchun ishlatiladigan rangli, rango-rang bir bo’yoq edi. Bugungi mustaqillik bayramlarini ham bizning rahbarlarimiz ayni maqsadda qo’llanmoqdalar. Faqat bir farqi bor: sovet bayramlari qanchalik rasmiy va soxta bo’lmasin, ularda xalq ishtirok etar edi. Bayram o’tayotgan maydonga istagan odam borishi va tantanani tamosha qilishi mumkin edi. Bugungi bayramlarda xalq yo’q. Bugungi bayramlarga faqat taklif qilingan odamlargina borishi mumkin. Bu tanlangan “aslzodalar” davlat rahbarlari, parlament a’zolari, hokim va hokimchalar, va bir-ikki maddoh yozuvchidan iborat - qolgani bu odamlarni kuzatib turadigan ayg’oqchilar lashkari.
Taklif qilingan har bir kishi bayram maydoniga kirar ekan tintuvdan o’tkaziladi, bunday tartib sovetlar davrida yo’q edi. Sovet davrida bayram bahonasida insonlar o’z rahbariga yaqinlasha bilar, unga o’z orzularini ayta olardi. Bugun esa rahbar bilan xalq o’rtasidagi jar shunday chuqurlashmoqda-ki, unga tushib ketgan odam tirik chiqmaydi. Ikki yil avval bayram asnosida bizning prezidentimizga iltifot ko’rsatmoqchi bo’lgan bir ayolning boshiga nelar tushganini hamma biladi.
Qisqasi, xalq bu bayramda qatnashmaydi. Xalq bu bayramlarni kulbasida qattiq non-u issiq choy bilan bezatilgan dasturxon atrofida to’planib, televizordan tamosha qilishi mumkin. Albatta, agar televizori bo’lsa...
Men o’sha bayram maydoniga kiritilmagan odamlarni bayram bilan tabriklamoqchiman. Va shuni aytmoqchiman-ki, sizning bugungi qashshoqligingiz va iztiroblaringiz sababchisi aslo mustaqillik emasdir. Aksincha, o’sha mustaqillikni yo’q qilgan kimsalar buning sababchisi. “Ular kimlar?” deb so’ramang. Ular sizdan besh yuz metr narida qadah ko’tarayotganlar va minbardan nutq so’ylayotganlardir. Televizoringizga yaxshilab qarang, ularning basharalarini yaxshilab tanib oling.(29.08.1997)


MUSTABID TUZUM MATBUOTI VA ZIYOLILAR


Psixiatrlarning bir tajribasi bor. Bir xonaga beshta kishi o’tqaziladi. Psixolog ular bilan o’tkazilajak tajriba haqida avvaldan kelishib oladi. So’ngra xonaga hech narsadan xabari yo’q bir kishini kiritadilar va psixolog unga oq qog’ozni ko’rsatib, uning qaysi rangda ekanligini so’raydi. Tabiiyki, odam, qog’ozning rangi oq ekanligini aytadi. Shunda psixolog qolgan 5 ta kishiga ayni savolni beradi. Ular navbatma-navbat, g’oyat jiddiy qiyofada qog’ozning qora rangda ekanligini ta’kidlaydi. Qog’ozning asl rangini aytgan bechora odam bunga jahli chiqadi, ammo atrofdagilarning yuzidagi ifodani ko’rib, o’z ko’zidan shubhalana boshlaydi: ko’zimga bir balo bo’ldi-yov, deb o’ylay boshlaydi. Savol-javob yana bir-ikki marta takrorlanganidan so’ng, sho’rlik odam qog’ozning oq rangda ekanligidan jiddiy shubhalana boshlaydi.
Psixiatrlarning bu o’yini totalitar davlatlardagi matbuot o’yiniga o’xshaydi. Totalitar tuzum matbuoti oqni qora, qorani esa oq deyish uchun muxbirlar lashkarini ishga soladi. Bu muxbirlardan hech biri to’g’rini gapirmaydi va maboda to’g’rini gapirgan birortasi chiqsa, unga darhol telbaga qaraganday qarashadi. Va bu sho’rlik odam ham atrofiga boqib, yuqoridagi aytganimiz tajribadagi shaxs kabi, o’zining to’g’rini so’ylaganidan shubhalana boshlaydi.
O’zbekiston jamoatchiligi keyingi to’rt yil davomida shu gipnoz ostida yashadi. Lekin men bu gipnoz ta’siri u qadar kuchli bo’lganiga ishonmayman. Agar bu ta’sir bo’lgan bo’lsa ham, bugun u tugadi. Bugun jamoatchilik tashqaridan ko’ringani kabi g’aflatda emas. Matbuot, televidenie va radio, butun rasmiy va norasmiy maddohlarning sayrashlariga qaramay, xalqning tuzum haqidagi fikrini bugun ochiq eshitish mumkin. Dalada yoki sexda, ko’chada-ko’yda, choyxonada-to’yda, tramvay yoki avtobusda aytilayotgan achchiq va istehzoli so’zlar tuzumga berilgan haqiqiy baho.
Faqat achinadigan bir narsa bor. Xalqdan bir-necha qadam oldin yurishi kerak bo’lgan ziyolilarimiz qaerga g’oyib bo’ldi? Ular g’oyib bo’lgani yo’q, ko’rinmayaptilar, xolos. Ular bugun xalqning oldida emas, orqasida borayaptilar, shuning uchun ham ko’rinmayaptilar. Ularning bildirgan fikrlari va yozgan maqolalari, she’rlarini o’qib, koshki shu birodarlarimiz jim tursa, koshki hech narsa yozmasa edi, deya beixtiyor “oh” chekadi kishi. Chunki ular nima gapirsa gapirsin, nimani yozsa yozsin, hammasi mavjud mustabidlikka xizmat qiladi, xolos. Bu qadrdon do’stlarimiz “O’zbekistonda haqiqatni yozish mumkin emas, chunki senzura bor, zulm bor” deyishadi.
To’g’ri, O’zbekistonda haqiqatni yozishning imkoni yo’q. Lekin bu vaziyat sizga yolg’onni yozish huquqini bermaydi-ku! Xalqni aldash, o’sha o’zingiz tan olgan zulmni xaspo’shlash huquqini bermaydi-ku! Mayli, haqiqatni yozmang, lekin yolgonni ham yozmang, deb sizdan iltimos qilayapmiz.
Qarang, bizning gazetalarimiz hukumat va uning rahbariga maddohlikda bir-biri bilan musobaqa qilmoqdalar, ammo xalq bu musobaqani tomosha ham qilmaydi. Xalq bu chirkin o’yindan nafratlanadi, shuning uchun ham bu zavolli nashrlarning tiraji 10 mingdan oshmaydi.
Bir paytlar xalq nazdida haqli ravishda mo’tabar bo’lgan shoir va adabiyotchilar endi kun sayin o’z obro’sini yo’qotmoqda. Hatto sovet zamonida o’z qadr-qimmatini saqlab qola olgan ba’zi yozuvchilarimiz bugun bir zolimning sharafsiz maddohlariga aylandilar. Ular bo’ynimga medal ossin deya yergacha enkayishadi, ishdan haydalmayin deya g’addorning qo’lini o’pishadi.
Bu tanqidni bevosita menga yaqin bo’lgan yozuvchi va shoir sinfiga aytayapman. Chunki ular ziyolilar ichida o’z fikr va g’oyasini xalq ichida yoyishga qodir bir sinfdir. Qolganlar - olimlar, fizika yoki ximiya olimlari, arxeolog yoki tarixchi olimlar - ular, ming afsus, bugun tijorat bilan shug’ullanmoqdalar. Chunki ziyoli maoshi bilan oila boqish qiyin. Ming afsus, ilmning bizda qadri yo’q, ming afsus, olimlarimizga homiy yo’q, deyman. Boshqa tarafdan, yaxshiyamki, bu olimlar yozuvchi emas, yozuvchi bo’lsaydi, ular ham tinmay yolg’on yozishga majbur bo’lardilar, deyman. Chunki qashshoqlikdan bir kun qutulish mumkin, ammo yolg’onning asoratidan qutulish oson bo’lmaydi. Bu asorat virusi bizning farzandlarimizga ham yuqish tahlikasi bor.
Mening bu xil gaplarimni eshitib, ba’zi birodarlar xafa bo’lishadi. “O’zing panada turib, xavfsiz joyda turib bizni tanqid qilasan”, deyishadi. Avvalo shuni aytishim kerakki, men to’g’ri so’zni aytish uchun hech qachon xavfsiz joy axtarmadim. Xavfli joylarda ham to’g’ri so’zni aytishga baholi-qudrat harakat qildim. Agar aytishga imkon bermasalar, bu joyni darrov tark etdim. 1992 yil menga Parlamentda so’z bermaganlari uchungina deputatlikdan iste’fo qildim. O’zbekistonda kechgan so’ngi kunga qadar IIVning yerto’lasida tergovchiga so’roq berganda ham to’g’rini gapirdim. Va nihoyat, O’zbekistondan chiqib ketar ekan, yana o’sha o’zim to’g’ri deb bilgan fikrni aytish imkoniga ega bo’lish uchun chiqib ketdim.
Aslo va aslo ayshu-ishrat uchun vatanni tark etganim yo’q. (25. 12. 1997)


MILLIY MANFAAT DOIRAMIZ


Sharqiy Turkistondagi musulmon turklar, bizning uyg’ur qardoshlarimiz va boshqa turk qavmlari Xitoy zulmiga qarshi birinchi marta bosh ko’tarayotgani yo’q. Sharqiy Turkiston diktator Stalinning xiyonotkorona plani bilan Xitoyga berilgandan beri yarim asr o’tdi va shu vaqt ichida uyg’ur turklari o’z ozodligi uchun kurashni bir zum ham to’xtatgani yo’q. Ularning katta-kichik miqyosdagi isyonlari xitoylar tarafidan doim shafqatsizlarcha bostirildi. Uyg’ur xalqining vatansevar yigitlari hech bir sudsiz, so’roqsiz ko’cha o’rtasida otib tashlandi, uylariga o’t qo’yildi, ammo kurash to’xtamadi.
Bu yil ramozon oyining oxiri, Qadr kechasida boshlangan oyoqlanma (isyon) o’sha uzun mujodala zanjirining navbatdagi xalqasidir. So’nggi olingan xabarlarga ko’ra, shu soatlarda uyg’urlar Sharqiy Turkiston hududining 88 ta nuqtasini o’z nazorati ostida tutib turibdilar. Bir hafta ichida halok bo’lgan shahidlar soni 300 taga yetgan, ammo bu raqamni Xitoyning rasmiy doiralari ozaytirib ko’rsatishga urinmoqda. Shuningdek, kelayotgan xabarlarda, G’arbiy Xitoyda yerlashgan dunganlar va tibetliklar ham musulmon turklarning bu norozilik harakatini ochiqchasiga qo’llab-quvvatlay boshladilar. Ular “Demokratik bir Xitoy istaymiz” deya, ko’chalarga chiqmoqdalar.
Rejim Sharqiy Turkistonni atom bombasini sinash maydoniga aylantirdi, ketma-ket portlatilgan bu dahshatli bombalar faqat yer-suv va hayvonat dunyosini zaharlab qolmadi, balki mintaqada yashayotgan aholining kattagina qismini mayib-majruh qildi va qilayapti.
Xitoy yarim asr davomida uyg’urlarni etnik va madaniy jihatdan assimilyasiya qilishga urindi, ammo uyg’urlardagi diniy va milliy shuur bunga to’sqinlik qildi. Inson huquqlari va demokratiya homiysi G’arb Sharqiy Turkistonda yarim asrdan beri davom etayotgan bu iztirobli mujodalaga doim loqayd qarab keldi. G’arb davlatlari uchun bu mintaqa juda uzoq ko’ringan yoki g’arbliklar tili bilan aytganda “manfaat doirasiga kirmagan”. Lekin Xitoydagi aholi o’sishining tezligi, iqtosidiy yuksalish va bunga paralel ravishda yuksalayotgan xitoy shovinizmi klassik shaklda tartiblangan har qanday hisob-kitobni ag’dar-to’ntar qilib turibdi. Endi biror bir mamlakatning manfaat doirasiga nima kirib, nima kirmasligini aytish nihoyatda qiyin. Dunyo geopolitik tarozisidagi toshlar o’zgardi, super davlat bo’lgan AQSHning raqibi Sovet Imperiyasi parchalandi, uning o’rnini yangi bir super davlat Xitoy egallamoqda. Bu yangi vaziyatda Ovrupo va NATO o’z strategiyasida qanday o’zgarishlar yasayajagi hozircha noma’lum, ammo Ovrupaning sobiq dushmani bo’lgan SSSR merosxo’ri Rusiya bugun Ovrupa uchun uchinchi bir kuchga qarshi ittifoqdosh qo’nimiga tushib qolayotgani aniq. Bu uchinchi kuch, tabiiyki, kosmosdan kelgan mavjudotlar emas, - bu kuch Xitoy jumhuriyatidir. Demak, Ovruponing NATOni kengaytirish uchun qilayotgan harakatlariga Rusiya shunchaki erinchoqlik bilan qarshilik qilayotganiga hayron bo’lmasa ham bo’ladi. Ehtimol, yaqin kelajakda, NATO a’zoligiga nafaqat Mojariston yoki Polsha, Rusiya Federasiyasi ham a’zo bo’lishi mumkin. Yanada ilgari ketsak, turk jumhuriyatlari ham o’z mudofaa quvvatlarini NATO kabi tizimlarga integrasiya qilsa, ne ajab. Albatta, bu bir faraz. Lekin faraz bo'lmagan bir narsa bor: Bu Xitoydir. Xitoy hozircha dunyo istiqroriga tahdid solayotgani yo’q. Ammo uning biqinida yashayotgan turk jumhuriyatlari qo’shnichilik siyosatini nihoyatda ehtiyotkorlik bilan olib borishga majburdirlar. Nima desangiz deng, nufuzi bir milliarddan oshiq bir mamlakatga qo’shni bo’lish biroz tahlikalidir. Agar bu mamlakat qo’lida neytron qalpoqli raketalar va hujumga mo’ljallangan modern uchoqlar bo’lsa, tahlika ikki karra oshadi. Agar bu ham yetmaganiday, bu mamlakatda totalitar rejim bo’lsa, tahlika yana ham kuchayadi. Biz, 135 yil rus asoratida yashagan turkistonlik turklar, super davlatga qo’shni bo’lishning nima ekanligini yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham bugun Xitoyda kechayotgan voqealar bizni haqli ravishda bezovta qilayapti.
Biz Xitoyda demokratik bir tuzum o’rnatilmagunicha uning ichida yashayotgan musulmon qardoshlarimizga qarshi zulm to’xtamasligini bilamiz va shuning uchun ham Xitoyda tezroq demokratik islohotlarning o’tkazilishi tarafdorimiz. Bu islohotlar o’tkazilsa, nafaqat o’lka ichidagi istiqrorni o’rnatishda, balki unga qo’shni bo’lgan turk jumhuriyatlarining ham Xitoyga nisbatan muomalasi samimiylashib, aloqalari mustahkamlangan bo’lardi. Zotan, biz Xitoy bilan shunday do’stona aloqalarni istaymiz.
Faqat buni derkan, bizning turkistonlik rahbarlarimizning bugungi jimligi esimga tushadi. Bu arboblarning hech biri Sharqiy Turkistondagi voqealarga javoban “churq” etmadi. Ular ham G’arbdagi og’alariga taqlid qilib, bu mening manfaat doiramga kirmaydi, deb o’tiribdilar, shekilli. Agar shunday bo’lsa, qattiq yanglishadilar. Sharqiy Turkiston voqealari manfaat doiramizning qoq ortasidadir. Buni hozirdanoq anglab olmog’imiz kerak, uch-to’rt yildan so’ngra kech bo’lishi mumkin.(1997)


USHALMAS ORZULAR


Rusiya o’zining butun dunyoga qo’rquv solg’uchi superdavlat bo’lgan dorilamon davrini eslatayotgani, uni qo’msayotgani shubhasizdir. Rusiya bu o’tmishini qaytarib bo’lmasligini biladi, ammo hech bo’lmasa, uning xotirasi bilan yashashni orzu qiladi. Bugungi Rusiya tarafidan qurilayotgan va qurulib bo’lmasdan parchalanib ketayotgan mo’rt ittifoqlar shu orzuning zohirda ko’rinishlaridir. Chechenistondagi urush, Gurjistondagi rus qo’shinlari, Ozarboyjonga qarshi Armanistonga ochiqdan-ochiq harbiy yordamlar va Tojikistondagi rus qo’shinlari - hammasi bu orzuni ro’yobga chiqarish uchun qilingan chirpinishlardir.
Lekin Sovet imperiyasi o’zining tabiiy umrini tugatgan bir sistemadir. Uni qaytadan tiklashga urinish o’likni qabrdan olib chiqib, reanimasiya stoliga yotqizgan kabi ma’nosizdir.
Bugungi bo’layotgan “ittifoq” va “birdamlik deklarasiyalari” och va yo’qsil xalqlariga non topib berolmagan baxtsiz kommunistlarning o’zini oqlashga urinishdan boshqa narsa emas. Ular “mana, sizning qorningizni to’yg’azish uchun hatto eski kushandamga yangidan qul bo’lishga ham tayyorman” demoqdalar.
Va umid qilamizki, bu kommunistlarning o’z xalqlariga qilgan so’nggi xiyonati bo’lajakdir. Chunki ularni hech bir shartnoma, hech bir Rusiya qutqarolmaydi. Xalqning erki va hurriyatini sotib qashshoqlikni tuzatishga urinish eng katta xiyonatdir.(1997)


HAYRATLANISH NASIB BO’LMADI


O’zbekistonda bundan bir yarim oy avval bir gazeta tashkil qilingan edi va uning otini “Hurriyat” qo’yishgan edi. “Hurriyat” degan hashamatli ism bugungi O’zbekiston sharoitida naqadar g’alati eshitilmasin, siyosiy muxolifatdagilar bu gazetaning chiqishiga botiniy bir umid bilan boqqan edi. Xuddi shu umidni quvvatlantirgan kabi, bu yangi gazetada nisbatan mustaqil fikrlar aytila boshladi go’yo. Masalan, O’zbekiston TVsidagi mafiyalashgan guruhlar haqida gapirish Toshkent muhitida juda qiyin va shu qiyin narsani “Hurriyat" jamoasi aytishga jur’at qildi. Biz bu jur’atkorlikni tabriklashga ham ulgurmadikki, gazetaning muharriri Karim Bahrievning ishdan olinganini eshitdik. Va tasavvur qiling, biz bundan hech hayratlanmadik. Aksincha, bu maqola chiqqandan keyin ham muharrir ishdan olinmasa, hayratlangan bo’lardik. Bu maqola chiqqandan keyin ham yana shunga o’xshagan dadil maqolalar chiqaversa, biz hayratlangan bo’lardik. O’zbekistonda haqiqatan ham demokratik o’zgarishlar boshlandi, deb hayratlangan bo’lardik, biz yanglishibmiz shekilli, biz hadeb tanqid qilaverib, bo’layotgan o’zgarishlarni ko’rmay qolayapmiz shekilli, deya hayratlangan bo’lardik. Shunday hayratlanishni juda istardik, to’g’risi. Afsuski, bunday hayrat bizga nasib bo’lmadi. Yana eski hammom eski tos, yana o’sha senzura va yana o’sha Goskomizdat, yana o’sha rustamboylar, shog’ulamovlar va ularning O’zbekiston matbuoti uzra o’rnatgan haqoratomuz hokimiyati.
Men haqoratomuz dedim, chunki mana, demokratlashdik, ana hurriyat keldi, deb xalqni surunkasiga aldash haqoratdir.
Yana bir xusus: ramozani sharif O’zbekiston dindorlari uchun og’ir keldi. Farg’ona vodiysining uchta viloyatida 15 sutkaga qamalgan dindorlarning soni 125 taga yetdi.
Zulmning shafqatsiz ko’rinishi Namangan shahrida, pamozon oyining o’rtalarida yuz berdi. Aholi o’rtasida obro’-e’tiborga ega bo’lgan olti qori hibsga olindi va ularni 15 sutkaga emas, bir-necha yilga qamalishi aniqqa o’xshayapti. Jo’ravoy qori, Fazliddin qori, Yunusxon qori, Husniddin qori, Yunusxon qori kabi dindorlar aqlga sig’maydigan uydirma ayblar bilan qamoqqa olinganlar.
“ERK” demokratik partiyasi dindorlarga qarshi yuritilayotgan bu repressiv siyosatni qattiq qoralaydi va o’zbek ziyolilarini, va muxolifat tashkilotlarini bu siyosatga qarshi ovoz chiqarishga da’vat qiladi.(1997)


JASORAT BER, OLLOHIM BIZGA!


O’zbekiston prezidenti bizni o’zining ajabtovur bayonatlari bilan doim hayratlantirib kelgan. Lekin kuni-kecha Oliy Majlis minbaridan turib aytgan bir-necha iborasi uning shu kungacha aytgan butun nutqlarini ostin-ustun qildi. Bu aytilgan bir-necha ibora prezidentning so’nggi yillarda naqadar erkinlashgani, naqadar hokimi-mutlaq bo’lib olganini shafqatsiz shaklda namoyish qildi. Prezidentimiz hukmdor bo’libgina qolmay, o’zi chiqargan hukmni o’zi ijro etishni ham istaydi: u Oliy Majlis minbaridan turib dabdurustdan, “men islom fundamentalistlarini o’z qollarim bilan otib tashlardim”, deydi.
Bir davlat boshlig’ining o’z qollari bilan kimnidir otib tashlayotganini tasavvur qilsangiz, badaningiz jimirlab ketadi.
Kim ekan bu dushman? Bu dushman, sizning ukangiz, agar u namoz qilishni bilsa. Bu dushman sizning akangiz, agar u masjidga qatnab turgan bo'lsa. Bu dushman, sizning otangiz, agar u Qur’on o’qisa, bu dushman sizsiz, agar siz shunchaki musulmon, oddiy bir musulmon bo’lsangiz.
Bugun O’zbekiston hukumatiga qarshi kurashayotgan, “vahobiylar”, “islom fundamentalistlari”, aslida, sizga o’xshagan oddiy musulmonlardir. Ular vahobiylik nadir, fundamentalizm nadir, bilmaydilar. Ularning bitta aybi bor - ular prezidentga emas, Ollohga sig’inadilar va shuning uchun ham zindonga tashlanmoqdalar.
Endi bu ham kamlik qildi, shekilli, prezidentimiz shaxsan o’zlari o’z qo’llari bilan bu fundamentalistlarni otib tashlamoqchi emishlar. Agar o’zbek hukamati mezohi bilan o’lchaydigan bo’lsak, jumhuriyat aholisining yuzda to’qson foizi “fundamentalist”dir. Chunki yuzda to’qsoni musulmondir.
Tasavvur qiking, Rusiya prezidenti Elsin xristian fundamentalistlarini otib tashlayman, deb bayonat bersa, nima bo’ladi? Uni o’sha kuniyoq lavozimidan iste’fo qilishga majbur etgan bo’lardilar. Yoki Isroil Bosh vaziri yahudiy terroristlarini bahona qilib, yahudiy dushmanlarini otib tashlardim, desa nima bo’lardi? Tel-Avivda xalq isyon ko’targan bo’lar, Natanyahuga sichqonning innini ming tanga qilgan bo’lardi.
Yoki Amerika prezidenti Bill Klinton... Yo’q, Bill Klinton bunaqa iborani qo’llash jasoratiga ega emas. Agar qo’llaganda edi, u hech qachon Amerikaga rahbar bo’la olmas, Amerika esa, hech qachon Amerika bo’lmagan bo’lardi.
Bunday g’aroyib bayonatlar faqat bizning mintaqada emin-erkin berilishi mumkin. Bunday ajabtovur istaklar, insonning to’ylarini tikan-tikan qilib yuboradigan bunday so’zlar bizning majlislarda, bizning minbarlardan aytilishi mumkin. Va bunday tahdid, bunday haqoratga ham faqat biz, faqat biz oz’beklar chidashimiz mumkin. Biz shunday metin, shunday temir millatmiz. Bir betimizga ursa, ikkinchi betimizni tutadigan musulmon bir millat. Endi shu musulmonlikni ham ko’p ko’rmoqdalar. Ey, Ollohim, bizning jur’atsizligimizni kechir. Biz sendan xalq o’laroq non so’ramaymiz. Biz sendan boshqa xalqlar o’rtasida shonu-sharaf, obro’-e’tibor ham so’ramaymiz. Biz sendan boylik, mulku sarvat ham tilamaymiz. Bizga biroz, birozgina jasorat ber, bir oz, bir chimdim jasorat so’raymiz sendan. Toki, biz iymonimizni, insoniy sharafimizni himoya qila bilaylik.
Bizga jasorat ber bir oz, Ollohim.


QAYTISH MASALASIDA


Musulmonchilikning, umuman, insoniylikning bir odobi bor. Birov salomga qo’l uzatsa, uning qo’lini olmoq lozim. Shu insoniy odob hurmati, biz O’zbekiston Prezidenti Karimovning muxolifatga qaratilgan vatanga qaytish chaqirig’iga samimiy, bajonudil javob berayapmiz.
Ammo bu degani, Prezident Karimovning chaqirig’iga biz to’la ishondik, degan gap emas. Bu chaqiriqning naqadar samimiy ekanini biz bilmaymiz. Shuning uchun ham kichik, ilk etapda bajariladigan shartlar qo’ydik, agar bu shartlar bajarilsa, demak, Karimovning bizni vatanga qaytarish niyati samimiy, agar bajarilmasa, buni O’zbekiston rahbarininig navbatdagi hiylasi, deb baholashga majbur bo’lamiz. Chunki, muxolifatning bir qismini qamoqda ushlab, ikkinchi qismini yurtga da’vat qilish, unga kechirimli bo’laylik, deyish, ikkiyuzlamachilik bo’ladi va bu da’vatga hech kim ishonmaydi. Va biz ham vatanga qaytolmaymiz, chunki, siyosiy va diniy muxolifatning minglarcha begunoh a’zolari qamoqda o’tirarkan, bizning vatanga qaytishimiz halol bo’lmaydi, agar qaytsak, bizning vatandan chiqib ketishimizga sabab bo’lgan g’oyalarimizga xiyonat qilgan bo’lamiz, xalqimizga xiyonat qilgan bo’lamiz. Chunki, xalqning bir qismiga afu chiqarib, ikkinchi qismini yana qamoqqa tashlayotgan munofiq rejim bilan kelishgan bo’lamiz. Buni biz aslo qilmaymiz.
Lekin hozircha, biz Islom Karimovning faqat da’vatiga javob berayapmiz, da’vatning samimiyligi yoki nosamimiyligi ikkinchi masala. Karimov bir davlatning boshlig’i, minbardan butun dunyo ko’zi o’ngida bir bayonat berdi.
Muhim bayonat berdi. Uning ma’suliyati bir davlat Prezidentini tashiydi. Biz muxolifat sifatida bu bayonatni jiddiy qabul qilishga majburmiz. Bu da’vatni samimiy deb faraz qilishga va shunga yarasha javob berishga majburmiz. Nega?
Chunki, Karimov ertaga yana: “Men muxolifatni yurtga chaqirdim, menga javob bermadi, menga ishonmadi, mening chaqirig’imni hiyla, deb baholadi, endi o’zidan ko’rsin”, deya dunyoga jar solishi turgan gap. Biz Karimovning shunday deyishiga yo’l qo’ymaslik uchun ham uning chaqirig’iga jiddiy javob berayapmiz.
Ba’zi do’stlarimiz Tojikiston hukumatini misol keltirib, “mana, hukumat va muxolifat kelishdi-ku, ular bir-birlariga o’q otdi, ikki tarafdan ham ko’p odam halok bo’ldi, shunga qaramay, tuppa-tuzuk yangi hayot boshladilar-ku, O’zbekiston muxolifati qurolli kurash olib bormadi, qamaldi, azob ko’rdi, endi bugun Karimov adolatni tiklamoqchi ekan, balki uning niyati samimiydir”, deya umid bildirishayapti. Lekin Karimov bayonatidan keyin ham qatog’on davom etayotgan ekan, bu umid puch bo’lib qolaveradi.
Men muxolifat nomidan qisqacha shuni aytmoqchiman. Biz horijga yaxshi yashash uchun, G’arbning ne’matlaridan bahramand bo’lish uchun chiqib ketmadik. Biz rejimning bizga qarshi yuritgan terroridan, bizga qarshi yo’naltirgan o’lim tahlikasidan o’zimizni, oilamizni amin qilmoq uchun yurtdan ketishga majbur bo’dik. Endi O’zbekiston rahbari bizni qaytishga da’vat qilar ekan, biz bu taklifga rejimga ko’zimiz uchib turgani uchun javob qilayotganimiz yo’q. Biz qo’limizdan tortib olingan haqlarimizning qaytarib berilishi uchun javob berayapmiz. Agar bular qaytarib berilsa, vatanga borib, xalqimizga xizmat qilish uchun javob berayapmiz. Bizning bundan boshqa hech bir ilinjimiz yo’q.
Biz O’zbekiston rahbarining bizga qarata qilgan chaqirig’iga o’z munosabatimizni bildirdik. Endi uning javobini kutayapmiz. Uning javobiga qarab, biz ham xulosaviy so’zimizni aytamiz.

MUNOFIQLIKDAN SAQLANING


“Ozodlik” radiosidan Ortiqov degan birodarimiz chiqib, “muxolifat bir-biriga tosh otishdan boshqa ishga yaramay qoldi”, degan juda yoqimsiz bir gapni aytdi. Menga yoqmadi, chunki bu nohaq iddaodir. Men muxolifat vakiliman, yanada to’g’rirog’i, O’zbekistondagi mavjud tuzumga qarshi muxolifat harakatining vakiliman. Men rahbarlik qilayotgan “ERK” Partiyasi Ortiqov aytganday boshqa muxolifatchilarga hech qachon tosh otmagan va bundan keyin ham otayotgani yo’q. Albatta, Ortiqovga javob berish juda ham shart emas edi, lekin ortiqovlarga o’xshagan, o’zbek muxolifati haqida noto’g’ri tushunchada yurgan odamlar ko’payib borayapti, chamamda. Buning oldini olish uchun, hech bo’lmaganda bunga xalaqit berish uchun muxolifat nimayu, nima muxolifat emasligini bir og’iz siz bilan birgalikda mushohada qilmoqchiman. Mening nazarimda, “ERK” demokratik partiyasi chinakam muxolifat tashkilotidir. Sizning bu haqda boshqa fikringiz bo’lishi mumkin, ammo men shunday deb o’ylayman. Chunki O’zbekistonda yillarcha davom etgan terror va ta’qibga qaramay, tuhmat va shantajga qaramay, o’z prinsiplaridan voz kechmagan biror siyosiy tashkilot bo’lsa, bu “ERK” Partiyasidir. Siyosiy konyunkturaga aldanmay, o’ziga qarshi qaratilgan fisqu-fasodlarga javob bermay, faqat xalq orzu-umidlarini tilga keltirayotgan tashkilot ham “ERK” Partiyasidir. Bu xususiyatlari bilan “ERK” Partiyasi mavjud hukumatga eng jiddiy va eng munosib muxolifatdir. Agar shunday bo’lmasaydi, hukumat bizni faqat O’zbekistonda emas, chet elda ham ta’qib qilmagan bo’lardi. Biz besh yildir yurtdan chiqib ketdik, ammo O’zbekiston hukumati bizni hech unuta olmayapti. Qaysi davlatga borsak, o’sha joydan ham quvishga harakat qiladi. Axir, buning bir sababi bo’lsa kerak, o’rtoq Ortiqov. Bugun muxolifatni tanqid qilish qulay va xavfsiz. Uni tanqid qilish, hatto, foydali. Masalan, hukumatga xush ko’rinasiz, ishingiz yurishadi, ishingiz yurishmasa ham, hech bo’lmasa, sizga xalaqit berishmaydi. Ammo tanqid qilar ekan, adresni aniq aytish kerak. Men yuqorida muxolifat kim ekanini aytdim. Endi bilmaganlar bilsin deb kim muxolifat emasligini aytmoqchiman: muxolifat nomidan gapirib, muxolifatning obro’sini tushiradigan kimsa muxolifatchi emas. Deylik, falonchi xalq harakatidanman, deb o’sha harakatning ildiziga bolta uradigan odam muxolifatchi emas. Yoki o’sha xalq harakati nomidan gazeta chiqarib, gazetada xalq dardini aytish o’rniga, deylik, “ERK” Partiyasiga qarshi fisqu-fasod nashr qiladigan odamlar muxolifatchi emas. Yoki “ERK” to’g’risida O’zbekiston KGBsiga ma’lumot berib turadigan, chet ellarning idoralariga chaqimchi xabarnomalar tarqatib kun ko’radigan ichi qora kimsalarning muxolifatga hech qanday aloqasi yo’q. To’g’ri, ular Sovet davrining so’ngi yillarida muxolifat safida edilar, hatto totalitar bir davlatda plyuralizmning paydo bo’lishida ijobiy bir rol o’ynagan bo’lishlari ham mumkin. Ammo bir necha yildan beri, ular muxolifat niqobi ostida O’zbekiston hukumatiga yordam bermoqdalar. Diqqat qiling, 1991 yildan beri bu nomi ma’lum kimsalar haqida O’zbekiston matbuotida birorta ham tanqidiy maqola, nainki maqola, hatto biror satr ham bosilgani yo’q. Aksincha, O’zbekiston Prezidenti bu odamlarni O’zbekistonga qaytib kelishlarini taklif qilmoqda. Shuning uchun, muxolifat der ekan, bu farqni doim nazarda tutib gapirish kerak. Yakkabog’lik do’stimiz Ortiqov muxolifatga dashnom berar ekan, bizga “shaharma-shahar aylanib yurish joningizga tegmadimi, vatanga qayting endi”, deya xitob qiladi. Xuddi biz vatandan shaharma-shahar aylanish uchun sayohatga chiqqanday. Bu oshnamizga “sizga ham aylanish nasib qilsin”, deb duo qilish mumkin, ammo bu unga yomonlik tilash bo’lgan bo’lardi. Shuning uchun ham unga bunday sayohatlar sizga nasib qilmasin, deymiz. Muxolifatni bugun kuchi yetgan-yetmagan hamma tanqid qilayapti. Bu tanqidlarni eshitib, O’zbekistondagi bugungi qashshoqlik va safolatning ham, ma’naviy va ahloqiy tushkunlikning ham sababchisi davlat boshida turgan hukumat emas, o’z yurtidan uzoqda sarson-sargordon yurgan muxolifatchilar aybdor, degan be’mani xulosa chiqadi. Avvalo, xorijdagi muxolifatchilarni “mazza qilib yuribdi” deyish uchun juda shakkok odam bo’lish kerak. Muxolifatni tanqid qiladigan odam bunga avval ma’naviy haq qozonishi kerak. Muxolifat harakatining naqadar og’ir, naqadar fojiali bosqichlardan o’tgani va hamon o’tayotganini anglash uchun, hech bo’lmaganda, bu harakatning ichida bo’lish kerak. Nima emish, agar bugun saylov bo’lsa, Karimov 90 foyiz ovoz olarmish va buning sababchisi ham muxolifat emish. Bu bashoratni eshitib, ofarin! deysiz xolos. Birinchidan, kim qancha ovoz olishini bir Ollohu taola biladi, u kunlarga etkazsa, ko’rarmiz. Faqat, men o’ylaymanki, u kunlarga etkazsa, bugungi hukumatga uning bola-chaqasi ham ovoz bermasa kerak, deb o’ylayman. Chunki bu hukumatning kirdikorlari o’rtada. Hamma ko’rib turibdi. Umuman, og’aynimiz Ortiqovning tanqid qilish usuli menga yangi ko’rinmadi. Og’aynimiz ikki tarafga ham yomon ko’rinishni istamaydi. U xuddi muxolifat haqida qayg’urayotgan bir fuqaroday gapiradi. Ayni paytda, Karimovning to’qson foyiz ovoz olishini karomat qilib, zarur joylarga yog’ ham surkab qo’yadi... Men “Ozodlik” radiosi tinglovchilaridan uzr so’rayman, “Muhammad Solih nega bir kamtarin odamning kamtarin chiqishiga bu qadar ahamiyat berayapti, muxolifatni ozgina tanqid qilsa, nima bo’pti”, deyishingiz mumkin. Gap shunda-ki, O’zbekistondagi uzluksiz davom etayotgan iqtisodiy bo’hron, qashshoqlik, zulm va istibdod faqat iymoni zaif odamlarni emas, balki iymonli kishilarni ham munofiqlik qilishga majbur qilmoqda. Munofiqlik bizning jamiyatda keng tarqalgan ijtimoiy kasallikdir. O’zbekistonda 1992 yildan keyin ijtimoiy fikr o’ldi. Rasmiy axborat vositalari va rasmiy nashr markazlari e’lon qilayotgan nashrlarda O’zbekistonning haqiqiy ahvoli haqida birorta to’g’ri fikr yo’q. Keyingi uch yil ichida O’zbekiston nashriyotlaridan chiqqan kitoblarni varaqlab ko’ring. Ularning hammasida mutlaqo so’zboshi bor va so’zboshida albatta yurtboshi madh qilinadi. Bu madhiya bo’lmasa, istisnosiz, hech bir kitob bosilmaydi. Shunday bir mamlakatda qanday ijtimoiy fikr bo’lishi mumkin? Ba’zi odamlar bu diqqinafas havodan charchab, bir erkin nafas olay, deb ba’zi chet el radiolaridan, deylik, “Ozodlik” yoki “Bi-bi-si” radiosidan gapirishni istab qolishadi. Bu maqtovga sazovor istakdir, albatta. Ammo bizning odamimiz bechora “Ozodlik”da gapirayotib ham ozod bo’lolmaydi, ko’nglidagini to’kib sololmaydi, chunki ertasigayoq uyiga mirshab keladi. Rahbarlari “islomchilarni o’z qo’lim bilan otib tashlayman”deb turgan mamlakatda “Ozodlik”dan gapirish oson emas. Shuning uchun ham “Ozodlik”da chiqqan odam ko’ngli nozik hukumatni injitmaydigan shaklda gapirishga harakat qiladi. Buning yo’li oson - muxolifatni ozgina urib ketsangiz bo’ldi. Odamlarning bu mantig’ini bilganimiz uchun ham, biz muxolifatga qarshi tanqidlarning ko’piga javob bermaymiz. Faqat, yakkabog’lik tanqidchimizning so’zlari bizga juda ham tipik ko’rindi. Masalan, muxolifatning programmasi yo’q degan iddao Yakkabog’ xalqining iddaosi emas, Prezident Karimovning iddaosi. Lekin muxolifatning keng va jiddiy programmasi borligini Prezident ham, boshqalari ham biladi. Bu gaplarni aytar ekan, maqsadim, og’aynimiz Ortiqovga javob berish emas. Mening maqsadim - hali ham iymonini yitirmagan insonlarni o’sha eslatilgan xastalik - ijtimoiy munofiqlikdan saqlanishga da’vat qilishdir. Olloh bizga bu og’ir davrdan yorug’ yuz bilan chiqishni nasib qilsin!

MINTAQADAGI XAVF


Shu yil kuz oylarida Qirg’izistondan O’zbekistonga o’tishga harakat qilgan qurollangan guruh, ba’zilar aytayotganday, faqat 1992 yil Namanganda dindorlarga qarshi boshlangan Karimov terroridan qochgan odamlardan iborat emas. Bu guruh 1992 yildan boshlab, to 1998 yilgacha O’zbekistondagi zulmdan qochgan kishilardan iboratdir. Bu odamlar Arkadiy Dubnov kabi yolg’on-yashiqni o’ziga kasb qilib olgan muxbirlar yozganiday, bosmachi ham emas. Inson huquqlari himoyachisi Tursunboy Oxunovning aytishicha, bu odamlarning 60 foyizi oliy ma’lumotli kishilar. Qolganlari kosiblar, ish odamlari ekan.
Bular, o’zbek rejimining zulmi bo’lmasaydi, bu odamlar yurtidan quvilmasdi va tabiiy-ki, qo’liga qurol ham olmasdi va Qirg’iziston hududida turib, o’zbek diktatorlarining tushlariga kirib chiqmasdi. Demoqchimiz-ki, Qirg’izistonda vujudga kelgan tahlikali vaziyatdan, Tojikistondagi, O’zbekistondagi, boring-ki, butun O’rta Osiyoda paydo bo’lgan fuqarolar urushi boshlanishi xavfiga ma’sul bitta taraf bor: bu - O’zbekistondir. O’zbekiston hukumati yuritgan siyosat faqat O’zbekistonda emas, butun O’rta Osiyo davlatlarida istiqrorni xavf ostiga qo’ydi. Buni ko’ra-bila turib, o’zini demokratik sanagan ba’zi davlatlarning “mintaqadagi eng barqaror o’lka”, deya O’zbekistonni qo’llab-quvvatlayotgani kishini hayratga soladi.
Shuning uchun “mintaqadagi xavf” der ekan, urg’ularni, nuqtalarni joy-joyiga qo’yib gapirish lozim.
O’zbek muxolifati uchun masala kun kabi oydindir. Karimov rejimi O’zbekistonda hokim ekan, O’zbekistonda ham, O’rta Osiyoda ham hech narsa yaxshi tarafga o’zgarmaydi. Shundan xulosa qilamiz-ki, O’zbekistondagi totalitar rejimni qo’llayotgan ba’zi davlatlar ham O’zbekiston va O’rta Osiyoda biror narsaning o’zgarishini istamayaptilar. Va zulm ostida qo’liga qurol olishga majbur bo’lgan bu mazlum yigitlarni “bandit” deb atayotgan matbuot ham o’sha ikkiyuzlamachi davlatlarning nog’orachisidir.
Xullasi kalom, bugun O’rta Osiyo mintaqasidagi istiqrorga xavf solayotgan ikkita tahlika bor: birinchisi – O’zbekistondagi totalitar rejim, ikkinchisi - bu rejimni qo’llab-quvvatlayotganlar. Uchinchi bir xavf yo’q.

MAHKAMADAN AVVAL…


16 fevral rortlashlariga oid rasmiy ayblovning 30 sahifalik matn andozasini oldim. Unda kaminaga yo’naltirilgan ayblov - bosh aybdor qilib ko’rsatilishiga qaramay - bor-yo’g’i bir sahifaga jo bo’libdi. Va bu sahifa ham boshdan-oyoq yolg’on bilan to’ldirilgan. Mahkama obro’sini yanada pastroqqa tushirib yoboradigan yolg’on bilan to’ldirilibdi. Ayblovda yozilishicha, T. Yo’ldoshev boshchiligidagi besh kishi 1997 yil iyul oyi oxirida Istanbulda men va ukam Maqsud bilan uchrashib, O’zbekiston hukumatini ag’darib tashlash borasida kelishib olishgan. Bu iddaoning yolg’onligini isbot qilish juda oson: ukam Maqsud u paytda oilasi bilan Ukrainada edi, u Turkiyaga sentyabr oyida kelgan. Buning dalil va hujjatlari, tarafsiz guvohlari mavjud.
Men u paytda Turkiyada edim, ammo Yo’ldoshev bilan men 1997 yil may oyida uchrashganman. U biznikiga mening mehmonim Zelimxon Yandarbiev bilan tanishish uchun kelgandi. Men va ukam Maqsud bilan uchrashdi, degan odamlardan faqat T. Yo’ldoshevni bilaman va qolganlarini na ukam na-da men ko’rdik, na ismi-sharifini bilamiz.
Ayblovda men Yo’ldoshev bilan birga konstitutsion tuzumni ag’darib tashlashga kelishganligim haqida yoziladi. Buni hurmatli sud nima bilan isbot qilmoqchi? Unda, laoqal, bu kelishuvni isbotlaydigan mening ovozim yozilgan magnit lentasi bormi? Balki bu haqdagi maxfiy protokol bordir sizlarda? Agar shunday bir ashyoviy dalil, eng kichik bo’lsa ham birgina ashyoviy dalil topsangizlar, ishoning, sudga o’zim boraman. Gap shundaki, bunday dalil yo’q, chunki, bunday kelishuv yo’q. Shuningdek, mening tuzumni ag’darish uchun 1.6 mln dollar topishga va’da berganim, 80 ming dollarlik diniy adabiyotni Qozog’istonga ismini birinchi marta eshitayotganim Zokirov va Mamatqulovlarga yuborganim haqidagi gaplar ham kurakda turmaydigan yolg’ondir. Buni ham sud hech narsa bilan isbotlay olmaydi. Albatta, meni umrida ko’rmagan soxta guvohlar chiqib, “ko’rdim, u falon-fiston” dedi deyishi mumkin, ammo bu safsataga O’zbekiston Prezidentidan boshqa hech kimni ishontirish mumkin emas. Prezident ham ishongisi kelgani uchun ishonadi. Sizlar ham, janob mutasaddi shaxslar, bu ishning bizga qaratilgan katta tuhmat ekanligini bilasiz. Bu ayblovning jinoiy tamali yo’qligini, bu ayblov tamomila siyosiy mohiyatga ega ekanini bilasiz. Bilasiz-u hech narsa qilolmaysiz. Chunki, siz chiqarishingiz kerak bo’lgan biz haqdagi hukmni Prezident allaqachon chiqarib qo’ygan. Sizning ishingiz bu hukmni tasdiqlash xolos. Shunday ekan, mening sizlarga doshnom berish niyatim yo’q. Bu maktubni ham doshnom deb qabul qilmangizlar. Faqat 16 fevral portlashlarida 13 ta begunoh kishi halok bo’ldi va bu fojea qarshisida siz qanchalik qayg’urgan bo’lsangiz men ham shunchalik qayg’urganimga ishonishingizni istayman.
Portlashlar eng ko’p bizga zarar berdi, shunday bo’lishini bilaturib, bunday ishga qo’l urish darajasida johil emasligimizni ham bilishingizni istayman.
Bu portlashlarni kim uyushtirgani haqida mening o’z taxmin va gumonlarim bor. Ularni qog’ozga tushirib, sizlargaga yo’llayapman, bo’sh paytingizda fikr gimnastikasi uchun yarab qolar.
16 fevral provakatsiyasi orqasida turishi mumkin bo’lgan uchta muhtamal kuch bor: Birinchi kuch, bu Prezident boshchiligidagi guruh, to’g’rirog’i, hokimiyatning o’zi. Bunday gumon qilishga, yetarli bo’lmasa ham, ancha-muncha asos bor. Ilk asos o’laroq, bu voqea yuz bergan onda hukumatning o’zini tutishini ko’rsatish mumkin. Hukumat xuddi portlashlarni kutib turganday, fojea sabablarini darrov ayta boshladi. Eng muhimi, voqeaga hech ikkilanmay ”Prezidentga suiqasd” deya tashhis (diagnoz) qo’ydi. Vaholan-ki, portlashlarning suiqasd emasligi ochiq-oydin ko’rinib turardi. Chunki, kuppa-kunduzi Toshkentning qoq markazida, har santimetri mirshablar tomonidan nazorat qilinadigan hukumat binolari atrofiga portlovchi modda to’ldirilgan mashinalarni, bitta emas, ikkita emas, beshta mashinani olib borib qo’yishning hech iloji yo’q. Ularni faqat mirshablar yoki xavfsizlik xodimlarining o’zlarigina olib borib qo’yishi mumkin xolos.
Ikkinchidan, Prezidentning joniga qasd qiladigan vahhobiy yoki muxolifatchi bombani beshta joyga qo’ymaydi. Va ularni sayr qilib yurib, birin-ketin portlatmaydi. Avval bittasini, keyin ikkinchisini, yana keyinroq uchinchisini portlatadimi suiqasd qilgan kishi? Ya’ni, “ho’, janob yurtboshi, mana shu bombani portlatgandik, bu sizga tegmadi, endi ikkinchisini portlatayapman, yaqinroq keling, iltimos”, deydimi suiqasdchi? Suiqasd degan bir nuqtada, bir on, bir soniyada yashin tezligida qilinadigan harakatdir. Nima, buni Prezident va uning laganbardorlari bilmaydimi? Buni bugun bizni sud qilish uchun tayyorlanayotgan, huquq tojini kiygan hakamlar bilmaydimi? Hammasi biladi.
Gumonni kuchaytiradigan yana bir omil, avval ham e’tirof qilganimdek, hukumatning kelayotgan saylovlardan bizni uzoqlashtirish uchun bahona topishi muqarrarligi edi. Chunki, biz “ERK” Partiyasi o’laroq saylovlarda qatnashish uchun dunyo jamoatchiligiga murojat qilib, demokratik o’lkalardan ko’mak so’ray boshlagandik. O’sha murojatdan parcha keltiraman: “O’zbekistonda parlament saylovlari yaqinlashib kelmoqda. Mamlakatimiz kelajagi bu saylovlarning demokratik tarzda o’tkazilishi yoki o’tkazilmasligiga bog’liq. Bugungi rejim siyosiy hayotda hech bir o’zgarish istamayapti va jamiyatni demokratlashtirishga qaratilgan har qanday tashabbusni shavqatsiz bostirishda davom etmoqda. Albatta, bu rejim o’z hokimiyatini saqlab qolish va muxolifatni saylovda ishtirok etolmasligi uchun yana bir o’yin o’ylab topadi”.
Bu murojat ostida “22 dekabr, 1998 yil” sanasi turibdi. Va mening imzom bor. Ko’rib turibsiz, hukumatning muhtamal o’yinini biz kutgandik, ammo bu o’yin 16 fevral kabi qonli bo’lishini aslo kutmagandik. Men bu bilan portlashlarni hukumat qildi demoqchi emasman, men faqat gumonimni aytayapman.
Bu gumonni kuchaytiradigan yana bir nuqta shu-ki, “ERK” Partiyasi kelajak saylovlarni muhokamaga qo’ygan bir paytda, unga parallel ravishda 16 fevral provakatsiyasi ham tayyorlangani endi ma’lum bo’layapti. Masalan, 2 fevral kuni “ERK” Partiyasi kotibi Amerikaning “Milliy Demokratiya instituti” vakillari bilan uchrashib, saylovni va surgundagi muxoliflarni vatanga qaytarish haqida fikr almashgandi. Eng xayratlanarli tavofiq esa 16 fevral kuni bo’ldi. Xuddi o’sha bombalar birin-ketin portlayotgan daqiqalarda yana o’sha “ERK” kotibi va boshqa muxolif guruh vakillari “Interkontinental” otelida Ovrupo xavfsizlik va hamkorlik Tashkiloti tamsilchilari bilan uchrashib yana o’sha qarg’ish tekkan saylovlarni muhokama qilayotgandilar.
Hukumatga nisbatan gumonni kuchaytiradigan so’nggi va juda mantiqli ko’rinadigan nuqta shu-ki, 16 fevral voqealari hukumatdan boshqa hech kimga foyda keltirmadi.
Bu voqea hukumat uchun chinakam omad bo’ldi. Bu voqea sharofati bilan jazolashga bahona topolmay yurgani yuzlarcha o’zga fikrlini bir kunda qamoqqa oldi. Bu portlashlar tufayli bir necha yildan beri chet elda yurib, gazeta chiqarayotgan muxolifat a’zolari hech bir to’siqsiz tutib olib kelindi. Bu portlashlar tufayli hukumat o’z yuzidan har qanday axloqiy pardani sidirib tashladi va zulm o’tkazishda dunyoning hech bir diktatori orzu qilmaydigan bir miqyosga erishdi: endi u nafaqat muxolifatchi yoki dindorni, balki ularning xotinlarini ham, hatto mo’ysafid otasini, hatto oqsoch onasi-yu, norasida bolasini ham hech tap tortmasdan hibsga olishi va oyoq osti qilishga o’zini haqli hisoblay boshlagandi. O’zbekistonda “Agar bolalari taslim bo’lmasa, ularning muttaham ota-onalarini qamoqqa tashlang!”, degan buyruq mirshab boshlig’ining og’zidan chiqqani yo’q, buni aytgan odam bizning yurtboshimizdir. Hatto Stalin ham xalqqa bunchalik ochiq shantaj qilishga jur’at qilmagandi. Yurtboshini shunchalik jur’atkor qilgan yana o’sha 16 fevral portlashlari edi. Xo’sh, yurtboshining hukumatiga shuncha imtiyoz qozontirgan bu provakatsiyani kim uyushtirgan bo’lishi mumkin? Hukumatga bu yaxshilikni kim qilgan bo’lishi mumkin? Albatta, uni yaxshi ko’rganlar qilishi mumkin. Ammo hukumatni kim yaxshi ko’radi bugun? Harholda, uni uning o’zidan boshqa hech kim yaxshi ko’rmasa kerak. Shu sillogizm bilan hukumat haqdagi gumonni nuqtalasa ham bo’ladi.
Endi gumon qilinishi mumkin bo’lgan ikkinchi kuchga kelaylik. Bu kuch - mahalliychilardir. Ularni “klan” deb ham deb atashadi.
Bu kuch rus mustamlakasi davrida, keyin bolshevik-sovet mustamlakasi davrida, endi esa mustaqil-diktatorlik zamonida hukmdorlar tarafidan doim yollanma quvvat sifatida foydalanilib kelindi. Bu kuchning iqtisodiy poydevori doim mustahkam bo’lgan, bu poydevor mustaqillik davri anarxiyasi davrida yanada mustahkamlandi, chamamda. Uning qo’li uzun - Prezident saroyigacha uzanadi. Ta’sir miqyosi keng - xavfsizlik va huquq organlarida yuksak maqomlardagi odamlari mavjud. Faqat uning ikkita zaif joyi bor: siyosiy kaltabinlik va sotsial qo’rqoqlik. Shu bois, hech qachon mustaqil siyosiy kuchga aylana olmaydi. Siyosiy konyukturani his qilmaganidan mo’ljalni yanglish oladi va siyosiy liderlar va mafiya otalari o’rtasida sarson borib kelib yuradi.
Karimov hokimiyatga kelganida mahalliychilikka qarshi kurashishga va’da bergan edi. Uning hamma va’dalari kabi bu va’dasi ham puch chiqdi. Bugun O’zbekiston mahalliychilikning eng rivojlangan joyi. Karimov atrofida uning mahallasi jamul-jam bo’lgandir. Jumhuriyatning butun “yog’li” nuqtalari yurtboshi va uninig og’ynilari qo’liga topshirilgandir. Bunga qarama-qarshi albatta, toshkentlik mahalliychilar, vodiylik, qashqadaryolik, buxoralik va xorazmlik mahalliychilar ham o’z tirikchiligini ko’rish uchun jon-jahdi bilan kurash boshlagandir. O’rtada xalq, bechora xalq sarson. Yupun va qashshoq xalq. Mahalliychilar bu xalqning bir foyizini ham tashkil qilmaydi, ammo bu xalq yeyishi kerak bo’lgan nonning to’qson foyizini ular yeyishadi. Albatta, birinchi navbatda Prezident atrofidagi klan, so’ngra undan nariroqdagi, so’ngra undan ham nariroqdagi - har biri Prezidentga yaqinligiga proportsional ravishda xalq mulkini talon-taroj qilishadi.
Prezidentga mansub guruh juda haddidan oshsa, tovoqdagi ovqatning hammasini yeb qo’yib, qolgan guruhlarning “haqqiga” tajovuz qilsa, bu klanlar o’rtasida tahlikali vaziyatlar tug’diradi. 16 fevral provokatsiyasi shu talashuv oqibati bo’lishi mumkin. Klan bunday tahlikali o’yinga kirar ekan, uning oqibatlarini tasavvur qilgan, albatta. Prezidentning ilk o’laroq kimga hamla qilishi mumkinligini aniq hisoblagan. Ma’lumki, portlashlar bahonasida boshlangan repressiyaning asosiy zarbalari dindorlar qatorida siyosiy muxolifatga yo’naltirildi. Klan Prezident va uning klanidan qanchalik nafratlansa, muxolifatni ham shunchalik yomon ko’radi. Chunki, muxolifat mahalliychilikning dushmanidir. Milliy birlik himoyachisidir. Bu esa klan mafkurasiga zid. Klan uchun millat va uning birligi quruq safsata. Klan uchun pul va mansab - inson hayotining yagona va so’nggi maqsadidir. Mavjud diktatorlik rejimi uning ish faoliyatiga ko’proq mos keladi, chunki rejim ham klanchilik mafkurasiga tayanadi.
Agar 16 fevral provakatsiyasini klanlardan biri qilgan bo’lsa, u bu bilan bir o’qda ikki qushni urishni mo’ljallagan. Ya’ni, u Prezident zulmi bilan muxolifatni, xalq nafrati bilan Prezidentni yo’q qilish yoki, hech bo’lmaganda, zaiflatishni reja qilgan bo’lishi mumkin.
Albatta, bu fikrlarim ham bor-yo’g’ bir versiya, bir gumon xolos. Agar bu gumon ham yanglish bo’lsa, u holda uchunchi bir kuchni ko’z oldimizga keltirishga to’g’ri keladi. Buni qilish men uchun qiyin, chunki, uning kim bo’lishi mumkinligi haqida hech taxminim yo’q. U kim bo’lsa bo’lsin, agar portlashlarni qilgan o’sha bo’lsa, uning bu ishidan davlat organlari xabardor bo’lganiga shubham yo’q. Davlat organlari bu provokatsiyani boshdan-oyoq kuzatib turgan va aralashmagan (nega aralashmagani ham boshqa bir gumonga sababdir). Chunki, avvalroq aytganimdek, portlashlar yuz bergan maydonda davlat organlarining nazoratisiz hech narsa qilish mumkin emas.
16 fevral portlashlari haqidagi mening taxmin va gumonlarim qisqacha shulardan iborat. Albatta, haqiqatni yolg’iz Olloh biladi.(24.05.1999)


SOXTA GUVOHNING TUSHIRGAN QOVUNI


So’zimni taassuf bilan boshlamoqchiman, kecha xorijdan chiqadigan yana bir radioga interv’yu bergandim. Suhbatdan jamoatchilikka eshittirilishi lozim bo’lgan o’rinlar kesilib, dahanaki munozarani eslatuvchi bir parcha efirga berildi. Suhbatni tinglaganlardan uzr so’ramoqchiman.
Aslida, tuhmatga qarshi qisqa qilib ”bu tuhmat”, deya javob berish eng ma’qul uslub. Ammo ba’zi odamlarga bu hol g’alati ko’rinishi mumkin. Nega qisqa gapirayapti, bir narsani yashirayotganga o’xshaydi deb o’ylashlari mumkin. Agar uzun-uzun gapirsang bu odam nega cho’zayapti, o’zini oqlayapti shekilli, deb shubhalanishi mumkin. Bunday bir holatda tuhmatga qolgan odam har bir so’zini yetti marta o’lchab gapirishga majburdir. Men bugun tuhmatga qolgan odamman. Ba’zan o’z-o’zimga deyman-ki, ”hali ham ko’nikmadingmi, senga siyosatga kirgandan beri rang-barang tuhmatlar qilishdi, ortiq bunga ko’nikish payti kelmadimi”, deb tanbeh beraman, ammo hech ko’nikolmayman qizishaman, g’azablanaman.
Aslida bunga na qizishmoq, na da g’azablanmoq kerak. Bir totalitar davlat o’z dushmanini yo’q qilish uchun butun arsenalini ishga solayapti. Sen totalitar davlatning dushmanisan. Bunday davlatning siyosati, mafkurasi, sud va huquq organlari o’z dushmaniga qarshi kurashar ekan tuhmat va yolg’onga suyanmay nimaga suyanadi? Agar u adolatga va haqiqatga suyansa totalitar davlat bo’ladimi?
Agar adolatga va haqiqatga suyansa, sen bunday davlatga dushman bo’larmiding, deb o’z-o’zimga tarbiya beraman. Ammo navbatdagi, yangi tuhmat kelganda men takror g’azabdan o’zimni tutolmayman. Kecha o’sha radiodan gapirgan gaplarimda o’sha g’azab harorati bor edi. Men buning uchun vatandoshlarimdan uzr so’rayapman.
Vaholanki, Toshkentda bo’layotgan sud chiqarishi kerak bo’lgan hukm allaqachon chiqqan. Bundan ikki yarim oy avval Karimov bizga aybni qo’yib bo’lgan.
Bugungi sud deb atalayotgan bu masxarabozlarning tomoshasi o’sha chiqarilgan hukmdan boshqasini o’qimaydi. Bu ma’lum. Bu hukmni chiqarish uchun hukumat shu qadar shoshayaptiki, hatto soxta guvohlarning chiqishlarida aytilayotgan gaplarni nazorat ham qilmayapti. Masalan, kecha menga qarshi guvohlik bergan Asqarov shunday katta qovun tushirdiki, buni hukumat ham ko’tarolmaydi. Asqarov aynan shunday dedi: ”Men 1995 yilda Turkiyaga keldim va Muhammad Solih bilan tanishdim, Muhammad Solih meni Tehronga Tohir Yo’ldoshevning yoniga yubordi”, dedi bu odam.
Men prezident Karimovning talabi bilan 1994 yil oktyabr oyida Turkiyadan chiqarib yuborilganman. Va shu ketishda Germaniyaga ketganman. Va shu ketishda 1996 yil sentyabr oyigacha Turkiyaga kela olmaganman. Meni Turkiyadan chiqib ketishimga boshqosh bo’lganlar o’sha paytning Turkiya Bosh Vaziri Tansu Chiller xonim, Turkiya Prezidenti Sulaymon Demiral bo’lganlar va mening guvohlarim shular. Bundan tashqari mening eng sobit guvohim turk matbuotidir.
Turk matbuotining eng katta gazetalari mening 1994 yil oxirida chiqib ketganimni va ikki yil davomida Frankfurtda yashaganimni yozganlar.
Mening yana bir guvohim Prezident Karimovning dilkash maslahatchisi mening sobiq do’stim Murod Muhammad Do’st. U Prezidentning hohishi bilan Frankfurtda men bilan 1995 yilda ko’rishgan.
Yana bir guvohim o’sha 1995-1996 yillarda Olmoniyada O’zbekistonning Muxtor elchisi bo’lgan Sodiq Safoyev.
U mening ikki yil davomida Olmoniyadan tashqariga chiqolmayotganimni nazorat qilgan. Yana bir guvohim mening pasportim.
U yerda chegaradan kirish-chiqish tamg’alanadi. Nega men bularni uzundan-uzoq sanayapman? Chunki tuhmatning tuhmatligini isbot qilish juda qiyin. Men bu ishni qilmadim, deyishing mumkin. Ammo shunday zakiy odamlar bor-ki, chiqib qani bu ishni qanday qilib qilmaganingni isbot qilib berchi, deyishadi? Ana undan keyin siz ham bu ishni qanday qilib qilmaganingizni isbot qilishga majbur bo’lasiz. Bu kulgili ammo hayot haqiqati.
Agar bu Asqarov degan soxta guvoh chiqib, men 1995 yilda Muhammad Solihni ko’rganman, demasaydi, men o’sha ishni qanday qilib qilmaganimni isbotlashga ancha qiynalgan bo’lardim. Yaxshiyam-ki, Ollohning qonuni bo’yicha tuhmat va yolg’onning umri qisqa. Va bu haqiqatni bugun Toshkentda qo’shtirnoqlar ichida jarayon etayotgan sud o’zida namayon etmoqda.
Hozircha, Soxta guvohlarning men haqda aytgan boshqa yolg’onlariga izoh bermayman, chunki hali yuqorida aytganimdek, bu ishni qanday qilib qilmaganimga isbot topishim kerak.
InshoOlloh, bu isbotni ham tuhmatchilarning o’zlari yaqinda topib beradi.(“Ozodlik” radiosi, 06.06.1999)

…MAHKAMADAN SO’NG


Toshkentda 16 fevralda yuz bergan portlashlarni muhokama qilgan mahkama o’z ishini tamomladi, ammo hech bir savolga javob bermadi. Aksincha, bu mahkama savollarni yana ko’paytirdi.
Mahkamaning birinchi kuni ifoda bergan ayblanuvchi aynan shunday dedi: “Toshkentdagi portlashlarni bizga buyurgan odam Murodilla Qoziyev bo’ladi. U bizga amr berdi, biz portlatdik. Muradilla Qoziyev o’zining mustaqil ekanini, Tohir Yo’ldoshga bog’liq emasligini bizga aytgan.”
Lekin mahkamaning ikkinchi kuni shamol boshqa tarafdan esa boshladi. Ikkinchi kun mahkamada ifoda bergan Asqarov portlashlarni bevosita sodir qilgan shaxsning kechagi aytgan gaplarini unuttirishga harakat qilayotgani ko’rinib qoldi.
Sud raisining ham qiyin vaziyatga tushib qolgani uning ayblanuvchilarga qaratilgan ma’nisiz luqmalaridan bilinib turardi. Bombani portlatgan odamlar shu yerda edi, ular portlatishga buyruq bergan kishining nomini ham aytishdi. Lekin mahkama buni chekkaga qo’yib, butunlay teskari tarafga yo’nalishi kerak edi. Bu ”teskari taraf” portlashlarga hech aloqasi bo’lmagan muxolifat edi.
Zotan, 16 fevral mahkamasining hukumat belgilagan strategiyasida hadaf bombani portlatganlar emas, siyosiy muxolifat edi. Mahkamaning asosiy vazifasi haqiqatni yashirib, o’rniga yolg’onni qo’yish, uni ayblanuvchilarning qiynoq ostida bergan yolg’on ifodalari bilan bezab, hukm chiqarish edi. Ammo mahkamada birinchi bo’lib ifoda bergan ayblanuvchi bu planni chippakka chiqardi. U HAQIQATNI AYTIB QO’YDI.
Hukumat bundan dovdiradi va mahkama raisining ham, ayblanuvchilarning ham bir kechada po’stagini qoqdi.
Mahkamaning ikkinchi kuni bombani portlatganlar-u, unga buyruq berganlar chetga surilib, siyosiy muxolifat asos nishonga olindi. Muhammad Solihning diniy guruhlar bilan uchrashgani-yu, ularning nima gaplashgani, qanday taom yegani mahkamaning asosiy muhokamasiga aylandi. Lekin mahkamada hech kim o’rnidan turib, ”Xo’p, Muhammad Solih falonchi kishi bilan uchrashgan ekan, buning 16 fevral portlashlariga nima aloqasi bor?”, demadi. Yoki boshqa birisi turib, ”bombani portlatgan odamlar shu yerda, tirik, buyruq berganlarning nomini ular aytdi. Xo’sh, Muhammad Solihning bunga nima aloqasi bor?”, demadi.
Mahkama shu sassizlik fonida jarayon etdi va ayblanuvchilardan istagan ko’rsatmasini oldi. Lekin, shunga qaramay, ulardan hech biri ”Muhammad Solih portlashlarga buyruq berdi, yoki portlashlarni falonchi bilan kelishib oldi”, deb ayta olmadi. Qolgan barcha yolg’onlari uchun ularni afu etish mumkin. Qolaversa, ular aytgan yolg’onlar shu qadar beso’naqay, hech biri aqli salim inson bu yolg’onlarga ishonmaydi. Masalan, mening 1 million 600 ming dollar berishga va’da qilganim, 80 ming dollarl